18:53 / 03.08.2021
17017

Oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmi o‘sayotgan talabni qondira olmayapti – Shavkat Mirziyoyev

Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda 2021 yilning birinchi yarmi natijalari asosida, yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta'minlash bo‘yicha choralar muhokama qilindi. Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ko‘rsatkichlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

«Ayrim hudud rahbarlari mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishni bilmayapti. Misol uchun, Beshariqda gektaridan 234 sentner kartoshka yetishtirilgan bo‘lsa, Toyloqda atigi 146 sentner, poliz mahsulotlari hosildorligi Beshariqda 157 sentner, Toyloqda esa 76 sentner. Vaholanki, Toyloq tumanining qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi imkoniyatlari Beshariq tumaniga qaraganda ancha yuqori», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Jahon banki tahliliga ko‘ra, paxta va g‘allada hosildorlikni o‘rtacha 3 foizga oshirish hisobiga qishloq aholisi uchun 900 mingta yangi ish o‘rinlari yaratish mumkin.

Shuhrat G‘aniyev va viloyatlar hokimlari joriy yilda paxta hosildorligini gektariga 5 sentnerdan oshirib, 3,5 million tonna paxta yetishtirish bo‘yicha ishlarni qanday tashkil qilayotgani to‘g‘risida hisobot berishi aytilgan.

«Viloyat hokimlari bir narsani yaxshi tushunib olishlari kerak. Mamlakat aholisi har yili 600 mingdan ko‘p oshmoqda, lekin oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘sayotgan talabni qondira olmayapti. Buning oqibatida asosiy turdagi oziq-ovqatlar importi oshmoqda», deydi davlat rahbari.

Jumladan, mol go‘shti (2020 yilga kelib 22 ming tonnagacha), tovuq go‘shti (12 ming tonnadan 31 ming tonnagacha), kartoshka (215 ming tonnadan 435 ming tonnagacha), o‘simlik yog‘i importi (100 ming tonnadan 210 ming tonnagacha) oshgan.

Chorvachilik sohasiga so‘nggi 3 yilda 350 million dollarga yaqin imtiyozli mablag‘lar jalb etildi.

«Ikkinchi yarim yillikda 1,5 million tonna go‘sht, 6,5 million tonna sut, 5 milliard dona tuxum, 364 ming tonna baliq, 6 ming tonna jun, 262 ming dona qorako‘l, 785 tonna pilla ishlab chiqarish zarur.

Yana bir masala – joriy yil yakuniga qadar avtomobil yo‘llari, dala chetlari, barcha aholi maskanlarida 155 million dona, shundan 80 million dona – tut, 3,5 million dona – pavlovniya va 71 million dona – tez o‘suvchi va boshqa ko‘chatlarni ekilsin.

Bundan tashqari, 2,5 mingta mahalladagi aholi xonadonlariga 9,5 million dona uzum ko‘chati ekish tashkillashtirilsin.

Xususan, birinchi bosqichda 7ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuning hisobidan hududlarda umumiy qiymati 3 trillion 600 milliard so‘m bo‘lgan 2 ming 400 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.

Natijada, 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar ko‘rsatish hajmi 18,3 foizga oshdi.

Ayniqsa, Sirdaryo, Andijon, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo, Farg‘ona hamda Toshkent shahrida xizmatlar ko‘rsatish sur'atlari yuqori bo‘ldi.

Hududlar kesimida, xizmatlar sohasi o‘sish sur'atlari Navoiy, Toshkent, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Qoraqalpog‘istonda o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan past darajada bo‘ldi», degan davlat rahbari. 

Top