Fan-texnika | 16:09 / 30.01.2022
135888
6 daqiqa o‘qiladi

Maskning odamsimon robotlari va eng tezkor superkompyuter - hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnologiya va ilm-fanga oid xabarlarni jamladi.

Ilon Maskning odamsimon robotlari

Foto: Tesla

Optimus nomli inson ko‘rinishidagi robotlar ishlab chiqarish Tesla kompaniyasining joriy yildagi eng muhim ishlanmasi bo‘ladi. Bu haqda kompaniya rahbari va asoschisi Ilon Mask investorlar bilan o‘tkazilgan videokonferensiya davomida aytib o‘tgan.

Maskning ta’kidlashicha, kelajakda robot ishlab chiqarish Tesla uchun avtomobil biznesidan ko‘ra muhimroq bo‘lishi mumkin va ishchi kuchi tanqisligini yengishda yordam beradi.

Robot taqdimoti ilk bor o‘tgan yilning avgust oyida o‘tkazilgandi. Uning bo‘yi taxminan 173 sm, vazni — 57 kg bo‘ladi va 8 km/soat tezlikda yura oladi, 20 kg gacha bo‘lgan narsalarni ko‘tarish qobiliyatiga ega.

U sun’iy intellekt tizimi, shuningdek, Tesla elektromobillarida qo‘llaniladigan datchiklar to‘plami bilan jihozlanishi kutilmoqda. Robotning yuz qismi o‘rniga foydali ma’lumotlarni ko‘rsatadigan monitor o‘rnatiladi.

Dunyodagi eng tezkor superkompyuter

Foto: IBM

Meta sun’iy intellektga asoslangan superkompyuter – AI Research SuperCluster (RSC) yaratilishini e’lon qildi. RSC 2022 yilning o‘rtalarida ishlab chiqarilishi reja qilingan. Bu haqda kompaniya saytida chop etilgan press-relizda ma’lumot berilgan.

«Biz sun’iy intellektga asoslangan dunyodagi eng tezkor superkompyuterlarni 2022 yilning o‘rtalarida to‘liq ishlab chiqamiz va AI Research SuperCluster'ni ommaga taqdim etamiz», deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, RSC superkompyuteri trillionlab amallarni bajarish, yuzlab tillarda ishlash, matn, audio va videolarni osonlik bilan tahlil qilish, to‘ldirilgan reallik vositalarini ishlab chiqish va boshqa ko‘p narsalarni qo‘llash mumkin bo‘lgan eng yaxshi sun’iy intellekt modellarini yaratish imkonini beradi.

Ishlab chiquvchilarning fikricha, RSC keyingi yirik hisoblash platformasi – “metaverse” texnologiyalarini yaratish uchun imkoniyatlar ochadi.

iPhone to‘lov terminali vazifasini ham bajarishi mumkin

Foto: Bloomberg

Apple yaqin oylarda iPhone’dan to‘lov terminali sifatida foydalanish imkoniyatini beradigan funksiya joriy qilishi mumkin, deb xabar bermoqda Bloomberg.

Ayni paytda iPhone tashqi terminalga ulangan holdagina to‘lovlarni qabul qilish uchun ishlatilishi mumkin. Bloomberg manbalariga ko‘ra, kompaniya yaqin oylarda operatsion tizim yangilanishi bilan ushbu funksiyani iPhone’ning o‘ziga olib kirishni rejalashtirmoqda.

Ushbu qaror Apple’ga  to‘lov terminallarining eng yirik ishlab chiqaruvchisi Square bilan raqobat qilish imkonini berishi mumkin.

Lamborghini to‘liq elektromobil ishlab chiqarishga o‘tmoqchi

Foto: Bloomberg

Lamborghini avtokonserni 2023 yildan boshlab faqatgina ichki yonuv dvigatelli (faqatgina benzinda yuradigan) avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatmoqchi, deya xabar bermoqda Bloomberg.

Kompaniya dastlab gibrid quvvati o‘rnatilgan seriyali avtomobillarini taqdim etadi. 2025 yildan boshlab esa to‘liq elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tish reja qilingan.

Avtokonsern elektromobillar va gibridlar ishlab chiqarishga o‘tish uchun 1,5 milliard yevro ajratadi.

Robot «jarroh»

Foto: Jon Hopkins universiteti

Jon Hopkins universiteti tadqiqotchilari jamoasi tomonidan ishlab chiqilgan robot (Smart Tissue Autonomous Robot yoki STAR) cho‘chqaning yumshoq to‘qimalarida laparoskopik jarrohlik amaliyotini mustaqil tarzda, inson omilisiz amalga oshirgan. Bu avtomatlashtirilgan jarrohlik amaliyotini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi juda katta qadam sifatida baholanmoqda.

Universitet muhandislik maktabining mashinasozlik bo‘yicha dotsenti Aksel Krigerga ko‘ra, robot allaqachon to‘rtta hayvonni muvaffaqiyatli operatsiya qilgan va bu ishni odamlarga qaraganda ancha yaxshi amalga oshirgan.

 

UzAuto Motors Rossiyaga «Tracker» va «Onix» sotmoqchi

Foto: Kun.uz

UzAuto Motors Rossiya bozoriga «Chevrolet Tracker» krossoveri va u bilan bir xil markadagi «Onix» sedanini olib kiradi.

Kompaniyaga yaqin manbalarga ko‘ra, «Tracker» 2022 yilning dekabri yoki 2023 yilning yanvaridan, «Onix» esa 2023 yilning yozidan Rossiyaga eksport qilina boshlashi mumkin.

O‘zbekistonning o‘zida «Tracker» krossoveri 2022 yilning sentyabrida, «Onix» sedani esa 2023 yil martida sotuvga chiqishi mumkin. Bu haqda dilerlar uchun o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilingan.

O‘lchami bo‘yicha Hyundai Creta’ga o‘xshash bo‘lgan «Chevrolet Tracker» krossoveri Xitoyda 2019 yildan beri sotilmoqda va narxi 119 ming yuandan (1,4 million rubl) boshlanadi. «Onix»ning ham global miqyosidagi savdosi xuddi shu yili boshlangan. Sedan Braziliyada eng ko‘p sotilgan avtomobil bo‘lib, uning narxi 68,3 ming realni (940 ming rubl) tashkil qiladi.

Mavzuga oid