«Olis hududda ishlash faqat tajriba emas, balki savob ham» - Maxsus ustamali oylik olayotgan o‘qituvchilar bilan suhbat
Ma'lumki, prezident qaroriga binoan ta'lim sifati past yoki olis hududlarda joylashgan maktablarda dars berish uchun boshqa hududdan kelgan o‘qituvchilarga maxsus ustamalar joriy qilindi. Ana shunday o‘qituvchilar oilasi Buxorodan Samarqandning Nurobod tumanida ingliz tilidan dars berayotgani haqida xabar berilgan edi. Kun.uz muxbiri mazkur oila boshlig‘i Farrux Murodov hamda uning turmush o‘rtog‘i Nargiza Quvonova bilan bog‘lanib ularning yashash tarzi, olis hududda ish boshlashda duch kelgan qiyinchiliklari va maoshlari bilan qiziqdi.
— Yaqinlaringizdan uzoqqa, begona hududga borib ishlashga nima sabab bo‘ldi? Ingliz tili o‘qituvchilarida dars soatlari kam bo‘lgan taqdirda ham repititorlik qilish orqali qo‘shimcha daromad topish imkoniyati boshqalarga qaraganda ko‘proq ekanligi sir emas...
— Bunga sabab avvalo boshqa hududlarda ishlab ko‘rish, tajriba orttirish istagi bo‘ldi. Nurobodga kelishimizga sabab, bu yerda ta'lim oladigan o‘quvchilarga ko‘p yillardan beri ingliz tili fani o‘tilmaganidan xabar topdik va shu yerda faoliyat boshlashni ma'qul ko‘rdik.
Buxoroda ham repititorlik bilan shug‘ullanganmiz va bu yerda ham repititorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydik. Ko‘rinib turibdiki, biz hech narsa yo‘qotmadik. Aksincha, ota-onalarning minnatdorchilik bildirishlari, o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqidan yanayam ruhlandik.
Bu yerdagi bolalar shu qadar tirishqoqki, ozgina turtki va yo‘nalish berish orqali ularda yuksak natijalarga bo‘lgan xohishni ko‘rish mumkin. Olis hududga borib ishlash nafaqat tajriba orttirish, balki savob ish ekanligiga ham amin bo‘ldim.
— Sir bo‘lmasa qancha oylik maosh olasizlar ayni paytda?
— Yo‘q, bu sir emas. Soliqlardan tashqari qo‘limga oladigan oylik maoshim 10 mln so‘mdan oshiqroqni tashkil etadi. Turmush o‘rtog‘im esa 9 mln so‘mga yaqin oylik oladi. Ikkimizning maoshimizdan yaxshigina mablag‘ to‘plashimiz mumkin. Xudo xohlasa, kelgusida uy-joy qilish, avtomobil olish kabi niyatlarimizni bemalol amalga oshirishimiz mumkin.
— O‘qituvchi sifatida Buxorodagi tumanda va olis qishloqdagi maktabda ishlab ko‘rdingiz. O‘quvchilarning yashash sharoitlari va bilimga bo‘lgan intilishlari borasida farq bormi?
— Deyarli farq yo‘q. To‘g‘ri, tuman markazi yoshlar uchun olis bo‘lishi mumkindir, lekin ilmga chanqoqlik, zamonaviy texnologiyalardan foydalana olish, fikrlash bo‘yicha ular shahar va tuman o‘quvchilaridan hech ham qolishmaydi. Hatto qishloq o‘quvchilarida nisbatan intilish, bilimga bo‘lgan mehr kuchli ekanligini sezish mumkin. Ko‘zlari sizga javdirab turadigan bolalarni ko‘rib ularga ko‘proq narsa o‘rgatgingiz keladi. Qishloq maktabi bo‘lishiga qaramay bu yerda ham zamonaviy texnologiyalar mavjud. Ulardan to‘laqonli ravishda foydalanishni bilish kerak, xolos.
— Nurobodga kelganda qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz? Yashashingiz uchun ijara puli uchun davlatdan mablag‘ ajratiladimi?
— Yashash sharoitiga moslashish biroz qiyinchilik tug‘dirdi, biroq qishloq odamlarining samimiyligi, bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi tezda ko‘nikishimizga yordam berdi.
Shu o‘rinda hujjatlarimizni rasmiylashtirishda beminnat yordam bergan viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga, Nurobod tuman hokimligiga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Oilangiz bilan begona joyga ko‘chish odamni cho‘chitadigan holat, lekin atrofda yaxshi insonlar bo‘lsa, bundan qo‘rqmaslik kerak ekan. Hali kelganimizga ko‘p bo‘lmasdan ko‘pchilik bilan yaqin bo‘lib ketdik. Ota-onamizni, yaqinlarimizni sog‘inganimizda ular bilan suhbatlashib xuddi o‘z jigarlarimizni ko‘rganday bo‘lamiz.
— Ko‘pchilik yoshlar qishloq hududiga, ayniqsa uzoq hududlarga borib ishlashdan cho‘chishadi. Ularga nima deb maslahat bergan bo‘lar edingiz?
— Bugungi yoshlarga ikkilanmaslikni, kadrlar shundoq ham yetarli bo‘lgan shaharlarda qolmasdan ehtiyoj yuqori bo‘lgan olis hududlarga kelishlarini, davlatning ko‘magi orqali ham daromadlarini, ham tajribalarini orttirishlari mumkinligini ta'kidlagan bo‘lardim.
Shaharda imkoniyatlar juda ko‘p, nimagadir erishish nisbatan osonroq. Ammo qishloqda, ilmga muhtoj, yangiliklarga chanqoq bolalar yashaydigan uzoq hududlarda ular uchun yangi imkoniyatlar yaratish chin ma'noda qahramonlik bo‘lishi mumkin. Ayrim diplomlari bo‘la turib boshqa yurtlarda ishlash uchun ketayotgan yoki ish yo‘qligidan noliyotgan hamyurtlarimizga shunday hududlarda ishlashni tavsiya qilaman. Xorijda topiladigan o‘sha daromadni shu yerda ham topish mumkin. Bunga o‘zim shaxsan guvohman. Qishloq ahlining sizga bo‘lgan hurmati, e'tibori, farzandlariga berayotgan ta'limingiz uchun qilayotgan duolari hayotingizni butkul o‘zgartirib yuborar ekan.
- Eslatib o‘tamiz, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim darajasi yuqori bo‘lmagan «qizil maktab»larga boshqa hududlardan mahoratli o‘qituvchilarni jalb etish tizimini yaratadigan «Yangi O‘zbekiston ustozlari» loyihasi e'lon qilindi. Bunda o‘qituvchi boshqa viloyatga borib ishlasa, 100 foiz ustama, boshqa tumanga borib ishlasa, 50 foiz ustama to‘lanadi. Arizalar joriy yilning 1 iyuniga qadar ustozfondi.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Mavzuga oid
12:08 / 21.12.2024
Zagrebdagi maktabda pichoqli hujum: bir bola halok bo‘ldi, yaralanganlar bor
19:39 / 19.12.2024
Namanganda maktab direktori xizmat xonasini qimorxonaga aylantirdi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
20:50 / 20.11.2024