O‘zbekiston | 23:17 / 24.10.2020
7773
3 daqiqa o‘qiladi

Energetika vaziri o‘rinbosari: Butun energetika tizimi investorlar tasarrufiga o‘tib ketmaydi

23 oktabr kuni «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida Energetika vazirligi hamda qator xalqaro moliya institutlari ishtirokida O‘zbekiston energetika sektorini yanada isloh qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston energetika sektoriga davlat-xususiy sherikchilik tizimi asosida bozor qoidalarini joriy etish bosqichlari haqida ma'lumot berildi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Behzot Normatov Kun.uz muxbirining “O‘zbekiston Rossiya va Xitoyga gaz eksportini avvalgi holatga tiklasa sohani xususiylashtirish jarayoni to‘xtab qolmaydimi?”, degan savoliga javob berdi.

"Bu yerda bozor bo‘ladi, biz import yoki eksportga bog‘lanib qolmaymiz, maqsadimiz shu. O‘zbekistonda shunday sharoit yaratamizki, agar investorlar xohlasa [gazni] O‘zbekiston bozoriga olib kelib sotishi mumkin. Balki Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan energiya resurslari bozorini yaratarmiz. Niyatlarimiz yaxshi, oldimizga qo‘yilgan maqsadlarimiz yuksak. Lekin agar biz shu narsani qiladigan bo‘lsak, davlatimizga faqat xomashyoni sotish ortidan pul kelmaydi. [Resurslarni] chuqur qayta ishlashlarni tatbiq qilamiz. Mana, misol uchun Germaniya, Yaponiya va Koreyada o‘zining gazi yo‘q, Xitoyga esa o‘zi ishlab chiqargan gaz kamlik qiladi, u dunyodagi eng katta importyorlardan biri hisoblanadi. Lekin ular shunday sharoit yaratganki, ularda raqobatbardosh bozor bor - hamma u yerga o‘z mahsulotini olib kelib sotishi mumkin. Bizda ham shunga o‘xshash tizim yaratiladi. Bundan faqat davlat manfaat ko‘rmaydi, balki aholi ham manfaat ko‘radigan shaffof tizim bo‘ladi.

Shuning uchun bu ishlar faqatgina bizning Energetika vazirligi emas, boshqa vazirliklar, o‘z davlatlarida shunday ishlarni amalga oshirgan xorijlik ekspert va maslahatchilarni jalb etgan holda qilinadi.

Shuningdek, Behzot Normatov energetika tizimini xususiylashtirish jarayonida xorijiy va mahalliy investorlarga bir xil sharoit yaratilishini, ulardan qaysi biri davlat uchun eng maqbul taklifni bersa o‘shalar tanlanishini ta'kidladi. Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, butun tizim investorlar tasarrufiga o‘tib ketmaydi, davlat strategik nuqtalar, magistral gaz quvurlari va magistral elektr liniyalarini o‘zida saqlab qoladi.

Mavzuga oid