Prezident Toshkentda «Xushnud» mahallasi aholisi bilan uchrashdi
Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri, Yangihayot tumanidagi «Xushnud» mahallasida bo‘lib, aholi hayoti, hududdagi o‘zgarishlar bilan tanishdi.
Qayd qilinishicha, mahalla 2021 yil tashkil etilgan. Bu yerdagi 48 ta ko‘p qavatli uy hamda 625 ta hovlida 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bolalar bog‘chasi, sport maktabi, oilaviy poliklinika, xususiy klinika, ishlab chiqarish korxonalari, do‘kon va maishiy xizmat shoxobchalari bor. Bu yil 49 ta mikroloyiha orqali 116 nafar fuqaro bandligi ta’minlangan.
Davlat rahbari ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Mahalla faollari va keksalar bilan suhbatlashdi. Ular so‘nggi yillarda Yangihayot tumani jadal o‘zgargani, yangi transport yo‘llari va korxonalar qurilib, hayot jonlanganini aytishdi.
– Bugun kelishimizdan maqsad qabul qilayotgan qarorlarimiz natijasini, odamlar hayotini ko‘rish. Xuddi bu tumandagiday, har bir hududni rivojlantirish, odamlarga qulayliklarni va ish joylarini ko‘paytirishga harakat qilayapmiz. Shu bilan birga, ta’lim-tarbiyaga, madaniyatga katta e’tibor qaratayapmiz. Bilim va ma’naviyat mustahkam bo‘lsa, iqtisodiyot ham yaxshi rivojlanadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident mahalladagi 150 o‘rinli, zamonaviy sharoitlar yaratilgan xususiy bog‘cha faoliyati bilan ham tanishdi. U joriy yilda foydalanishga topshirilgan 16 qavatli uyning birinchi-ikkinchi qavatida joylashgan.
Mamlakatda muhim dasturlar aynan mahallalarda amalga oshirilayotgani, tizimga katta vakolat va imkoniyatlar berilayotgani ta’kidlandi. Bu ishlar ulardagi obodlik, aholi farovonligida ifodasini topayotgani qayd etildi.
Mavzuga oid
14:55
Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi
17:38 / 25.12.2024
Mirziyoyev MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
00:30 / 25.12.2024