
Bugun turli sohalarda yetarlicha muammolar bor. Ana shu muammolarning ba'zilariga tuman mutasaddilari tugul, viloyatdagilar aralashsa ham yechilmasligi mumkin. Bunga sabab, ayrim muammolarni hal qilish uchun «yuqoridan» mablag‘ ajratilishi kerak. Ayrim muammolarga esa mablag‘ topish cho‘t emas, shunchaki o‘sha «yuqoridan» qandaydir qaror chiqarilishi kerak bo‘ladi. Ba'zi muammolarga esa kichik bir e'tibor ham yechim bo‘ladi. Samarqand viloyati Urgut tumanida ana shunday ko‘lami jiddiy, ammo kichik bir e'tibor bilan yechsa bo‘ladigan muammo bor...
Chindan Urgutdagi muammo tuman doirasida hal qilinadigan ish aslida. Ammo bir necha yildan beri hech bir mutasaddi «karnaychidan bitta puf ekan-ku», deb muammoni hal qilishni zimmasiga olmayapti. Ammo surishtiruvimiz davomida ana shu «kichik muammo»ning yechimi anchayin murakkab ekani ham ma'lum bo‘ldi.
Gap shundaki, Urgut shahrida joylashgan tuman markaziy shifoxonasining odamlar uchun eng shoshilinch holatlarda kerak bo‘ladigan ikkita zarur bo‘limi – tug‘ruq va tez tibbiy yordam bo‘limlariga kirib chiqadigan yo‘lning bir qismi juda tor.

Bundan tashqari, bu yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi ham yo‘q. Shu sababli bu yerdan o‘tib-qaytayotgan odamlar avtomobil yo‘lidan harakatlanishga majbur. Oqibatda haydovchilar piyodalarning o‘tib ketishini kutib qolishi ortidan ortiqcha tirbandlik yuzaga kelmoqda.
Bu yerda piyodalar yo‘lakchasi yo‘qligiga sabab shuki, yo‘lning bir tomoni tuman markaziy shifoxonasi tomonidan panjara bilan o‘rab olingan. Ikkinchi tomoni esa uylar va savdo do‘konlari bilan tutashib ketgan. Xullas, bir parcha ko‘cha mashinalarga ham, odamlarga ham xizmat qilmoqda.

Muammoni o‘rganish jarayonida shu yo‘ldan o‘tib qaytayotgan odamlar bilan ham gaplashdik. Ularning aytishicha, oxirgi yillarda Urgut tumanida sog‘liqni saqlash sohasida ko‘plab yaxshi ishlar qilingan. Tuman markaziy shifoxonasida qator bo‘limlar, jumladan, tug‘ruq va tez yordam bo‘limlari yangidan qurilgan hamda yangi tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Boshqa bo‘limlar ham kapital ta'mirlangan. O‘tgan yil yuqumli kasalliklar bo‘limi uchun yangi bino qurilib, ishga tushirilgan.
Avvallari tuman aholisining aksar qismi sifatli tibbiy xizmat uchun viloyat markaziga yoki poytaxtga borishga majbur bo‘lgan. Bugun yangilangan tuman markaziy shifoxonasida ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Bu yerda turli operatsiyalar ham o‘tkazilmoqda. Qisqasi, urgutliklar tuman markaziy shifoxonasidagi shart-sharoitlar va tibbiy xizmatdan norozi emas. Ammo tez yordam va tug‘ruq bo‘limiga o‘tadigan yo‘ldagi holat ko‘pchilikni sarson qilmoqda. Shu uchun ham biz bilan suhbatlashganlarning aksariyati mazkur yo‘lda piyodalar yo‘lakchasi ochib qo‘yilsa, maqsadga muvofiq bo‘lishini bildirishdi.














