O‘zbekiston | 20:07 / 24.11.2021
6833
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident xonaki parrandalar naslchiligi korxonalari tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident aholiga tarqatilayotgan tovuqlarni xonaki usulda boqib bo‘lmasligini aytib o‘tdi.

«Tijorat banklari tomonidan yiliga 11-12 million dona tovuq tarqatish bo‘yicha resurslar mavjud. Lekin bizdagi parranda naslchiligi sanoat uchun moslashgan bo‘lib, bunday parrandalarni xonaki usulda boqib bo‘lmaydi. Tajribada ko‘rdik, o‘lib qolyapti bunday tovuqlar.

Viloyat hokimlari «Parrandasanoat» bilan birga yil yakuniga qadar joylardagi ehtiyojni o‘rganib, hududning iqlim sharoitidan kelib chiqib, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlardan xonaki parranda tuxumlarini olib kelib, aholiga tarqatishni yo‘lga qo‘ysin.

Ikki oy muddatda hudud ehtiyojidan kelib chiqib, xonaki parrandalar naslchiligi korxonalari tashkil etilsin. Har bir hududda bu borada aniq natija ko‘rsatmasa, ularga qattiq chora ko‘raman. Bu hokimlarga oxirgi ogohlantirish!

Tijorat banklari va viloyat hokimlari bilan birga ikki hafta muddatda har bir tumanga kamida 100tadan kichik inkubatorlar yetkazib berish bo‘yicha ishlarni boshlasin.

Hokim yordamchilari mahallada ishlarni shunday loyihalardan boshlashi kerak. Shu bois, oldingi yillardagi xatolarni takrorlamaslik uchun, ushbu loyihalar yangicha mexanizm asosida amalga oshiriladi», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bunda:

  • hokim yordamchilari tomonidan har bir mahallada kooperatsiya asosida parranda, quyonchilik, qo‘y-echkichilik, asalarichilik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan «yetakchi» tadbirkorlar aniqlanadi;
  • tijorat banklari tomonidan ushbu tadbirkorlar bilan loyiha ishlab chiqilib, ularga kredit ajratiladi;
  • har bir tumanda yetkazib beruvchi tashkilotlar ro‘yxati shakllantirilib, joylarda «mobil tarqatish xizmatlari» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
  • ushbu loyihalarga oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 trillion so‘mdan ziyod kredit ajratiladi;
  • har bir tumanda veterinariya xizmatlari ko‘rsatish va ozuqa-yem tarqatish, aholini o‘qitish markazlari ochiladi.

«Kreditlar o‘z vaqtida qaytishini ta'minlash uchun barcha mahallada mahsulotga kafolatli xaridorni topib berish zarur. Ya'ni, oddiy aholi yetishtirgan tuxum, go‘sht, asalni kafolatli sotish orqali kreditni qaytaradigan tizimni yaratish lozim.

Bank rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan tumanlardagi aholi tomorqasida parranda, quyon, qo‘y va echki, asalarichilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalarini tushuntiradi.

Odamlarni boqishimiz kerak, inflatsiyani jilovlash kerak. Dunyodagi vaziyatni kuzatinglar, odamlarga ishlashni o‘rgatishimiz shart. Men zarur mablag‘ni moliyaga yuk bo‘lmagan holda ajratib beryapman», degan prezident.

Bog‘dorchilik agentligining viloyatlarda bo‘limlari, tumanlarda Meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi.

Loyiha ofislariga:

  • intensiv bog‘lar barpo etishga yaroqli yer uchastkalarini tanlash va ochiq tanlovga chiqarishni ta'minlash;
  • tijorat banklari bilan birga, ajratilayotgan kreditlar doirasida meva-sabzavotchilik loyihalarini ishlab chiqish;
  • ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib berish, agroxizmatlar ko‘rsatish, mahsulotni sotishni tashkil etishga ko‘maklashish vazifalari yuklanadi.

Mavzuga oid