O‘zbekiston | 20:42 / 03.11.2020
11398
3 daqiqa o‘qiladi

Andijon va Xorazmda aholi uchun mo‘ljallangan ko‘mirni sotib yuborgan mansabdorlar aniqlandi

Shahrixondagi ombor mansabdorlari aholiga yetkazilishi lozim bo‘lgan 24,3 tonna ko‘mirni 12,1 mln so‘mga sotib yuborgani aytilmoqda. Yangiariqda esa 38,9 tonna ko‘mir 13,6 mln so‘mga sotilgan.

Andijon va Xorazm viloyatlarida ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilinishining oldi olindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va DXXning Shahrixon tumani bo‘limlari IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Unda «HOWO» rusumli yuk mashinasi haydovchisi Z. hech qanday hujjatsiz ko‘mir mahsulotlarini olib ketayotgani aniqlangan.

«Holat bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruvda «O‘zbekko‘mir» AJning «Andijon ko‘mir yetkazuvchi» filiali Shahrixon tumani ombori mansabdor shaxslari aholiga yetkazilishi lozim bo‘lgan arzonlashtirilgan 24,3 tonna ko‘mirni 12,1 mln so‘mga sotib yuborganliklari fosh bo‘lgan», – deyiladi xabarda.

Xuddi shunday, Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, «Ko‘mir ta'minot» MChJ Xorazm viloyati filialiga qarashli Yangiariq tuman ko‘mir ombori mudiri R.A. va operatori D.J.lar aholiga yetkazilishi lozim bo‘lgan arzonlashtirilgan 38,9 tonna ko‘mirni 13,6 mln so‘mga «R.» MChJga qarashli pishgan g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonaga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalil bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

  • Eslatib o‘tamiz, oktabr oyi oxirida Samarqand viloyati Toyloq tumanidagi 30-bog‘cha xodimlari «ko‘mir tappi» (qo‘lbola briket) qilayotgani surati tarqalgan, bu ijtimoiy tarmoqlarda ko‘mir sifati va bu tizimdagi korrupsiya mavzusini kun tartibiga chiqargandi.
  • Maktabgacha ta'lim vazirligiga ko‘ra, ushbu bog‘chaga 11 tonna ko‘mir keltirilgan bo‘lib, uning 400-500 kilogrammi mayda va sifatsiz bo‘lgan. Vazirlik bog‘cha xodimlari ushbu maydalangan ko‘mirni «uvol qilmaslik maqsadida o‘z ixtiyorlari bilan» briket yasaganini bildirdi.
  • «O‘zstandart» agentligi ko‘mir sifati yuzasidan Departament bilan hamkorlikda o‘rganishlar o‘tkazilgani, 8ta holatda ko‘mir va briket sifati talabga javob bermaganini ma'lum qildi.
  • «O‘zbekko‘mir» bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yakubov holatga izoh berar ekan, ko‘mirni ombordan olish paytida muassasa rahbarlariga mahsulot sertifikati berilishi, agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa olmaslik kerakligi, briketlar ishlab chiqarilganidan keyin 3-4 kun quritilishi kerakligini aytdi.

Mavzuga oid