Jahon | 13:08 / 03.01.2022
53754
10 daqiqa o‘qiladi

Ramzan Qodirov fenomeni: Kichik hudud rahbari qanday qilib “katta vaznli” siyosatchiga aylanib qolgan?

“Men Allohning quli, Putinning askari, xalqning xizmatkoriman!” – ustalik bilan tizilgan bu jumla Rossiyaning mitti, ammo o‘ta ahamiyatli hududi Checheniston rahbari Ramzan (Ramazon) Qodirovga tegishli. Qodirovning bugungi Rossiyadagi siyosiy vazni kattaligidan, ba’zi ekspertlar uning quyushqon va nazoratdan chiqib ketishi haqida hadik bilan fikr bildiradilar.

Fotokollaj: Kun.uz

Umuman, siyosiy sahnaning shunday o‘yinchilari borki, ularni yo yomon, yo yaxshi ko‘rishadi. Ramzan Qodirov aynan shunday rahbarlardan hisoblanadi. Kim uchundir u eng murakkab respublikada tinchlik o‘rnata olgan va farovonlikka erishgan qahramon, yana kim uchundir shafqatsiz hamda o‘ziga xon, ko‘lankasi maydon diktator.

Qodirovning o‘zi maqtovlardan xursand bo‘lsa-da, tanqidlarni pisand qilmaydi, inson huquqlari, dunyoviy qonunlar, Rossiya Federatsiyasining umumiy qoidalariga oid tushunchalarga ko‘p ham bo‘ysunmaydi. Checheniston faqat unga ajratilgan hudud degan aqidaga amal qiladi va o‘zini faqat oliy rahnamo – Putinning oldidagina hisobdor sanaydi.

Prezident Putin esa uning barcha injiqliklariga ko‘z yumadi, istaganicha qo‘llab-quvvatlashga va pul berishga tayyor. Lekin talab bitta – “chechen muammosi” bo‘lmasligi kerak! Bu qanday muammo ekaniga quyida to‘xtalamiz.

Chechen urushlari

Sobiq ittifoqdan chiqqan, ammo iqtisodi o‘ta abgor ahvolga tushgan Rossiya yana bir jiddiy muammo – qator hududlardagi separatistik chaqiriqlarga duch keldi. Ularning eng jiddiysi Chechenistonda edi. “Mustaqil Ichkeriya” deb nom olgan o‘ziga xos davlat tuzib olingan bu hudud nafaqat Rossiyaga bo‘ysunmas, balki terroristik xurujlar bilan unga jiddiy xavf solib turardi. Vaziyat shubhasiz urush sari olib borar, lekin bu urushning yakuni boshlanmasidanoq aniqdek edi.

1994-1996 yillar davomida olib borilgan birinchi chechen urushi “Checheniston hududida Rossiya konstitutsion tartibini qayta tiklash” nomi bilan o‘tkazilgan bo‘lsa-da, amalda nafaqat bunday bo‘lmadi, balki har ikki tomon urushning elementar qoidalariga amal qilmadi. Jangovar ruhi o‘ta sust federal kuchlar har qanday qurolni har qanday obekt yoki aholi punktiga tartibsiz yo‘naltiravergan bo‘lsalar, mustaqil Ichkeriya qo‘shinlari chechen bo‘lmagan (asosan rus) aholini ayovsiz qirish va qo‘poruvchilik, tinch aholini garovga olish bilan javob qaytardilar.

Boris Yelsindek uquvsiz va qayta saylanishga ishqiboz prezident boshchiligidagi bu urush uning nazdida g‘alaba bilan yakunlangandek talqin qilingan bo‘lsa-da, amalda Rossiya qo‘shinlarining Checheniston hududidan olib chiqib ketilishi va respublika maqomini belgilash bo‘yicha qaror 2001 yilgacha ortga surilishi bilan yakunlandi. Ya’ni shuncha qon to‘kilgan urushda biror natijaga erishilmadi.

Ikkinchi chechen urushini ko‘pchilik Yelsinning ketishi va Putinning kelishi bilan bog‘lashadi. Bu huquqiy jihatdan noto‘g‘ri. 1999 yilning 7 avgustida chechen ayirmachilarining Dog‘istonga hujumi ortidan boshlangan bu urush davrida hali Yelsin taxt tepasida edi. Ammo qarib qolgan, ichkilikka mukkasidan ketgan, hamma uchun ermakka aylanib ulgurgan prezidentning jiddiy qarorlarni qabul qilishi chindan shubha ostida bo‘lgan. 1999 yilning so‘nggi kunida Yelsin prezidentlikdan voz kechdi va abgor Rossiyani chechen muammosi bilan birga Putinga qoldirdi.

Yosh, qat’iyatli va eng muhimi polkovnik rutbasidagi yangi rahbar uchun bu urush prinsipial masala edi. Katta-kichik g‘alabalar, ulkan yo‘qotishlar, adoqsiz qo‘poruvchilik va og‘riq bilan davom etgan urush natijasida separatistlar yetakchilari birma-bir yo‘q qilindi.

Ota ochgan yo‘l

Chechenistonga barcha taraflarni birlashtira oladigan rahbar zarurligi allaqachon ayon bo‘lgan, Moskva bunday rahbar albatta mahalliy aholi vakili bo‘lishini anglab yetgan holda uning mavqeyi tinchlikka xizmat qilishi zarurligini tushunib turardi. Ramzan Qodirovning otasi – Ahmadhoji Qodirovning zimmasiga ana shunday mas’uliyat yuklandi.

Buxorodagi Mir Arab madrasasi va Toshkent Islom institutini tugallagan Ahmad Qodirov 1995-2000 yillar oralig‘ida mustaqil Ichkeriyada muftiy vazifasini bajargani, Islomning barcha talablarini yaxshi bilishi – eng muhimi, qon to‘kilishini oqlamasligi bilan umid uyg‘otgandi. Maqsad bir qarashda tushunarli edi: Ahmadhoji Qodirov barcha bilan til topisha oladigan munosib nomzod bo‘lishi zarur!

2000 yilda u muftiylikni topshirdi va Checheniston administratsiyasi rahbariga aylandi. 2003 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Ahmadhoji Qodirov 80,84 foiz ovoz oldi. Ammo hojiga uzoq kutilgan tinchlik o‘rnatish nasib qilmadi – 2004 yilning 9 may kuni, bayram nishonlanayotgan tribunada portlatib yuborildi va shu onning o‘zidayoq jon taslim qildi. Checheniston yana yetakchisiz va mavhumlik ichida qoldi.

Katta sahnaga chiqish

Ramzan Qodirov zudlik bilan Moskvaga chaqirtirildi va unga shaxsan Putinning o‘zi bevosita hamdardlik bildirdi. Endi respublikani kim boshqarishi masalasi yana ko‘tarildi. Ko‘pchilik bu paytda ancha ko‘zga ko‘rinib qolgan Ramzan Qodirovni bu o‘ringa munosib ko‘ra boshlagandi. Ammo amaldagi konstitutsiyaga muvofiq 30 yosh talabi bo‘lib, bu paytda Ramzan endi 28 yoshga kirgandi. Saylovlar bo‘lib o‘tdi va ichki ishlar vakili Ali Alxanov Checheniston prezidentligiga kirishdi. Ramzan Qodirov keyinchalik hukumat raisi lavozimiga loyiq ko‘rildi.

Ammo shu daqiqalardan boshlab uning siyosiy karerasi shiddat bilan yuqorilay boshladi va eng yuqori doiralardan bu yigitga umid bildirilayotgani sezilib turardi. Hammasi vaqt masalasi edi va shunday bo‘ldi ham – 2007 yilda Ali Alxanov iste’foga chiqdi yoki go‘yo “ko‘tarildi” va Moskvaga ishga o‘tkazildi.

Birinchi chechen urushida Rossiya qo‘shinlariga qarshi kurashgan, ikkinchi chechen urushida esa federal qo‘shinlar tarafida turib, ayirmachilarga qarshi kurashgan Ramzan Qodirov Chechenistonning to‘laqonli rahbari bo‘ldi. U dastlab “vazifasini bajaruvchi” maqomida ishga kirishgan bo‘lsa, tez orada o‘tkazilgan saylovlarda o‘z maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlab oldi.

Yuqori reytinglar

Bugungi kunda Ramzan Qodirov Chechenistonning azaliy va abadiy rahbari degan tushuncha shakllanib ulgurgan. Uning muvaffaqiyati sababi oddiy va tushunarli – hududdagi tinchlik uchun unga istaganini berishadi va uning o‘zi ham xohlagan choralarni ko‘rish huquqiga ega. Urushlardan charchagan xalq aynan uning qiyofasida tinchlikka mujda ko‘rgan bo‘lsa, Putin boshliq federal markaz Qodirovning barcha bilan til topisha olishi va qat’iyatiga ishonch bildirgan.

Ramzan Qodirovning katta sahnaga chiqishi Rossiya iqtisodiyotiga neft-gaz eksportidan bemisl pullar yog‘ilishi davriga to‘g‘ri keldi. Bu paytda Putinning reytingi ham juda baland edi va Ramzan Qodirov prezident bilan juda yaqinligini yashirmasdi ham.

Kichkina respublika uchun ajratilgan ulkan dotatsiyalarni Qodirov ustalik bilan ishlata oldi. Dastlab urushlardan vayron bo‘lgan infratuzilma tiklandi, keyin keng hajmli bunyodkorlik ishlari olib borildi, vanihoyat respublika hududida bir kishiga so‘zsiz bo‘ysuniladigan tizim yaratildi.

Dastlab “nima bo‘lsa ham urush bo‘lmasin” tamoyili asosida ta’minlab turilgan hudud tez orada Rossiyaning Islom markazlaridan biri sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Qodirov nafaqat Rossiya, balki qator xorijiy davlatlarda ham kutilgan mehmonga aylandi. Ayniqsa, poytaxt Grozniy shahri bugungi kunda turistlarni ohanrabodek torta boshladi.

Tanqidlar

Qodirov boshqaruvining tanqidchilari juda ko‘p. Respublika budjetining asosiy qismi federal budjetdan qoplanishi, ya’ni amalda boshqa hududlar Checheniston uchun ishlab berishi iqtisodchilar ensasini qotirsa, Ramzanning faqat Putinnigina tan olishi siyosatchilarning g‘azabini qo‘zg‘atadi. G‘arbda esa uni respublika hududida o‘ziga xos qonunlar o‘rnatgani, davlat ichra davlat yaratib olgani, maxfiy qamoqxonalar ishlatishi va eng og‘iri – yo‘rig‘iga yurmaganlarni shunchaki yo‘qotib yuborishini aytib bong urishadi.

Rossiya harbiylari ham bezovta – bir necha marta Checheniston hududidagi Qodirovga bo‘ysunuvchi kuchlar federal qo‘shinlar bilan ziddiyatga borgan, vaziyat shaxsan Ramzanning aralashuvi bilangina tinchitilgan bo‘lsa, umuman respublika hududida alohida tuzilmalar paydo bo‘lishi kelajakda ularga qarshi kurashish zarurati paydo bo‘lishidan xavotirlanishadi.

Lekin hozircha Ramzan Qodirov muvozanatni saqlay olyapti va o‘ziga yuklatilgan eng muhim vazifa – tinchlik va nisbiy birlikni barqaror ushlab turibdi. Vladimir Putin “taxt” tepasida ekan, bu ittifoq davom etaverishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid