Ishtixon bozoridagi muzqaymoq do‘konda yashayotgan ona-bola: ular hokimlik uchun shunchaki «boshog‘riqmi»?
Eni bir yarim, uzunligi ikki metr keladigan muzqaymoq do‘konida 42 yoshli ona va uning 15 yoshli o‘g‘li yashayotganiga ishona olasizmi? Ajablanmang, Ishtixon tumanida mana shunday holatga tushganlar bor.
Gulmira Abduxalilova bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, hech narsasiz ko‘chada qolgan. Nikoh norasmiy ekani, qolaversa, qonun-qoidalar, er-xotin o‘rtasidagi mulk tushunchalaridan mutlaqo bexabar ayol bugun bu masalalarda hech kimga da'vo qila olmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, sobiq turmush o‘rtog‘idan keladigan yordamdan umid yo‘q. U haqdagi gaplar endi «eski tarix». Erkakning o‘z muammolari bor.
Ayol yillar davomida ijara uylarda yashab yurgan. Pandemiya davrida mehnat qilib daromad topishning mutlaqo imkoni qolmagach, yumshoq qilib aytganda, ijara uydan «quvilgan».
«Och qoldingmi bozorga, ko‘zingni yog‘ bosdimi mozorga bor», deyishadi. Gulmira opa ham shunday qildi – bozorga borib bir necha kun ochiq ayvon ostida o‘g‘li bilan tunab qoldi. Sekin-asta karantin cheklovlari yengillashgach, dehqon bozorda yana savdo-sotiq boshlandi. Ho‘l meva savdosi bilan shug‘ullanadigan xotin-xalajlar voyaga yetmagan farzandi bilan bozorda tunab qolayotgan ayolga rahmi keldi, «noniga sherik qilishdi». O‘zlari olib kelib sotadigan ho‘l mevalarni Gulmira opaga arzonroq narxda, nasiyaga berishdi. Ayol esa o‘g‘li bilan birgalikda bozorchi ayollardan olingan mahsulotning ustiga ozroq foyda qo‘yib, kun kechira boshladi.
Muzqaymoq savdosi biroz yengillashgan tadbirkor o‘z do‘konini ona-bolaga berdi (Issiq kunlar kelguncha albatta). Ayni kunlarda, bir muddat oldingi achchiq sovuqda ham ular dehqon bozor ichidagi shu do‘konda jon saqlashdi. Qo‘lbola isitkich pechdan foydalanishadi. Bu do‘kon kunduzi omborxona, kechasi ularga boshpana vazifasini o‘tamoqda.
Hammom va hojatxona muammosini esa tasavvur qilavering...
Darvoqe, gap ayolning nochorligida emas. Aytmoqchi bo‘lganimiz, uning shu ko‘yga tushishiga sabab bo‘lgan boshqa omillarda. Hokimlik va boshqa idoralarning mana shunday sharoitda yashab kelayotgan ayolga bo‘lgan munosabatida ham.
Bundan bir necha yil oldin ayol mashaqqat bilan yiqqan puliga tuman markazidan yer sotib olgan. Amallab, yaxshilar ko‘magi bilan ana shu yerga uy solish uchun poydevor ham qurgan. Ammo ma'lum vaqt o‘tib, Ishtixon tumani hokimligi vakillari ayolga bu yerda qurilish qilish mumkin emasligini aytgan. Ayolning uy uchun qurgan poydevorini maxsus texnika bilan buzib tashlashgan.
Sodda, mutlaqo qonun-qoidalarni bilmaydigan ayol shunchaki taqdirga tan bergan: «Demak, uyim noqonuniy joyda ekan».
Qizig‘i, uning qo‘lida shu joyni sotgan odamning nomiga amaldagi hokim Shuhrat Negmatov tomonidan berilgan egalik huquqini tasdiqlovchi qaror bor. Oldi-sotdi shartnomasi notarius bilan tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, uyni sotgan odam yozma ravishda bu oldi-sotdi haqida tilxat bergan. Mahalla ham buni tasdiqlagan. Ammo ayol pulidan ham, yerdan ham ajralib qolib ketavergan. Va biz guvoh bo‘lgan sharoitda yashashga majbur.
Uning holatiga achinadigan va o‘z vaqtida huquqiy (moddiy demayapmiz) yordam ko‘rsatishni istaydigan tashkilot vakili topilmagan. Holbuki, uning qo‘lida ozroq mablag‘i bo‘lsa-da, shu ahvolga tushgandi.
Xo‘sh, ayol sotib olgan yerdagi poydevor qaysi hujjatga asosan buzib tashlandi? Unga yerni sotgan shaxs taqdim etgan hokim qarori haqiqatan ham shu yerga tegishlimi? Agar shunday bo‘lsa, nega kompensatsiya masalasi hal etilmay buzilgan. Agar rostdanam noqonuniy qurilgan bo‘lsa, nega o‘z vaqtida hokim qarori chiqqan u yerga? Yoxud yerni sotgan odam boshqa joyga tegishli hujjat bilan ayolni aldab pulini olgan bo‘lsa, nega firibgarlik holatiga baho berilib, ayolga puli qaytarilmagan? Ana shu savollarga javob olish maqsadida tuman hokimligida bo‘ldik.
Hokimlik vakillari ayolning qanday sharoitda yashayotganidan xabardor ekan. Xabardor, ammo hech kim masalani biror marta chuqur o‘rganib chiqmagan. O‘rganmagan deyishimizning sababi – hokimlikda birov yuqoridagi savollarga aniq javob bera olmadi.
Ochig‘i, bu holat bizni taajjubga soldi. Chunki yuqoridagi kabi og‘ir sharoitda yashayotgan oila O‘zbekistonda kam topiladi. Ishtixondagi holat ham hokimlik allaqachonlar o‘rganib chiqsa bo‘ladigan vaziyat edi. Gulmira Abduxalilova esa hokimlik muassisligidagi mahalliy gazeta unga gaz plita va boshqa maishiy texnikalar berilgani, u noshukrlik qilayotgani haqida maqola e'lon qilganini aytdi. Aslida, o‘sha jihozlar ham berilmagan ekan.
Gulmira opaning sharoiti haqida tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Umid Islomov hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim maslahatchisi, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Nilufar Yavg‘ochova bilan suhbatlashdik. Shundan so‘ng mutasaddilar bir sutka ichida ayol sotib olgan yerning egaligiga aniqlik kiritish, unga ko‘rsatilgan ijtimoiy yordam haqidagi ma'lumotlarni taqdim qilishlarini bildirishdi. Harqalay, ona-bolaning og‘ir sharoitda yashayotganini inobatga olsak, ularning bu mushkul vaziyatdan qancha tez chiqishi hokimiyatdagilarni ham tashvishga soladi, degan o‘yda bo‘ldik.
Ammo shu bilan hokimlik bu «boshog‘riq» ayol taqdirini yana esdan chiqarib yuborishini kutmagandik. Vaziyatga aniqlik kiritilmadi, aslida, gap nimada ekanligi ham ma'lum bo‘lmadi. Hokimlik axborot xizmatiga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz esa javobsiz qoldi.
Na hokimning o‘rinbosar-u maslahatchisi, na axborot xizmati aniq ma'lumotni taqdim etdi.
Mazkur holatdan so‘ng, ishtixonlik ayolning nega bu ahvolga tushgani sababi ham biroz oydinlashganday bo‘ldi: shunchaki, Ishtixonda insonning qadr-qiymati past ekan.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbirlari.
P/S: Maqola tahririyatga topshirilgach, Ishtixon tuman hokimligi axborot xizmati Gulmira Abduxalilova haqida ma'lumot tashlab berdi. Taqdim qilingan ma'lumotga ko‘ra, 5-26 may kunlari unga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan, «Temir daftar» ro‘yxatida turgani uchun 220 000 so‘mdan pul mablag‘i ajratilgan, 2020 yilning mart-oktyabr oylarida 376 ming so‘mdan moddiy yordam berilgan. Shuningdek, dehqon bozorda savdo-sotiq bilan shug‘ullanishi ko‘rsatilgan. Ayolning qanday sharoitda yashayotgani haqida bir og‘iz ham ma'lumot berilmagan.
Darvoqe, Gulmira Abduxalilovaning qo‘lidagi yerga egalik qilishga oid hokim qarori haqida ham gap-so‘z yo‘q.
Mavzuga oid
10:15 / 23.11.2024
Toshkentda uy-joyga investitsiyalar daromadliligi tushib bormoqda
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024