O‘zbekiston | 20:40 / 21.12.2021
20342
4 daqiqa o‘qiladi

«Aniq loyihalarni boshlasin yoki yerni topshirsin» - Prezident vazirliklarga egallab turgan yerlari bo‘yicha hisobot berish vazifasini qo‘ydi

Yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev vazirlarga ajratilgan yerlar masalasida to‘xtalib o‘tdi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar qilishicha, davlat rahbari 2022 yildan 7ta vazirlik va idora foydalanishida bo‘lgan 13 million gektar, hokimliklar zaxirasidagi 3,3 million gektar yerning elektron xaritasini tuzish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish shartligini ko‘rsatib o‘tgan. Bugungi kunda 8 ming gektar o‘rmon yerlarida 27 mingta turar va noturar obektlar mavjud bo‘lgani bilan, ushbu maydon o‘rmon fondi yerlari toifasidan chiqarilmagan.

43 ming kilometr avtomobil yo‘llarida yer ajratish qarori bo‘lmagani bois ularning chegarasi va muhofaza zonasi qayerda boshlanib, qayerda tugashi noaniq. 7 ming kilometr temir yo‘llar hamda 820 ming gektar suv fondi yerlarida ham shu kabi muammolar mavjud.

Tegishli rahbarlar oldiga kelgusi yil 1 iyunga qadar haqiqatda egallab turgan yerlarni xatlovdan o‘tkazish ishlarni yakunlash va natijasi bo‘yicha hisobot berish vazifasi qo‘yilgan.

«Ushbu toifadagi yerlarning hisobi chiqqanidan keyin har bir vazirdan o‘ziga berilgan yerdan qanday foydalanishi bo‘yicha so‘rov bo‘ladi. Ularga budjetdan mablag‘ ajratish ham shunga qarab bo‘ladi. Shu bois ushbu vazirlar hozirdanoq hisob-kitobini qilib, ajratilgan yerlarda aniq loyihalarni boshlasin yoki yerni topshirsin», dedi prezident.

Qayd etilishicha, kadastr sohasi mutasaddilariga ishni quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etish topshirig‘i berilgan:

  • kelgusi yil 1 aprelga qadar qishloq xo‘jaligi yerlarini hisobga olish ishlarini yakuniga yetkazish;
  • yer balansidagi farq bo‘yicha yer maydonlarining egasi va aniq toifasini belgilab berish;
  • 38 mingta sub’yektga tegishli yer ajratish hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 1 million gektar maydonning ijara shartnomalarini rasmiylashtirish;
  • yer ajratish to‘g‘risidagi barcha qarorlarni xatlovdan o‘tkazib, ularning egasi, manzili va chegarasini aniq belgilab, kadastr idoralariga berish;
  • dehqon xo‘jaliklarini kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish ishlariga 20 milliard so‘m ajratish.

«Hokimlar bir narsani o‘zlariga yozib olsin. Dehqon xo‘jaligi uchun yerlar faqat tanlov asosida ushbu mahallada yashaydiganlarga, daftarlarga kirganlarga, dehqonchilik tajribasiga ega bo‘lganlarga ustuvorlik asosida beriladi», degan prezident.

Shu bois viloyat hokimlariga bir oy muddatda kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni, eng avvalo, zaxiraga qaytargan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, lotlarga bo‘lib, tanlovga chiqarish topshirig‘i berilgan.

Davlat rahbari yer sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha Bosh prokuratura tegishli mas’ullarining faoliyatidan mutlaqo norozi ekanini ta’kidladi.

«Qonun bilan hamma vakolatlar belgilab berildi, javobgarlik bir necha karra kuchaytirildi. Lekin amalda qani?» degan prezident.

Mavzuga oid