O‘zbekiston | 12:26 / 27.12.2021
15897
15 daqiqa o‘qiladi

E’tiborsizlik tovoni: Ichimlik suvi iste’molchilari gardaniga to‘lab bo‘lmaydigan summalar yuklanmoqda

Shaharlarda jo‘mrak buralsa bas, kranlardan zilol suv oqib turibdi. Shu sabab ayrimlar uning qadriga yetmayotgani ham rost. Ayrimlar esa, e’tiborsizlik sabab suvsozlarning millionlab so‘mlik jarimalariga giriftor bo‘lmoqda.

O‘zbekistonda ichimlik suvi 65 foizi yerosti va 35 foizi yerusti suv manbalaridan yetkazib beriladi. Suvni markazlashgan tizimlar orqali aholiga uzluksiz va sifatli qilib yetkazish berish ko‘p mashaqqat, mehnat va xarajat talab etadi. Shuning uchun suv uchun to‘lovni ham o‘z vaqtida to‘lab borishni unutmaslik kerak.

To‘lov o‘z yo‘liga. Suv hisoblagich asboblarning ham risoladagidek ishlashini nazorat qilish iste’molchilar gardanida. O‘z vaqtida tekshiruvdan o‘tkazilmagan va noto‘g‘ri ishlayotgan hisoblagichlar ham katta jarimalarga sabab bo‘lishi mumkin ekan.

So‘nggi yillarda Samarqand shahrida ichimlik suvi va oqova xizmatlari haqini undirish to‘g‘risidagi da’volarning sudlarga berilishi ortib borayotgani, iste’molchilar tomonidan markazlashgan suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish, ulardan foydalanish qoidalarini buzish holatlari ko‘payganini ko‘rsatmoqda.

Masalan, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ tomonidan 2021 yilning 10 oyi davomida tuzilgan dalolatnomalarga asosan ichimlik suvi va oqova xizmati haqini undirish borasida jami 208 ta da’vo arizalar kiritilgan.

Iqtisodiy sudlar tomonidan 180 ta ish ko‘rib hal etilgan va 142 ta da’vo arizasi qanoatlantirilib, iste’molchilardan «Samarqand suv ta’minoti» MChJ foydasiga 5 mlrd 731 mln so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarorlari qabul qilingan.

Sudlarda ko‘rib chiqilgan shu toifadagi ishlarning tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, iste’molchilar asosan quyidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yishgan:

  • markazlashgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish;
  • ulardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish;
  • suv o‘lchagich asboblaridagi tamg‘alarning saqlanmaganligi;
  • suv o‘lchagich asboblarini o‘z vaqtida qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazish choralarini ko‘rmaganligi;
  • tamg‘alanmagan suv o‘lchagich asboblaridan foydalanganligi.

Hisoblagichi ro‘yxatdan o‘tmagan bog‘chaga 200 mln so‘m jarima

Samarqand shahridagi 107-son bog‘cha markazlashtirilgan suv ta’minoti tizimiga D=32 mm plastmassa quvur orqali ulanganligi ma’lum bo‘lgan. Tekshirish kunigacha tashkilot suv o‘lchagich asbobini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘zboshimchalik bilan faoliyat ko‘rsatib kelgan. «Samarqand suv ta’minoti» MChJ sudga da’vo arizasi kiritib, javobgardan qoidabuzilish uchun hisoblangan suv sarfi uchun 179 mln 816 ming so‘m, oqova xizmati uchun 144 mln 294 ming so‘m jami, 324 111 ming so‘m undirishni so‘ragan.

Sud javobgarning uzoq vaqt mobaynida suv o‘lchagich asbobini qayta ro‘yxatga qo‘ymasdan faoliyat yuritganligini suvdan noqonuniy foydalanish deb baholab, da’vo arizasini qisman qanoatlantirib, javobgardan da’vogar foydasiga jami 207 mln 678 ming so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilgan.

O‘rinli savol tug‘iladi: Bog‘cha quvurga suv o‘lchagich o‘rnatgan, lekin uni ro‘yxatdan o‘tkazmabdi. Shuning uchun da’vogar 324 mln 111 ming so‘m undirishni so‘ragan. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarorida shunday tartib belgilangan.

Sud javobgarga imkon qadar qonuniy yordam qilyapti va undiruv summasi kamaytirilib, 207 mln 678 ming so‘m qilib belgilanmoqda. Ammo, bu summa bitta bolalar bog‘chasi uchun ko‘plik qilmaydimi? Holbuki, respublikamizda deyarli yo‘qolib ketayozgan maktabgacha ta’lim tizimini jonlantirishga kirishilgan bir paytda. Qolaversa, bu pulni kim to‘laydi, davlat budjetimi yo bolajonlarning ota-onalarimi?

 

Yetti asrga yetgulik suv to‘lovi

Ikkinchi misol. Samarqand tumanidagi «M.S.S» MChJ chakana savdo bilan shug‘ullanadi. Do‘kon esa ijaraga olingan. Do‘konda qo‘l yuvish uchun bitta vodoprovod krani va rakovina mavjud. Suvdan faqat maishiy maqsadda foydalaniladi.

Jamiyat rahbarlarini Tayloq tumanlararo sudiga chaqirishdi. «Samarqand suv ta’minoti» MChJ ulardan 84 mln 89 ming so‘m undirishni so‘rab, Tayloq tumanlararo sudiga murojaat qilibdi.

Sud jarayonida ma’lum qilinishicha, 2020 yil 6 fevral kuni «Suvoqova» DUK xodimlari tomonidan do‘konda tekshirish o‘tkazilib, suv o‘lchagich asbobi ishlamayotganligi aniqlangan va dalolatnoma tuzilgan. Unga ko‘ra do‘konda suv hisoblagich o‘rnatilgan sana 2017 yil 7 iyundan tekshirish o‘tkazilgan kungacha bo‘lgan davrda suv hisobsiz ishlatilgan deb, hukumatning 2014 yil 194-sonli qarori 2-ilovasidagi qoidalarga ko‘ra, 84 mln 89 ming so‘m zarar yetkazilgan, degan xulosaga kelingan.

Tadbirkor bundan bexabar. Unda hattoki dalolatnoma nusxasi ham yo‘q. Chunki dalolatnoma tuzilganligini bilganida kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilib, ishni sudga yetkazmay hal qilgan bo‘lar edi. Chunki tadbirkor 2019 yil yanvar oyigacha o‘z vaqtida hisobot topshirib, to‘lovlarni amalga oshirib kelgan. Hujjatlari bor. Da’vogar esa hisoblashni 2017 yil 7 iyundan boshlab turibdi.

Mana shu jo‘mrakdan 3 yilda 84 mln so‘mlik suv oqib ketgan emish.

Buning ustiga «Samarqand suv ta’minoti» MChJ 2021 yil 4 fevralda talabnoma bilan murojaat qilib, tadbirkordan 84 mln 89 ming so‘m qarzdorlikni to‘lashni so‘rab murojaat qilganmiz, lekin javobgar to‘lash chorasini ko‘rmadi, deb turibdi.

To‘g‘ri, da’vogar bu talabnomani chiqarib, imzo muhr qo‘yib o‘z hujjatlariga o‘z vaqtida tikib qo‘ygandir. Lekin tadbirkor bu talabnomadan ham bexabar. Bu talabnoma unga yetib kelganda, u zudlik bilan «Samarqand suv ta’minoti» MChJga yugurib borib masalaga oydinlik kiritar edi.

Chunki, undirish so‘ralayotgan raqam oddiy emas, dahshatga tushiradigan summa! Axir 84 mln so‘m 24 ming metr kub suvning puli bo‘ladi, vaholanki do‘kon bir yil davomida bor-yo‘g‘i 30 kub metr suv ishlatgan.

Buncha suvni ishlatish uchun 668 yil kerak bo‘ladi. Boshqacha aytganda, suv hisoblagich asbobi buzilganligi uchun do‘kondan salkam yetti asrga yetgulik suvning pulini to‘lash talab qilinmoqda.

Hujjatlarda quvur 20 mm ekanligi ko‘rsatilgan va shu asosda hisob-kitob qilingan. Shu faktning o‘zi ham nazoratchilar dalolatnomani savdo do‘konida tuzmaganini anglatadi. Tadbirkor quvur diametri 15 mm ekanini ma’lum qilgach, da’vogar qayta hisob-kitob qilib, summani 64,5 mln so‘mgacha qayta hisoblaydi va sud shuni inobatga oldi.

Bu fakt ham hukumatning 2014 yilgi 194-sonli qarori uning ilovasidagi qoidalar biryoqlama va o‘ta keskin tarzda yozilganiga ishora qilyapti. Endi tadbirkor Oliy sudga shikoyat yozib, katta umidlar bilan ko‘z tikib turibdi.

Tadbirkor qoidabuzarlik sodir bo‘lganini tan olib turibdi. Hech bo‘lmasa da’vogar oxirgi hisobot topshirilgan 2019 yil yanvardan tekshirish o‘tkazilgan 2020 yil 6 fevralgacha bo‘lgan muddat uchun hisoblasin, deya iltijo qilyapti. Uni eshitadigan odam yo‘q.

Tadbirkor suv uchun 64,5 million so‘m to‘laydigan bo‘lsa qarzga botib, faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ladi. Bir tadbirkorlik sub’yekti tugatilib, 4–5 kishi ishsiz qoladi.

Hatto jinoiy jazolar liberallashtirilib, yetkazilgan zararni qoplagan, aybiga iqror bo‘lgan, qilmishiga pushaymon bo‘lib kechirim so‘ragan, qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan jinoyatchilarning jazosi yengillashtirilyapti. Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar belgilanmoqda, qamoqdagilar ozod qilinyapti, lekin suv ishlatish qoidasini biroz buzganlar qattiq jazolanyapti, ular xonavayron bo‘lyapti.

Yo‘qsa, 15 mm.lik quvur ulagan, oyiga o‘rtacha 3 kub metr suv ishlatadigan, bir yilda ichimlik suv uchun 51 120 so‘m to‘lab kelayotgan tadbirkorning bo‘yniga har zamonda qo‘l yuvgani uchun 64,5 mln so‘m ilib qo‘yish adolatdanmi?

3 oyning badali

Qashqadaryo viloyat iqtisodiy sudining apellyatsiya sudlov hay’atida ko‘rilgan ishga e’tibor qarating.

Qarshi shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi «OFSET FAYZ» MChJ bilan «QASHQADARYO SUV TA’MINOTI» MChJ o‘rtasida 2021 yil 4 yanvarda suvdan foydalanish xususida shartnoma tuzilgan. Tadbirkor hisoblagich o‘rnatib, uni muhrlash uchun davlat xizmatlari markaziga tegishli tartibda ariza bilan murojaat qilgan. Biroq, metrolog xodimlarning ishi ko‘pligi sababli murojaat o‘z vaqtida (sud hujjatida shunday yozilgan) o‘rganib chiqilib, javob berilmagan.

Oradan 3 oy o‘tib, 23 mart kuni «QASHQADARYO SUV TA’MINOTI» MChJ xodimlari kelib tekshirish o‘tkazgan va diametri 20 mm ichimlik suv quvuridan suv o‘lchagich asbobi standart muhri mavjudligi, ammo suv qudug‘i sanitariya holatiga javob bermasligi va suv o‘lchagich asbobi suv ta’minoti bo‘limining nazorat muhri yo‘qligini aniqlab, 8,375 mln so‘m zarar hisoblagan va dalolatnoma tuzgan.

Ish sudgacha borgan. Birinchi instansiya sudi «QASHQADARYO SUV TA’MINOTI» MChJ da’vosini qanoatlantirib, tadbirkordan 8,375 mln so‘m zarar undirish haqida hal qiluv qarori chiqargan. Tadbirkor viloyat sudiga apellyatsiya shikoyati yozgach, Qashqadaryo viloyat sudida adolat qaror topib, zararni undirish rad etildi.

Standart muhri mavjud bo‘lgan suv o‘lchagich asbobiga nazorat muhri urdirish uchun murojaat qilib, o‘z vaqtida javob ololmagan tadbirkor 3 oygina suv ishlatib, suvsozlarga 8,375 mln so‘m zarar yetkazgani qaysi qolipga sig‘adi?

Undiriladigan zarar ulkan, ammo suvsozlar norozi

«Samarqand suv ta’minoti» MChJ sudga da’vo ariza bilan murojaat qilib, «Darg‘om» davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi ichimlik suv tarmog‘iga D=32 mm.li plastmassa quvur orqali ulanib, suv o‘lchagich asbobini ro‘yxatga qo‘ymasdan faoliyat ko‘rsatib kelayotganligi uchun 371,5 mln so‘m undirishni so‘ragan.

MChJ va «Darg‘om» davlat o‘rmon ishlab chiqarish korxonasi o‘rtasida 2020 yil 11 iyun kuni shartnoma tuzilgan, so‘ngra D=20 mm quvur orqali ulanib, LK-20 suv o‘lchagich asbobi o‘rnatilgan.

2021 yil 6 yanvar kuni «Samarqand suv ta’minoti» MChJ xodimi tomonidan tekshirish o‘tkazilganda, suv o‘lchagich asbobi qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazilmagan hamda plombalanmagani aniqlangan. Kamchiliklar korxona tomonidan 2021 yil 11 yanvar kuni «Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali»ga murojaat qilish orqali tegishli tartibda bartaraf etilgan.

Biroq, da’vogar hukumatning 2014 yil 194-sonli qarori 2-ilovasidagi qoida talablariga muvofiq, iste’molchi suv o‘lchagich asbobini o‘z vaqtida davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazib, davlat ro‘yxatiga qo‘ymasdan (plombalamasdan) foydalanib kelgani uchun unga nisbatan foydalanilgan suv miqdorini quvur kesimi bo‘yicha suv o‘lchagich asbobini plombalash uchun ariza berilgan kungacha bo‘lgan 3 yillik davr hisobga olinib, 371,5 mln so‘m zarar yetkazgan, deb hisoblangan.

Endi e’tibor bering: tashkilot bu manzilga kelganiga 6 oy bo‘lgan. Shartnoma tuzilganiga ham 6 oy bo‘lgan. Suv o‘lchagich asbobi o‘rnatilgan. Faqat ko‘rikdan o‘tkazilmaganligi va plombalanmaganligi uchun shuncha zarar yetkazilgan ekan. Buning ustiga korxona uncha katta ham emas, jami 33 kishi ishlaydi.

Sud har bir holatga odilona baho berib, 63,44 mln so‘m undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqardi. Ushbu vaziyatda e’tiborsizlikka yo‘l qo‘ygan tashkilotni ham oppoq, deya olmaymiz. Ular ham o‘z qoidabuzarligi uchun jazoga rozi, faqat jazo yoki jarima qilmishga yarasha bo‘lsa-da. Sud ham qonun doirasidan chiqolmaydi, chunki hukumatning 194-sonli qarori talablari amalda.

Qizig‘i shundaki, «Samarqand suv ta’minoti» MChJ sudning bu qaroridan norozi bo‘lib, Oliy sudga kassatsiya shikoyati yozgan.

* * *

Bunday misollarni juda ko‘plab keltirish mumkin. Bu fikrlar bilan qay bir tashkilotni oq, boshqasini qora, deyishdan yiroqmiz. Chunki, iste’molchilar ham butunlay aybsiz emas. Asos borki, sudlarga da’vo arizasi kiritilmoqda. Suvsozlar ham talab darajasida ishlayotgan iste’molchilarga biror e’tiroz bildirayotgani yo‘q va o‘zaro hamkorlikda ishlamoqda. Sudlar ham adolat nuqtayi nazaridan xulosa qilishga harakat qilyapti, ammo amaldagi me’yoriy hujjatlardan chetga chiqib bo‘lmaydi.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 15 iyuldagi 194-sonli qarori qabul qilingan chog‘da, ehtimol keskin choralar qo‘llashga ehtiyoj bo‘lgandir. Zamon va jamiyat o‘zgarishiga qarab kodekslar, qonunlar, hatto Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilayotgan bir paytda hukumatning mazkur qarori qayta ko‘rib chiqilishi, liberallashtirilishi kerak.

Aytmoqchi bo‘lganimiz: jazo ham, jarima ham, xullas, har qanday ta’sir chorasi qilmishga yarasha bo‘lishi kerak. Shundagina u chinakam tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.

Sadriddin NABIYeV,
O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi.

Mavzuga oid