Jamiyat | 12:25 / 14.07.2021
4757
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari shartnoma asosida fuqarolarga ham xizmat ko‘rsatishi belgilanmoqda

Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud-ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish huquqi berilmoqda. Bu haqda 13 iyul kuni Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida xabar berildi.

Ma'lum qilinishicha, “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni bilan sud-ekspertiza sohasida quyidagi yangi tartiblar joriy qilinmoqda:

1. O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi.

2. Konsepsiya bo‘yicha 2021–2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

 3. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmagan holda 15 ta shtat birligidan iborat Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Institutga har yili kamida 15 ta ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, 6 ta davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatida ilmiy-uslubiy ko‘mak ko‘rsatish hamda ularda mavjud 700 dan ortiq uslubiy qo‘llanmalarni tanqidiy ko‘rib chiqish va amaliyotni uyg‘unlashtirish vazifalari yuklatilmoqda.

4. Davlat va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga shartnoma asosida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish huquqi berilmoqda. 2021-2023 yillarda amalga oshiriladigan yo‘l xaritasiga muvofiq, bu bo‘yicha Adliya vazirligi hukumatga 2021 yilning avgust oyida loyiha kiritadi. Hukumat tasdiqlagach, bu tartib amalga oshadi.

Shuningdek, 2021 yil 1 sentyabrdan iqtisodiy, fuqarolik va ma'muriy ish yuritishda advokatga sud-ekspertiza tashkilotlarida shartnoma asosida advokat so‘roviga ko‘ra ekspertiza o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishga ruxsat beriladi.

Farmonga muvofiq 2022 yil 1 martdan aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir ma'lumotlar yetkazish va axborot hamkorligining barcha turlarini ta'minlash uchun mo‘ljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.

2021–2025 yillarda qo‘shimcha 16 ta sud-ekspertiza turlarini joriy etish vazifasi yuklatilmoqda (misol uchun, radiotexnika, videotexnika, fototexnika va parfyumeriya mahsulotlari kimyoviy tarkibini aniqlash ekspertizalari). Hozirda sud ekspertiza turlari 55 taga yetkazilgan.

Adliya vazirligi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Bunda, jamg‘armani shakllantirishga budjet mablag‘larini yo‘naltirish talab etilmaydi.

Jamg‘armaning mablag‘lari “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimini joriy etish, nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlariga subsidiyalar ajratish, yangi ekspertiza turlarini joriy etish, davlat sud-ekspertiza muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda har yili kamida 10 nafar sud ekspertining xorijiy davlatlarda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini yo‘lga qo‘yish uchun sarflanadi.

Mavzuga oid