Jahon | 14:47 / 12.08.2021
20002
2 daqiqa o‘qiladi

Eronda Rossiya va Britaniya elchilarining birgalikda tushgan surati noroziliklarga sabab bo‘ldi

Foto SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya yetakchilari Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchillning 1943 yilda Tehron konferensiyasida tushgan tarixiy suratini takrorlagandi.

Rossiyaning Erondagi elchisi Levan Jagaryan va Buyuk Britaniya elchisi Saymon Sherkliffning 11 avgust kuni chop etilgan birgalikda tushgan surati Eron siyosatchilari va rasmiy shaxslarining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Foto SSSR, AQSh va Buyuk Britaniya yetakchilari Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchillning 1943 yilda Tehron konferensiyasida tushgan tarixiy suratini takrorlagandi. Suratda Ruzveltning kursisi bo‘sh qolgan.

Eron tashqi ishlar vaziri Javod Zarif Twitter sahifasida ushbu fotosuratni nomaqbul deb atadi.

«Eron xalqi o‘z taqdiri hech qachon xorij elchixonalari yoki xorijiy davlatlar qaroriga bog‘liq emasligini ko‘rsatgan», — deb yozdi Zarif.

Mamlakat parlamenti raisi Muhammadboqir Qolibof har ikki elchini uzr so‘rashga chaqirib, aks holda Eron diplomatik harakatlarni amalga oshirishini aytdi.

Qayd etilishicha, fotosurat eronliklarga mamlakat suvereniteti uch mamlakat tomonidan buzilgan Ikkinchi jahon urushi davrini eslatadi. Eronning rasmiy hukmdori shoh Muhammad Rizo Pahlaviy Tehrondagi uchlik uchrashuvi haqida na xabardor qilingan, na taklif etilgan.

SSSR va Buyuk Britaniya Eronga 1941 yil sentabrda bostirib kirgandi. Okkupatsiya 1946 yilgacha davom etgan.

«Ushbu fotosuratdan yagona maqsad — Ikkinchi jahon urushi vaqtida ittifoqchi mamlakatlarning natsizmga qarshi kurashdagi harakatlariga hurmat bajo keltirish. Eron bizning do‘stimiz va qo‘shnimiz, biz o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlarni mustahkamlashda davom etamiz», — deb izoh berdi Rossiya elchixonasi o‘z Twitter sahifasida. Buyuk Britaniya elchisi Sherkliff bu izohni qayta tvit qildi.

Elchixonaning qo‘shimcha qilishicha, fotosurat orqali do‘st Eron xalqini haqoratlash maqsadi bo‘lmagan.

Mavzuga oid