Jamiyat | 23:29 / 04.12.2024
2827
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda aholiga tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotgan ombor mudiri ushlandi

U ombor qorovuli bilan ehtiyojmand oilalarga imtiyozli narxlarda tarqatilishi kerak bo‘lgan ko‘mirni fuqaroga sotib, 28 mln so‘m olganida qo‘lga tushgan.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Samarqand viloyatida imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni sotayotgan ombor mudiri va qorovuli ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Qayd etilishicha, departamentning Samarqand viloyati boshqarmasi va DXX xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda «Ko‘mirta’minot» MChJning Samarqand filiali «Maroqand» ko‘mir ombori mudiri J.P soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli narxlarda tarqatilishi lozim bo‘lgan 50 tonna ko‘mirni fuqaro A.A.ga 37,5 million so‘mga sotishga kelishgani aniqlangan. Mudir shundan 13,2 tonna ko‘mirni ombor qorovuli X.J. yordamida yetkazib berib, kelishilgan pullar hisobidan 28 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan oldin Surxondaryoda aholiga tarqatilishi kerak bo‘lgan 1 400 tonna ko‘mir talon-toroj qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ko‘p miqdordagi ko‘mir ombor mudiri tomonidan ko‘mirfurushlarga sotib yuborilgan.

Mavzuga oid