20:02 / 07.07.2021
9665

Suhbat asosida talaba bo‘lish, stipendiyasiz ta’lim – Belarusdagi talaba qiz bilan suhbat

UzbekLife  xorij davlatlarida ilm olib, muvaffaqiyatga erishib kelayotgan vatandoshlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi  suhbatimiz qahramoni Belarus poytaxti Minsk shahrida tahsil olayotgan Sohiba Goibnazarova. Qahramonimiz Xorazm viloyatida tug‘ilib-o‘sgan.

Hozirda Belarus Respublikasi Minsk davlat lingvistika universitetida tahsil olmoqda.

Belarusda oliy ta’lim

Maktabni bitirgach, neft-gaz kollejiga o‘qishga kirdim. 3 yillik o‘rta-maxsus ta’limni aynan shu sohada o‘z shahrimda olganman va imtiyozli diplom bilan tugatganman. Oliy ta’limga keladigan bo‘lsak, bu jarayon birmuncha qiziqroq kechgan. Chunki, bir qancha qarama-qarshiliklarga qaramasdan oliy ta’limni Belorussiyada olyapman.

“Nimaga aynan bu davlatni tanlading?”

Belarusda o‘qishimni eshitib ko‘pchilik “Nimaga aynan bu davlatni tanlading?” deya savol berishadi. Chunki, ko‘pchilik Belarusni Rossiyaning bir bo‘lagi, deb bilishadi. Aslida unday emas. Belarus o‘zi mustaqil, alohida davlat. Men aynan ushbu davlatda o‘qishni tanlaganimga sabab bu yerda bizning qarindoshlarimiz bor. Ular orasida hozirda men o‘qiyotgan oliy ta’lim muassasasida tahsil olganlari ham bor. Aynan ular ota-onamga Belarusni, ushbu universitetni tavsiya qilishgan. Avvalboshda ota-onam bunga qarshilik bildirdilar. Ya’ni o‘z qizini boshqa mamlakatga yuborishga qaysidir ma’noda rozilik berishga qiynaldi. Ammo, oxirida har taraflama muhokama qilib, Belarusda o‘qishimga rozi bo‘lganlar.

Ikki universitetdan birini tanlashga majbur bo‘lganman

Men hozirda Minsk davlat lingvistika universitetida o‘qiyman. Ammo bundan oldin Belarus davlat universiteti kirish imtihonidan ham o‘tgandim. Bu universitet kirish imtihonlarini Toshkent shahrida o‘tkazgandi. Test sinovlaridan muvaffaqqiyatli o‘tdim, ammo bu universitetda o‘qishimga to‘sqinlik qiluvchi ba’zi holatlar bo‘ldi. Shundan so‘ng bu universitetni boshqa universitetlar bilan taqqoslab ko‘rib, hozirda ta’lim olayotganim Minsk davlat lingvistika universitetiga o‘qishga kirdim.

O‘qishga suhbat asosida kirganman

Belarus davlat universitetida o‘qishdan voz kechganimdan so‘ng, hujjatlarimni Minsk davlat lingvistika universitetiga topshirdim. Hujjatlar bilan hech qanday muammo bo‘lmadi. Bu yerda kirish imtihonlari test shaklida emas, balki suhbat asosida bo‘lib o‘tarkan. Suhbat ingliz tilida bo‘lib o‘tdi, men ushbu suhbatdan muvaffaqqiyatli o‘tdim.

Belarusda barcha oliy o‘quv yurtlarida talabalarga vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olishda, yashash joyini topishga yordam beradigan uy-joy bo‘limlari mavjud. Talabalarining aksariyati talabalar turar joylarida yashaydilar va men ham bundan holi emasman. Imtihondan o‘tgach menga universitet yotoqxonasidan joy ajratib berishdi va yangi shakllangan guruhga qo‘shishdi. Hozirda ushbu dargohda uchinchi bosqich talabasiman.

Tarjimonlikka qiziqish ustun kelgan

Yuqorida aytganimday boshqa universitetni tanlashimga to‘g‘ri kelganida men hech ikkilanmay Minsk davlat lingvistika universitetini tanladim. Chunki, bu oliy o‘quv yurti aynan chet tillarini o‘qitishga ixtisoslashgan. Belarus davlat universitetida esa lingvistika maxsus fakultet sifatida mavjud edi, xolos. O‘zim shaxsan tarjimonlikka qiziqishim baland bo‘lgani uchun ushbu universitet tarjimonlik yo‘nalishini tanladim.

Minsk davlat lingvistika universiteti

Universitetimizda tarjimonlikdan boshqa ham bir qancha fakultetlar mavjud. Masalan, ingliz tili filologiyasi, roman tillari va shu kabi yo‘nalishlar, bundan tashqari madaniyatlararo kommunikatsiyalar fakulteti bo‘lib, bularning barchasi anchayin obro‘li, talab keng bo‘lgan yo‘nalishlar hisoblanadi.

O‘qish yo‘nalishimdan kelib chiqib, bu yerda bir qancha tillarni o‘rganishga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, menda birinchi chet tili ingliz tili, ikkinchi chet tili sifatida esa xitoy tilini tanlaganman.

Stipendiya tizimi bo‘lmagan Belarus ta’lim tizimi

Belarusda xorijiy talabalarning o‘qishga hujjat topshirishi, o‘qishi bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmaydi. Ammo, farqli jihati, Belarusda boshqa ko‘pchilik davlatlarda bo‘lgani singari turli grantlar, stipendiyalar mavjud emas. O‘qish to‘lov kontrakt asosida bo‘ladi. Tabiiyki, men o‘zim ham to‘lov kontrakt asosida o‘qiyman.

Shuni aytib o‘tishim kerakki, Belarusda xorijlik talabalarning to‘lov kontrakt narxlari mahalliy talabalarnikidan birmuncha balandroq bo‘ladi.

Xorijiy va mahalliy talabalar

Universitetimizda ikkita alohida bo‘limlar bor: xorijiy bo‘lim va milliy bo‘lim. Xorijiy bo‘limda o‘qishni xohlovchilar xorijlik talabalar bilan o‘qishadi, milliy bo‘limda esa Belarus talabalar tahsil olishadi. Menda rus tili yaxshi bo‘lganligi sababli rus, ingliz tilini o‘rganuvchi xorijiy bo‘limda o‘qimasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri Belarus talabalar o‘qiydigan milliy bo‘limni tanladim. Xorijiy bo‘limda o‘quvchi talabalar birinchi navbatda rus tilini o‘rganishlari zarur. Shuning uchun ularda o‘z-o‘zidan birinchi chet tili rus tili, ikkinchi chet tili esa, asosan, ingliz tili bo‘ladi. Menda, yuqorida aytganimdek, rus tilini yaxshi bilganim sabab birinchi til sifatida uni o‘rganishga ehtiyoj qolmagan.

IELTS’ga talab u darajada yuqori emas

O‘zbekistondagidan farqli ravishda, bu yerda ingliz tilini bilish sertifikati IELTS’ga bo‘lgan talab juda yuqori emas. Masalan, bizda o‘qishda, hatto, ba’zi bir ishlarda ham ushbu sertifikat talab qilinadi. Bu yerda esa IELTS, asosan, Belarus talabalarning xorijga o‘qishga chiqishi uchun zarur, qaysidir ma’noda. Belarusda o‘qish uchun IELTS u qadar katta ahamiyat kasb etmaydi.

Xorijliklarga ochiqko‘ngil Belarus

Belarus xalqi anchagina mehmondo‘st hisoblanadi. Chunki, men xorijlik talaba qiz sifatida umuman har xil kamsitilish, begona millatchilik kabi holatlarga, vaziyatlarga duch kelmadim. Aksincha, bu yerda o‘zimga ko‘plab do‘stlar orttirdim, ularning xush muomalasiga juda ko‘p marotaba duch keldim.

Bu yerga ilk kelgan kezlarimda moslashish biroz qiyin bo‘lgan. Chunki, o‘z vataningizdan yiroqda, doim yoningizda bo‘lgan ota-onangizdan uzoqda bo‘lish kishini biroz qiynagan. Shu sababdan birinchi kursni biroz qiyinchilik bilan o‘tkazganman. Ammo, keyinchalik mustaqil hayotga sho‘ng‘ib, o‘qishga kirishib bu sog‘inch, zerikish tuyg‘ularini yengganman.

Yildan yilga ko‘payib borayotgan o‘zbek talabalari

Belarus jamiyatida o‘zbek talabalarini juda ko‘p uchratish qiyin. Bu yerda turkmanistonlik talabalar nisbatan ancha ko‘pchilikni tashkil qilishadi. To‘g‘ri, Rossiyada o‘quvchi vatandosh talabalarimiz juda ko‘p, ammo Belarusda ular birmuncha kam. Buning asosiy sababi Belarusda o‘zbek talabalarining qonuniy mehnat faoliyati olib borishga ruxsat yo‘qligi bo‘lsa kerak. Turli yo‘llar bilan ishlash imkoniyatini topish mumkin, ammo buni bilishsa, har xil muammolar paydo bo‘lishi tabiiy. Xususan, turli jarimalardan tortib, mamlakatdan deport bo‘lishgacha. Shu sababdan ham Belarusga talabalar asosan o‘qish uchungina kelishadi. Shunday bo‘lsa-da bu yerda o‘qiyotgan o‘zbek talabalari soni yildan yilga ko‘payib bormoqda.  

Natijada ozchilik bo‘lsa-da, bir-biri bilan inoq talaba yoshlar muhiti shakllangan. Jumladan, o‘tgan yili Belarus Respublikasidagi O‘zbekiston elchisining shaxsan o‘zi tashkillashtirgan uchrashuvda ko‘plab o‘zbek talabalari bir-birlari bilan uchrashib, yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Aynan ushbu uchrashuv davomida bildimki, ko‘plab o‘zbek yoshlari BDU (Belarus davlat universiteti) va BMTU (Belarus milliy texnika universiteti)da o‘qish uchun kelishadi. Chunki, BMTUning ko‘plab o‘zbek OTMlari bilan “2x2” nomli dasturi bor. Ya’ni 2 yil O‘zbekistonda, 2 yil Belarusda talabalarning ta’lim olishini ta’minlaydigan ushbu dastur orqali ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar aynan ushbu o‘quv yurtini tanlashadi.

Qardosh millatlar vakillari bilan vaqt o‘tkazish

Rostini aytsam, men o‘qiydigan o‘quv yurtida o‘zbek talabalar yo‘q. Ammo, boshqa universitetlarda o‘qiydigan vatandosh tanishlar, turkmanistonlik do‘stlar bor. Biz vaqti-vaqti bilan o‘zaro uchrashuvlar, suhbatlar uyushtirib, vaqtni birga maroqli o‘tkazamiz. Bu kabi uchrashuvlar menga o‘zbek vatandoshlarimizning yo‘qligini bir darajada bildirmaydi. Bunday uchrashuvlar vaqtida o‘zimni xuddi O‘zbekistonda kabi his qilaman.

Tarjimonlik sohasida o‘zimni sinab ko‘rishni boshlaganman

Kelajakda o‘z soham bo‘yicha, ya’ni tarjimonlik bilan shug‘ullanish niyatim bor. Hozirda ham frilanser sifatida bu sohada faoliyatimni boshlaganman. Yaqinda neft-gaz sohasida bir tarjima ishini bajarish to‘g‘ri keldi. Bu tarjima rus tilidan o‘zbek tiliga o‘girish bilan bog‘liq edi. Dastlabki ishimligini hisobga oladigan bo‘lsak, yaxshi chiqdi, deb ayta olaman.

Bundan tashqari o‘qituvchilik ham qilayapman. Onam ham maktabda o‘qituvchilar. Bilmadim, o‘qituvchilik kasbi ham avloddan avlodga o‘tadimi, bu ishim ham yomon bo‘lmayapti, deb bemalol ayta olaman.

Bulardan tashqari kelajak uchun hali bir qancha rejalar tuzib qo‘yganman. Birinchi o‘rinda, boshqa xorijiy mamlakatlarga sayohatlar qilish, ta’lim olish kabilar rejalarimning bir qismi hisoblanadi. Har bir inson o‘z oldiga bu kabi maqsadlarni qo‘yadi. Birinchi urinishda o‘xshamasligi mumkin, ammo inson o‘ziga ishonchni so‘ndirmay, oldinga intilishi lozim. Shunda, albatta, g‘alaba uniki bo‘ladi.

Avval aytganimdek, menda ikkinchi chet tili xitoy tili. Shu sababdan ushbu davlatga tashrif buyurish men uchun juda qiziq tuyuladi. O‘zim o‘rganayotgan til, madaniyatni yaqindan ko‘rish anchagina maroqli bo‘lsa kerak. Xudo xohlasa, albatta, bu davlatga ham tashrif buyuraman.

Kelajakda o‘qishni tugatgach, O‘zbekistonga qaytib, u yerda o‘z kareramni qurish niyatim bor. Ammo, buning uchun avval kerakli bilim va tajribaga ega bo‘lishim kerak.

Davlatbek Asadov suhbatlashdi

Top