Jahon | 20:13 / 06.08.2021
19233
7 daqiqa o‘qiladi

Savdo, yo‘l va suv. To‘qayev Turkmanistonda nimalar haqida gapirdi?

6 avgust kuni Turkmanistondagi «Avaza» milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Foto: akorda.kz

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov raislik qilgan sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, shuningdek, BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German ishtirok etdi.

Qozog‘iston prezidenti o‘z chiqishida Markaziy Osiyo mamlakatlari erishgan muvaffaqiyatlar hamda mintaqadagi muhim masalalar haqida so‘z yuritdi.

Tarixiy birdamlik haqida

"Mustaqillikning ilk kunlaridanoq qo‘lni qo‘lga berib, yutuqlarimizdan xursand bo‘lib va og‘ir damlarda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab kelmoqdamiz. Va bu tabiiy. Bizni ko‘p asrlik tarix, ma'naviy yaqinlik, umumiy urf-odatlar birlashtirib turadi. Mintaqa mamlakatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikka kuchli turtki bermoqda. Nur-Sulton va Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitlar natijasida yaqinlashuvimiz mustahkam, izchil va ortga qaytmaydigan tusga ega bo‘ldi. Mintaqaviy hamkorlikda yuqori darajadagi ishonchli muloqot shubhasiz, muhim rol o‘ynaydi", - dedi To‘qayev.

Iqtisodiy aloqalar haqida

Qozog‘iston prezidenti davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishiga yuqori baho berdi.

"Oxirgi besh yil ichida Qozog‘istonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar almashuvi bir yarim baravarga oshib, 4,6 milliard dollarni tashkil etdi", - deb ta'kidladi u.

To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni rivojlantirish borasidagi ishlarni faollashtirish lozim.

"Qozog‘iston Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport hajmini 1 milliard dollargacha yetkazishi mumkin. Mintaqaning boshqa davlatlarida ham shunday zaxiralar mavjudligiga ishonchim komil. Biz Markaziy Osiyo transport yo‘laklari bilan integratsiyalashgan yagona tovar o‘tkazish tarmog‘ini yaratish uchun sa'y-harakatlarimizni birlashtirishni taklif qilamiz. Ulgurji-taqsimlash va agrologistika markazlaridan tashkil topgan mazkur yangi infratuzilma mahsulotlarimizni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi, MDH va uchinchi mamlakatlarga muvofiqlashgan holda yetkazish imkonini beradi", - dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

U Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida tashkil etilgan "Markaziy Osiyo" savdo-iqtisodiy hamkorlik xalqaro markazini muvaffaqiyatli namuna sifatida ko‘rsatdi. 

Transport yo‘laklari haqida

Qozog‘iston prezidentining fikricha, mintaqa davlatlari Osiyo va Yevropani bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi. 

"2025 yilgacha Dostik – Moyinti temiryo‘l uchastkasida ikkinchi yo‘l quriladi va to‘liq elektrlashtiriladi. Natijada ushbu yo‘nalishning o‘tkazish quvvati besh martaga oshadi. Mavjud Qozog‘iston – Turkmaniston – Eron temiryo‘li ham katta imkoniyatlar taqdim etadi. Bu davlatlarimizning Fors ko‘rfazi mamlakatlariga chiqishi uchun eng qisqa yo‘ldir. Yuk tashuv hajmining yildan yilga oshishi Transosiyo temiryo‘l magistralining janubiy yo‘lagini rivojlantirishni taqozo etmoqda. Masalan, Darbaza - Maktaaral temiryo‘l liniyasining ishga tushirilishi yuk yetkazib berish muddatini 1,5 baravarga qisqartiradi. Janubiy Osiyo bozorlariga yo‘l ochuvchi Mozori Sharif – Peshovar – Kobul temiryo‘lining qurilishi ham istiqbolli hisoblanadi", - dedi To‘qayev.

Uning ma'lum qilishicha, Qozog‘iston Oqtov porti negizida dunyoning yetakchi operatorlarini jalb qilgan holda konteyner xabi barpo etishni rejalashtirgan. 

"O‘zbekiston bilan yangi loyihalar faol ishlab chiqish jarayonida. Birinchi navbatda, Turkiston – Chimkent – Toshkent tezyurar temiryo‘li qurilishi haqida gap ketmoqda (loyiha qiymati qariyb 700 million dollar). Avvalroq o‘zbekistonlik hamkorlarimizga Qo‘riq va Oqtov portlariga qisqa yo‘l ochgan Beynov - Oqjigit avtoyo‘lida yotqizish ishlarini yakunlagandik. Turkmanboshi – Qorabo‘g‘oz – Qozog‘iston chegarasi avtomagistrali ham sezilarli istiqbolga ega", - deb ta'kidladi Qozog‘iston prezidenti.

Jahon bankining baholashicha, Markaziy Osiyoda transport kommunikatsiyalarining rivojlanishi barcha mamlakatlar YaIMning 15 foizga o‘sishini ta'minlashi mumkin.

Suv muammosi haqida

Qozog‘iston rahbari suv resurslari bilan ta'minlanish, mintaqaning bio va ekotizimlarini saqlab qolish muhim vazifalardan biri deb hisoblaydi.

"Hozirdan suv taqchilligi va quruq havo ko‘rinishida global iqlim isishi oqibatlarini ko‘rmoqdamiz. Bu Sirdaryo havzasida ayniqsa sezilmoqda. So‘nggi ikki yil ichida sug‘orish davrida Shardara suv omboriga suv kelishi 40 foizga, Kichik Orol dengiziga esa 60 foizdan ortiqroqqa kamaydi. Transchegaraviy daryolar resurslarini birgalikda samarali boshqarish, ilg‘or texnologik yechimlar uchun muvofiqlashgan suv siyosatini ishlab chiqish muhim. Suv Markaziy Osiyo uchun birlashtiruvchi omil bo‘lishi va aslo ajratib tashlovchi ibtido bo‘lmasligi darkor", - dedi Qosim-Jo‘mart To‘qayev.

Koronavirus pandemiyasi haqida

"To‘plagan tajriba va ilmiy-tadqiqot ishlanmalari bilan bo‘lishishga tayyormiz. Turkmaniston prezidentining virusologiya va epidemiologiya markazini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Darhaqiqat, mazkur muhim sohada ilmiy hamkorlikni mustahkamlash kerak. Shu kunlarda Qirg‘izistonga qozoq vaksinasi yuborildi. Shuningdek, Rossiyaning "Sputnik V" vaksinasini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi", - dedi Qozog‘iston rahbari.

"Asosiy maqsadimiz – Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan, farovon mintaqaga aylantirish. Do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch ruhida barcha qiyinchiliklarni yengib o‘tishimiz va bu maqsadga erishishimizga ishonaman", - deya xulosa qildi Qozog‘iston prezidenti.

Mavzuga oid