Jamiyat | 20:32 / 02.11.2020
30948
8 daqiqa o‘qiladi

Ibn Sino byustiga «fors faylasufi» deb yozilishi qanchalik to‘g‘ri? - tarixchi bilan suhbat

Ikki yil avval Ispaniya poytaxtida, Madrid avtonom universiteti talabalar shaharchasi oldida Eron elchixonasi sovg‘asi sifatida Abu Ali ibn Sino byusti o‘rnatilgan edi. Byustdagi toshlavhaga fors shifokori va faylasufi, deya bitilgan edi.

Madrid avtonom universiteti talabalar shaharchasidagi Abu Ali ibn Sino haykali / Foto: Kun.uz

Bunday holatlarni ko‘p uchratish mumkin. Jahon bo‘ylab Sharqning turli allomalariga haykallar, yodgorliklar o‘rnatilgan va har birida turli bitiklar bor – allomalarga da'vo qiluvchilar ham yetarli.

BMTning to‘rtta asosiy ofisidan biri – Avstriya poytaxti Venadagi qarorgohi oldida o‘rnatilgan to‘rt alloma majmuasini olaylik. Unda Abu Ali ibn Sino, Umar Xayyom, Abu Rayhon Beruniy va Zakariyo ar-Roziy haykallari ayvonchada o‘tirgan holatda barpo etilgan. Eron hukumati BMTga taqdim etgan monument lavhasida to‘rt alloma Eron mutafakkirlari ekani yozilgan.

BMTning Venadagi qarorgohi / Foto: Wikipedia
Foto: Wikipedia

Tarixdan chuqur bilimi bo‘lmagan istagan kishida savol tug‘ilishi tabiiy: nega eronliklar bizning bobolarimizni «o‘ziniki qilib olyapti»? Umar Xayyom va Zakariyo ar Roziyni fors allomalari deb bilamiz, lekin Beruniy va ibn Sinoni bizga bolaligimizdanoq bizning bobolarimiz, deb o‘rgatishgan-ku. Mana shu joyda e'tibor qaratish lozimki, «bizniki» – kengroq tushuncha.

Beruniy, ibn Sino, Forobiy, Naqshbandiy, Yassaviy, Kubro, Lutfiy, Jomiy, Navoiy, Bobur, Fuzuliy kabi, biz «bizniki» deb hisoblaydigan allomalar aslida «kimniki»? Va savolni bunday qo‘yishning o‘zi qanchalik to‘g‘ri?

Biz shu mavzuda tarixchi olima, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimasi Nigora Qoriyeva bilan suhbatlashdik.

– Biz ajdodlarimizni birovdan qizg‘anishimiz tabiiy. Shunday taassurot borki, bu ketishda hatto Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ham ertaga «bizniki» bo‘lmay qolishi mumkindek... Ibn Sinoni Eron o‘ziniki deyishi qanchalik to‘g‘ri?

– Ibn Sino 980 yil Buxoroda, Afshona qishlog‘ida dunyoga kelgan. Ko‘pchilikka ma'lum, Buxoro aholisi forsiyzabon va tojikzabon hisoblanadi. Ko‘pchilik eroniylar Buxoroga Amir Temur davrida kelib qolgan deydi. Aslida ularning bu yerga kelib o‘rnashish tarixi bundan ham uzoqroqqa, Kir, Doro davriga borib taqaladi.

Bu migratsion jarayon to‘xtab qolmagan: Eron savdogarlari Buyuk ipak yo‘li orqali Buxoro, Samarqandga kelib, bu yerdan boshqa mintaqalarga ham yoyilgan. Markaziy Osiyo tarixida eroniylarning ahamiyati katta. Bevosita bizning tariximiz istasak-istamasak eroniylar, ahamoniylar tarixiga borib taqaladi.

Shuning uchun ajdodlarimizni faqat bizniki deb atash ham xudbinlik bo‘lib qolishi mumkin. Chunki Markaziy Osiyoda faqatgina o‘zbeklar yashamagan. O‘zbek atamasi ancha yangi bo‘lib, Shayboniylar davrida paydo bo‘lgan. Ba'zi tarixchilar uni mo‘g‘ullarga taqaydi, lekin men ko‘proq Shayboniylar sulolasi bilan bog‘liq deb hisoblayman.

Ibn Sinoga kelsak, u nafaqat bizning mutafakkirimiz, balki bashariyat dahosi sanaladi. Beruniy, Naqshbandiy, Najmiddin Kubro, Ahmad Yassaviylar ham xuddi shunday deyish mumkin.

Nigora Qoriyeva

Ammo aynan Eronning nafaqat Markaziy Osiyoda yashab o‘tgan allomalar, balki boshqa turkiy va arabiy mutafakkirlarning ham byustini o‘rnatib, unga «fors allomasi» deya yozuv bitishi meniki deb da'vo qilishdek ko‘rinadi...

– Eron so‘zi oriylar so‘zidan kelib chiqan bo‘lib, oriylar mamlakati degan ma'noni bildiradi. Oriylar juda ham qadimgi xalq hisoblanadi. Ularning kelib chiqish tarixi hali ham oxirigacha o‘rganilmagan. Ularni hatto nemislar, slavyanlarga ham bog‘lab ko‘rishdi. Lekin shunisi aniqki, oriylar Markaziy Osiyoda ham istiqomat qilishgan. Ular bu yerga ahamoniylar va doriylar davridan ham oldin kelib o‘rnashishgan. Chunki biz bir necha savdo yo‘llari chorrahasida joylashganmiz. Shuning uchun biz xohlasak-xohlamasak, Eron bilan chambarchas bog‘liqmiz.

VII asrda arab istilosi bo‘lgandan keyin, mahalliy eroniy va turkiy xalqlar islomni qabul qilgan va din barcha millatlarni birlashtirgan.

U holda, Markaziy Osiyo savdo yo‘lining muhim chorrahasida joylashgani sababli bu yerdagi xalqlarni Xitoy, Eron, arablar, mo‘g‘ullar, oltoy, slavyanlar kabi bir necha millatlar va xalqlarning mujassamoti deyish mumkinmi?

– Yo‘q, mujassamoti deyolmaymiz, chunki har birimizning originalligimiz bor. Har bir xalqning o‘zaro chatishuvi, kelib chiqishi bor, lekin til bir xil. Biz turkiylarga taalluqli hisoblanamiz, lekin shu bilan birga eroniylarning ta'sirini ham tag-tomiri bilan chiqarib tashlolmaymiz. Xuddi ozarboyjonlar kabi.

Eronning bir katta xatosi – islomgacha bo‘lgan tarixidan voz kechganligi. Eroniy shohlar davrida oriylarga taalluqli, Doro va ahamoniylarning ramzlari aks etgan pullar ham chiqqan. Biroq ular 1970-yillarda islom inqilobidan keyin, kofirlarni haydaymiz deb Yevropadan kelgan hatto elchi va ularning oilalarini ham haydab, hatto ayrim holatlarda qatl etishgan. Inqilob natijasida ular islomgacha bo‘lgan tarixini o‘chirib yuborgan. Xalq o‘z tarixidan kechishi o‘zini unutishini anglatadi.

Ibn Sino haykali, BMTning Venadagi qarorgohi / Foto: Wikipedia

– Mutafakkirlar tug‘ilgan, yashagan, vafot etgan joyi yoki asosan ijod qilgan tilidan kelib chiqib, qaysidir xalq ularni o‘zimniki deyishi qanchalik to‘g‘ri?

– O‘zimniki emas, barchamizniki. Qomusiy arbob bo‘lgandan keyin u barchaniki bo‘ladi, ular tarixni o‘zgartirgan.

Dadam bir tarixiy misol aytgandilar. Har bir asrda bittadan buyuk arbob keladiki, jahon tarixini o‘zgartiradi. Lekin o‘sha davrning renessans deyilishga sabab – bir necha arbob dunyoga kelganida bo‘lgan. Dunyo tarixi sezilarli o‘zgarishga uchragan, ya'ni ham dunyoviy, ham diniy bilim, madaniyat, ilm-fan gullab-yashnagan.

Bir xalqning ilm-fandagi yutug‘i ko‘plab yangi kashfiyotlarga sabab bo‘ladi. Geografik kashfiyotlar ham bundan mustasno emas: yangi qit'alar ochilishi faqat yevropaliklarning yutug‘i emas, axir ular bunda Farobiyning kashfiyotlari, Farg‘oniyning astrolyabiya yaratish ustidagi izlanishlaridan ham foydalanishgan.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid