Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma'muriy sud ishlari bo‘yicha sud ekspertizasini o‘tkazishga ixtisoslashtirilgan, shtatida sud eksperti sertifikatiga ega mutaxassislar bo‘lgan tashkilot hisoblanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti rahbari sifatida faqat sud eksperti faoliyat olib borishi mumkin. Sud eksperti faqat bitta nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishi mumkin.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud ekspertizasini o‘tkazishda davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi funksiyalarni amalga oshiradi, ular kabi huquqqa ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar hisoblanadi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faqat sud ekspertizasini amalga oshirish faoliyati bilan shug‘ullanishga haqli. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining firma nomida uning nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekanligi ko‘rsatilishi shart.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari asosida ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari bo‘yicha shartnomaga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazishi mumkin. Tadqiqot natijalari bo‘yicha mutaxassis fikri beriladi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti o‘zining mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqi asosidagi binoga, tegishli sud ekspertizasini xavfsiz amalga oshirishga imkon beradigan va standartlar talablariga mos bo‘lgan moddiy-texnik bazasiga ega bo‘lishi lozim. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini turar joyda amalga oshirish taqiqlanadi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida sud ekspertizasi shartnomaga muvofiq pullik asosda amalga oshiriladi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti amalga oshiriladigan sud ekspertizasi narxlarini mustaqil belgilaydi.

Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ekspertizani o‘tkazish bo‘yicha shartnomaga ko‘ra to‘lov amalga oshirilmaganligi tekshirish obektlari va ish materiallarini ekspertiza o‘tkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.