Jahon | 09:27 / 02.05.2021
118172
11 daqiqa o‘qiladi

AQSh O‘zbekistonda o‘z harbiy bazasini qayta ochishi mumkinmi?

Foto: Clay Lancaster /Department of Defense

Amerikaning ikki nufuzli nashri Wall Street Journal va The New York Times’da joriy yilning 15 aprelida chop etilgan maqolalarda AQSh va NATO kuchlari qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi yoki ular sonining keskin qisqartirilishi munosabati bilan mintaqada kelgusidagi harbiy amaliyotlarni o‘tkazish huquqini olish uchun Pentagon rasmiylari tevarak-atrofdagi qo‘shni davlatlar bo‘lmish Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan muzokaralar olib borayotgani haqida ma'lum qilingan.

AQSh prezidenti Jozef Bayden 14 aprelda qilgan nutqida Amerikaning Afg‘onistonga intervensiyasidan ko‘zlangan birlamchi maqsad bo‘lmish Usama bin Lodin 2011 yilda yo‘q qilinishidan keyin o‘tgan so‘nggi 10 yil mobaynida amerikaliklarning Afg‘onistonda ortiq qolish sabablari borgan sari mavhum bo‘lib borayotganini ta'kidlagan. Baydenning so‘zlariga ko‘ra, 2001 yil 7 oktyabrda prezident kenja Jorj Bush tomonidan boshlangan «Mahv etilmas ozodlik» harbiy amaliyotidan beri 2,448 nafar amerikalik harbiy va fuqaro halok bo‘lib, 20,772 kishi yarador bo‘lgan.

«Hozirda men Afg‘onistonda amerikalik qo‘shinlarga qo‘mondonlik qilayotgan to‘rtinchi prezident bo‘laman: ikki respublikachi, ikki demokrat. Ushbu mas'uliyatni 5-prezident gardaniga yuklamoqchi emasman», degan Bayden. Bu so‘zlarini u ramziy ma'noda Oq uyning Jorj Bush urush boshlanishini e'lon qilgan xonasidan turib aytgan.

The New York Times gazetasi toki AQSh qo‘shinlarini shu yil 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan olib chiqib ketar ekan, Pentagon G‘arb ittifoqchi davlatlar bilan bahamjihatlikda mintaqada ko‘zga kam tashlanuvchi, ammo ushbu mamlakatning yana bir bor mutaassiblar qo‘nimgohiga aylanishini bartaraf etish salohiyatiga ega qurolli kuchni joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar rejasini tuzib chiqayotganini ma'lum qilgan. Unda xabar berilishicha, 10 yil avval Barak Obamaning Amerika qo‘shinlarining Iroqdan olib chiqib ketish qarori ortidan uch yil o‘tib yuzaga kelgan IShID bilan bog‘liq og‘ir saboqlardan xulosa chiqargan holda AQSh harbiy rasmiylari qurolli kuchlarni qayerga, ehtimol Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda joylashtirish fikrini ittifoqchi davlatlar bilan muhokama qilgan. Bunda davlatlarning ketma-ketligi ingliz tili alifbosiga zid ravishda aynan shu tarzda – Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston, deb berilgan. Wall Street Journal gazetasi esa The New York Times’dan o‘sha kuni bir necha soat avval chop etilgan bo‘lsada Qozog‘istonni umuman zikr etmagan.

Shubhasiz Amerikaning Fors ko‘rfazi, Hind ummoni hamda AQShning o‘z hududida joylashgan eng so‘nggi texnika bilan jihozlangan jangovar shunqor o‘choqlari istalgan nishondagi obektlarga zarba berishga qodir. Garchi, Arab dengizi sathidagi kemalardan muqaddam otilgan raketalarning muvaffaqiyatlik darajasi past bo‘lgan bo‘lsa-da. Ma'lumki, AQShning Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) makoniga mansub Iordaniya va Qatarda harbiy havo bazalari bor. Yaqingacha maxsus amaliyotlar tarixida nishonni noto‘g‘ri poylash oqibatida sanoqsiz begunoh fuqarolar talafot ko‘rib, nobud bo‘lgan. Ammo mavjud infratuzilmaning jismonan mavjud bo‘lmasligi NATO kuchlarining Afg‘onistondagi hamkor dala qo‘mondonlari hamda AQSh generallarining «Al-Qoida»ga xayrixohlar «Tolibon» nazoratidagi hududlarda yangi ruh bilan qayta bosh ko‘tarishiga olib kelishi to‘g‘risidagi xavotirlariga sabab bo‘lmoqda.

The New York Times suhbat qurgan sobiq yuqori mulozimli amerikalik harbiy Afg‘onistondan chiqish oqibatlaridan xavotirlarini bildirgan.

«Ushbu mamlakat to‘g‘risidagi razvedka ma'lumotlari tark etganimizdan so‘ng ham kelishda davom etadi. Shu bilan birga, bu ma'lumotlar u yerda jismonan mavjud bo‘lishning o‘rnini aslo bosa olmaydi, pirovardida Amerika xavfsizligini himoya qilish bo‘yicha samaradorlikni ancha kamaytiradi», degan u.

Gazeta muxbirlari keltirgan Pentagon rasmiy statistik ma'lumotiga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonning o‘ndan ortiq nuqtalarida shartnoma asosida 16,832 nafar kishi xizmatni ado etishga safarbar etilgan. Ulardan 6147 nafari AQSh fuqarolari, 6399 nafari uchinchi davlat fuqarolari, 4286 nafari esa mahalliy afg‘onistonliklardir. Bayden farmoniga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondan 2500 nafar askarni olib chiqib ketmoqchi, biroq Pentagon avval ochiqlamagan ma'lumotga ko‘ra yana mingga yaqin, ya'ni jami 3500 nafar xizmatchisi bor. Ushbu g‘aliz hisob-kitob vedomostlardan tashqaridagi maxsus xizmat askarlari hisoblanib, ularning safida Obama ma'muriyati davrida ham jamoatchilik nazoratidan panada bo‘lgan jangovar frontlarga yo‘llanganlar bo‘lgan. Mazkur raqam tag‘in ham ancha past, ziddiyat o‘z cho‘qqisiga chiqqan paytlari 100 mingdan ortiq qo‘shin o‘z xizmatini o‘tagan. Ayrim tahlilchilarning fikriga ko‘ra, 100 milliardlab dollarlar sarflanib, geroin ishlovi karrasiga oshib ketgan Afg‘onistonda xorij qo‘shinlari olib chiqib ketilgandan so‘ng mamlakatdagi vaziyat keskin beqarorlashib, tamagirlik chulg‘ab olib, qat'iyat va malaka savol ostida bo‘lgan amaldagi afg‘on xavfsizlik kuchlarining qarshilik ko‘rsatish salohiyati yanada sustlashadi.

Wall Street Journal gazetasi AQSh mudofaa vaziri Lloyd Jorj hozirda Vashington o‘z ittifoqchi va sherik davlatlari bilan birgalikda aksil-mutaassib kuchlarni Afg‘onistonning tevarak-atrofidagi muayyan davlat yo davlatlarga joylashtirish bo‘yicha yangi rejasini tuzayotganini tasdiqlagan, shu bilan birga, uning tafsilotlarini ma'lum qila olmasligini bayon qilgan.

Jo Bayden AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi yuzasidan qabul qilingan qaror muhokamaga mutlaqo o‘rin qolmagan haqiqatdir deb aytgan. U o‘z nutqidan so‘ng poytaxt Vashingtondagi Iroq va Afg‘onistonda halok bo‘lganlar dafn etilgan Arlington qabristonini ziyorat qilgan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani tvitterda qoldirgan xabarida mavzu yuzasidan Jo Bayden bilan muloqotda bo‘lgani, «Afg‘oniston Islom Respublikasi AQSh qarorini hurmat qilishini hamda o‘tish davri talafotlarsiz bo‘lishini ta'minlash uchun AQSh hamkorlari bilan birgalikda ishlashi»ni bildirgan.

Jim Huylebroek / The New York Times

«Tolibon» esa xabar yashin tezligida tarqalishi zahotiyoq Vashington shafe'ligidagi har qanday tinchlikni o‘rnatish konferensiyalarida AQSh va NATO qo‘shinlari butkul olib chiqib ketilmaguniga qadar ishtirok etmasligi to‘g‘risida bayonot bergan. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi Amerika o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish muddatining uzaytirilishi AQSh va «Tolibon»ning 2020 yil 29 fevraldagi bitimiga zid bo‘lib, afg‘onlararo bevosita muzokaralarini boshlash bo‘yicha sa'y-harakatlarni izdan chiqarishi to‘g‘risida ogohlantirgan.

Ma'lumki, AQSh harbiy kuchlari Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlarni amalga oshirishda Qirg‘izistonning «Manas» aeroportidan 2001-2014 yillar hamda O‘zbekistonning «Qarshi-Xonobod» harbiy bazasida 2001-2005 yillar mobaynida foydalangan. Afsuski, Afg‘onistonda halok va yarador bo‘lgan, xonavayron bo‘lgan, mamlakat ichi va tashqarisida majburiy muhojir maqomida sargardon bo‘lganlarning ayanchli statistikasi mavjud emas.  

AQSh rasmiylari va davriy nashrlari keltirgan xabarlarda jon bo‘lishi mumkin. Chunki joriy yil aprel oyining boshida AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligining Strategiya, rejalashtirish va siyosat boshqarmasi direktori o‘rinbosari brigada generali Dyuk Pirak O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimiz Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiyasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Mazkur uchrashuvlarda tomonlar «ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilib, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni yanada samarali yo‘lga qo‘yish, shuningdek, harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha dolzarb masalalar»ni ko‘rib chiqishgan.

Gap shundaki, AQSh va NATO kuchlari nafaqat o‘z harbiy va fuqaro xizmatchilarini, balki qurol-aslaha va jihozlarni ham mamlakatdan olib chiqib ketishi kutilmoqda. O‘zbekiston qurolli kuchlari o‘z harbiy salohiyati bo‘yicha GlobalFirePower 2021 hisob-kitoblariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinda, o‘rganilgan 140 dunyo mamlakatlari umumiy reytingi bo‘yicha 51-o‘rinda turadi. Tegishli ravishda Qozog‘iston 62, Turkmaniston 86, Qirg‘iziston 93, Tojikiston esa 99-o‘rinni egallaydi.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasiga ko‘ra, mamlakat hududida xorijiy davlat harbiy bazalari va obektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Toshkent xalqaro miqyosda o‘z harbiy ehtiyojlarini qondirish hamda ortiqcha majburiyatlardan xoli turish uchun aksariyat diplomatik muloqotini ikki tomonlama munosabatlar asosida qurishni afzal, deb biladi. Shu bilan birga, Afg‘onistonni tashqi dunyo bilan bog‘lovchi yagona temir yo‘li O‘zbekiston bilan bog‘langani uning Markaziy Osiyo xavfsizlik masalalarida yetakchi o‘rin va rolni bajarishini tabiiy ravishda kafolatlashi mumkin.

Manba: public intelligence

Afg‘onistonga aslaha va qo‘shinlarni olib kirish va olib chiqish bo‘yicha 2000-yillarda Shimoliy taqsimot tarmog‘i (NDN) amalda mavjud bo‘lib, u Mozori-Sharif-Termiz-Qozog‘istonning Aktau-Boku va Gruziyaning Poti bandargohi orqali sinalgan marshrut yo‘lga qo‘yib kelingan. AQSh O‘zbekistonda o‘zining to‘laqonli harbiy bazasini ochmasa-da, tomonlar milliy manfaatlariga mos kelgan taqdirda, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash maqsadida ehtimol avvalgi NDN yo‘lagidan yana foydalanishni taqozo etish-etmasligini vaqt ko‘rsatadi.

Zabixulla Saipov,
siyosiy fanlar nomzodi, mustaqil tadqiqotchi.

Mavzuga oid