16:45 / 24.01.2022
13826

NATO davlatlari Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha kuch tashlaydi

Foto: Francisco Seco / AP

NATOga a’zo mamlakatlar Sharqiy Yevropaga qo‘shimcha kuchlar yuborishni boshlaydi, bu haqda Shimoliy Atlantika alyansi saytida ma’lum qilingan.

Daniya Boltiq dengiziga fregat yuboradi va Litvaga NATOning mintaqadagi havo kengliklarini kuzatish missiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun to‘rtta F-16 qiruvchi samolyotini yo‘naltiradi. Ispaniya NATO guruhini kuchaytirish uchun harbiy kemalar jo‘natmoqchi, shuningdek o‘z qiruvchi samolyotlarini Bolgariyaga yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Niderlandlar esa Bolgariyaga F-35 rusumli ikki samolyotini yuborishga qaror qilgan. Niderland floti kemasi va quruqlikdagi piyoda qism ham NATO tezkor harakat kuchlariga qo‘shiladi. Fransiya o‘z kontingentini NATO qo‘mondonligi ostida Ruminiyaga joylashtirishga tayyorligini ma’lum qilgan. AQSh ham Sharqiy Yevropadagi harbiylari sonini oshirishni rejalashtirmoqda.

«NATO o‘zining va barcha ittifoqchilarining himoyasi uchun, barcha zarur choralarni qabul qilishda, jumladan alyansning sharqiy qanotini mustahkamlashda davom etadi. Biz hamisha xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning har qanday yomonlashuviga kollektiv mudofaani kuchaytirish orqali javob qaytaramiz», — degan NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg.

Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov Rossiya AQSh Boltiqbo‘yi davlatlari va Sharqiy Yevropada harbiylarini ko‘paytirishiga munosib javob qaytarishini aytgan.

«Tabiiyki, Rossiya bunday harakatlarni oqibatsiz qoldirmaydi va ortib borayotgan tahdidlarga javob berish uchun tegishli choralarni ko‘radi», — deya uning so‘zlarini keltiradi «Interfaks» agentligi.

  • The New York Times gazetasi 22 yanvar kuni o‘z manbasiga asoslangan holda AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqidagi xabarlar fonida Boltiqbo‘yi va Sharqiy Yevropaga bir necha ming qo‘shin jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar tarqatgan.
  • 2021 yil kuzidan buyon Rossiya Ukraina bilan chegaraga 100 ming atrofida askar joylashtirgan. G‘arb davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligidan xavotirlanmoqda, rasmiy Moskva buni rad etib, chegaraga qo‘shin tashlashini mashg‘ulotlar bilan izohlaydi.
  • Ukraina atrofidagi vaziyat keskinlashishi fonida AQSh va Buyuk Britaniya Kiyevdagi diplomatik missiyalari xodimlarining bir qismi va ularning oila a’zolarini evakuatsiya qilishga kirishgan.
Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top