Qarorga muvofiq, Xalq ta'limi vazirligi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan birgalikda hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, aholining qiziqishi va xohish-istaklaridan kelib chiqib, umumta'lim maktablarini kamida bittadan ustuvor, istiqbolli, rivojlanayotgan, shu jumladan milliy sport turlariga ixtisoslashtiradi;

umumta'lim maktablarining sport turlariga ixtisoslashuvidan kelib chiqib, ularning har birida har oyda kamida bitta sport turi bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazilishini ta'minlaydi.

2021 yildan boshlab 22 sentyabr respublika bo‘yicha “Avtomobilsiz kun” sifatida e'lon qilindi hamda shu kuni shaxsiy avtomobilda harakatlanishdan ixtiyoriy ravishda voz kechish (maxsus texnikalar, taksi va yetkazib berish hamda tibbiy tez yordam uchun xizmat ko‘rsatadigan texnikalar, jamoat transportlari bundan mustasno) tavsiya etildi.

Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

a) ikki oy muddatda piyodalar o‘tish yo‘laklarida yo‘l-transport hodisalarining sonini keskin qisqartirish, shuningdek, aholining piyoda yurishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida barcha ko‘chalarda o‘rnatilgan svetoforlarning ruxsat beruvchi chiroqlari vaqti oralig‘ini xalqaro standartlar asosida qayta ko‘rib chiqib, piyodalar o‘tish yo‘laklarida, shu jumladan, tartibga solinmagan serqatnov piyodalar va velosipedda harakatlanuvchilar uchun o‘tish yo‘llarida maxsus svetoforlar (tugmachalar orqali boshqariladigan) o‘rnatilishini, piyodalar o‘tish joylarining (zebra) xalqaro tajribadan kelib chiqib tashkil etilishini ta'minlaydi;

b) 2021 yil 1 aprelga qadar mahallalar, qishloqlar, tumanlar, shaharlardagi piyoda va velosipedda yurish uchun mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari”ga avtomobil qo‘yishni taqiqlovchi belgilarni, yo‘laklarning boshlanish qismiga avtomobillarning harakat qilishining oldini olish maqsadida maxsus to‘siqlarni o‘rnatadi, bunda to‘siqlar piyoda yurish va velosipedda harakatlanishga xalaqit bermaydigan bo‘lishi inobatga olinadi.

v) piyoda va velosipedda yurish uchun mo‘ljallangan “Salomatlik yo‘laklari”da avtomobil harakatlanishini va u yerga avtomobil qo‘yib ketishning oldini olish nazoratini kuchaytiradi hamda bu ishlarni doimiy ravishda amalga oshiradi;

g) Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda o‘quvchilar va talabalar o‘rtasida velosipedda to‘g‘ri harakatlanish, belgilangan yo‘laklardan tashqarida harakatlanmaslik, yo‘l qoidalariga qat'iy rioya qilish bo‘yicha umumta'lim maktablari, professional va oliy ta'lim muassasalarida yo‘l harakati xodimlari ishtirokida dars o‘tish hamda o‘quv qo‘llanmalar va bukletlar tayyorlab o‘quvchi va talabalarga tarqatish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilaydi.