O‘zbekiston | 17:11 / 25.12.2020
9690
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu iqtisod uchun keyingi yilda ham xatarli». Moliya vaziri gaz eksporti kamaygani budjet uchun sezilarli yo‘qotish bo‘layotganini aytdi

Moliya vaziri Timur Ishmetov 2020 yilda O‘zbekiston budjeti uchun salbiy ta'sir ko‘rsatgan omillardan biri gaz eksportining keskin kamaygani bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan Yoshlar forumi doirasidagi uchrashuvda Moliya vaziri Timur Ishmetov gaz eksporti va mahalliy iste'molchilar uchun tanqis bo‘layotgan yonilg‘i bo‘yicha mulohazasini bildirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Neft narxi pasaygani tufayli gaz eksporti kamaygan. Va bu O‘zbekiston budjeti uchun judayam sezilarli yo‘qotish bo‘ldi. Senatda hisobot berganimda, keyingi yil xatarlari sifatida ham shuni belgilab o‘tdim.

Agar rejalashtirilgan gazni sota olmasak, budjetga katta yo‘qotishlar bo‘ladi. Bizda bir narsani anglash muhimki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan gazni ikkita turga bo‘lish kerak. Birinchisi, o‘zimizning tashkilot, ikkinchisi, xorijiy tashkilotlar tomonidan qazib chiqarilayotgan gazlar.

Bizdagi xorijiy tashkilotlar jahon bozorida pandemiya tufayli narx tushganidan keyin o‘zining ishlab chiqarishini pasaytirgan. Negaki, ular shartnoma tuzgan xorijiy sheriklar bu gazni olishni kamaytirgan. Bular gazni sota olmaganidan keyin ishlab chiqarishni ham pasaytirgan.

Sizlarga ma'lum, biz gazni ichki bozorda dunyo bozoridan ancha arzon narxda sotamiz. «O‘zbekneftgaz» ishlab chiqarayotgan gaz mamlakatimiz talabiga yetmaydi. Ular ishlab chiqarayotgan barchasini ichki bozorga sotyapti. Shuning uchun ham ular yetkaza olmaydi.

Xorijiy kompaniyalarnikini olish uchun albatta eksport narxida sotib olish kerak. Bu amalga oshmoqda ham. Xorijiy kompaniyalar bozor narxida sotib olib ichki bozorimizda arzon narxlarda sotishga majbur bo‘lmoqda. Shunga yarasha katta xarajatlar bo‘lyapti», — deya vazir so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Avvalroq, Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov 2020 yilda O‘zbekiston «Lukoyl»dan birlamchi 5 milliard kub metr gaz kelishilgan narxda sotib olinganini aytgandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning o‘tgan 9 oyida gaz eksporti 78 foizga kamaygani xabar qilingan.

Mavzuga oid