O‘zbekiston | 23:46 / 20.01.2022
9527
4 daqiqa o‘qiladi

Raqobat bor joyda soliq yukining oshishi narxlarni oshirmaydi - MB raisi

Raqobatga asoslangan iqtisodiyotda soliq yukining o‘zgarishi inflatsiyaga bevosita ta’sir qilmaydi, O‘zbekistonda esa hali raqobat muhiti to‘la shakllanmagan, dedi Mamarizo Nurmurodov.

Foto: Kun.uz

20 yanvar kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Kun.uz muxbirining soliq yukining oshishi inflatsiyaga qanchalik ta’sir qilishi haqidagi savoliga javob berdi.

“Iqtisodchi sifatida shu narsani aytishim kerakki, soliq yuki oshishi yoki kamayishining bevosita inflatsiyaga ta’siri yo‘q, ya’ni uning ta’siri faqatgina mahsulot ishlab chiqargan biznes sub’yektining daromadiga ta’sir qiladi. Chunki narx-navoni bozor belgilaydi. Soliq yuki oshsa, bevosita bu soliqlar orqali tannarx xarajatlari oshishi mumkin. Va, albatta, bu tadbirkor daromadlarining pasayishiga ta’sir qiladi. Narx-navo shakllanishi va u orqali inflatsiyaga buning bevosita ta’siri yo‘q. Shu fikrdan kelib chiqib, pul kredit siyosatini shakllantiramiz”, – dedi u.

Bankers.uz sayti jurnalisti soliq yukining oshishi mahsulot tannarxi oshishiga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, bu inflyatsion targetlash maqsadlariga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi haqida so‘radi.

Yuqorida soliq yukining oshishi inflatsiyaga bevosita ta’sir qilmasligini aytgan Markaziy bank raisi o‘zi bildirgan fikrlarga tuzatish kiritdi.

“Soliq yukining oshishi ijara to‘lovlariga ta’sirini o‘tkazadi. Bevosita ishlab chiqarishda esa daromadga ta’sir qiladi. Masalan, mana shu stakanning narxi 100 so‘m, lekin ertaga soliq ko‘payib ketdi, deb uning narxini 110 so‘m qilsa, buni hech kim olmaydi. Faqat asosiy narsa shuki, men buni 100 so‘mga sotib, 30 so‘m daromad olayotgan bo‘lsam, endi mening daromadim 10 so‘mga kamayadi.

[Soliq yukining oshishi] oxir-oqibatda narxning o‘sishiga olib kelishi mumkin, qachonki buni ishlab chiqarish menga zararli bo‘lib qolsa. Zararli bo‘lgandan keyin buni ishlab chiqarmayman, ishlab chiqarmasam bozorda taklif kamayadi, bu kelgusida narxni oshiradi.

Bu – juda uzoq jarayon. Tajribamdan kelib chiqib shuni aytishim mumkinki, bozor sharoiti, raqobat to‘liq rivojlangan iqtisodiyotda soliq yukining o‘zgarishi bevosita inflatsiyaga ta’sir qilmaydi. Bizning sharoitda esa bu savol juda o‘rinli, chunki bizda hali raqobat muhiti to‘liq shakllanmagan, ayrim monopol tashkilotlarimiz yoki ayrim monopol yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan sub’yektlarimiz narx-navoga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Shu nuqtayi nazardan savolingiz o‘rinli, men bevosita raqobat muhiti shakllangan iqtisodiyotdan kelib chiqib aytyapman” – dedi Mamarizo Nurmurodov.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 1 yanvardan boshlab yuridik shaxslar uchun mulk solig‘i 2 foizdan 1,5 foizga pasaytirildi, lekin binolar uchun soliq bazasining minimal qiymati belgilab qo‘yildi. Bu minimum qiymatlar 1 kv.m. maydon uchun quyidagicha:

  • Toshkentda – 2,5 mln so‘m;
  • Nukus shahri va viloyatlar markazlari –  1,5 mln so‘m;
  • boshqa shaharlar va qishloq joylar – 1 mln so‘m.

Davlat soliq qo‘mitasining prognoziga ko‘ra, mazkur o‘zgarish natijasida mulk solig‘i to‘lovchi 69 mingta yuridik shaxsdan:

  • 21 mingdan ortiqrog‘i uchun mulk solig‘i o‘tgan yilgiga qaraganda kamayadi;
  • 41 mingtasida mulk solig‘i yuki oshadi;
  • 7 mingtasida mulk solig‘i yuki o‘zgarmay qoladi.

Qo‘mita raisi Sherzod Qudbiyev mulk solig‘i ortishi narxlarga ta’sir qilmasligini aytib, buni umumiy soliqlar doirasida mulk solig‘ining ulushi juda kichikligi bilan izohlagandi.

Mavzuga oid