Fan-texnika | 09:19 / 06.02.2022
137276
5 daqiqa o‘qiladi

Elektromobillarni quvvatlaydigan yo‘l va yilning eng ko‘p avtomobil sotgan kompaniyalari – hafta texnologik dayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi eng qiziqarli texnologiya va ilm-fanga oid xabarlarni jamladi.

Elektromobillarni harakat paytida quvvatlaydigan yo‘l

Bosh ofisi Isroilning Tel-Aviv shahrida joylashgan Electreon Wireless kompaniyasi AQShning Detroyt shahrida elektr transport vositalarini harakatlanayotgan vaqtida zaryadlash imkonini beruvchi yo‘l quradi. Loyiha 2023 yilgacha to‘liq ishga tushishi reja qilingan.

Foto: Electreon Wireless

Yo‘l elektr transport vositalarini harakatlanayotgan yoki to‘xtab turgan holatda induktiv zaryadlash deb ataladigan tizim orqali quvvatlaydi.

Elektrlashtirilgan yo‘l taxminan 1,5 kilometrga cho‘ziladi, loyihaga 1,9 million dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Electreon Wireless ushbu infratuzilmani Shvetsiya, Isroil va Italiya yo‘llarida sinovdan o‘tkazgan.

Bundan keyin Volkswagen faqat elektromobillar ishlab chiqaradi

Tsvikkau shahridagi Volkswagen avtozavodi ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni ishlab chiqarishni to‘xtatdi va dunyoda birinchi bo‘lib faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tdi.

Foto: Volkswagen

Qayd etilishicha, shu vaqtga qadar hech bir ishlab chiqaruvchi bunday qilmagan. Zavodni moslashtirish uchun 1,2 mlrd yevro sarflangan va yiliga 300 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvati yaratilgan.

Tsvikkauda Audi Q4 e-tron va Q4 e-tron Sportback, Cupra Born hamda ID.3, ID.4 va ID.5 elektromobillari ishlab chiqariladi.

Tesla avtomobillaridagi nosozlik

Tesla Inc kompaniyasi xavfsizlik kamari taqilmaganligi to‘g‘risidagi ovozli signal bilan bog‘liq muammo sababli 817 ming 143 dona (2021-2022 yillarda ishlab chiqarilgan Model S va Model X, 2017-2022 yillarda ishlab chiqarilgan Model 3s va 2020-2022 yillarda ishlab chiqarilgan Model Y) modellarini chaqirib oladi.

Foto: Tesla 

AQSh trassalardagi harakat xavfsizligi milliy boshqarmasining (NHTSA) bildirishicha, kompaniya avtomobillarida xavfsizlik kamari taqilmaganligi to‘g‘risidagi ovozli signal har doim ham ishlamaydi.

2021 yilda eng ko‘p avtomobil sotgan kompaniyalar

Toyota 2021 yil dunyo bo‘ylab eng ko‘p avtomobil sotgan kompaniya bo‘ldi. Avtokonsern savdosi 10,5 million donani tashkil etgan.

Foto: Igor Ivanko / Kommersant’

Ikkinchi o‘rinni 8,9 million dona avtomobil savdosi bilan Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi egallagan.

Shuningdek, o‘tgan yilda Renault-Nissan-Mitsubishi alyansi 7,8 million dona avtomobil bilan global avtomobil savdosi bo‘yicha uchinchi o‘rinni band qilgan.

Telegram'ning yangilangan 8.5 versiyasi

Telegram jamoasi ilovaning yangilangan 8.5 versiyasini taqdim qildi. Ushbu yangilanishlarda oson yaratiladigan videostikerlar, ixcham animatsiyali reaksiyalar, ko‘rilmagan reaksiyalarni tekshirish tugmasi, chatlar orasidagi yaxshilangan navigatsiya va boshqa yangiliklar mavjud.

Foto: Telegram

Telegram oddiy videolardan o‘giriladigan stikerlarni ham qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini qo‘shmoqda. Natijada, istalgan foydalanuvchi istalgan videomuharrir dasturi yordamida batafsil animatsiyali stikerlarni oson yaratishi mumkin.

Reaksiyalar animatsiyalari ixchamlashmoqda, kattaroq effekt yuborish uchun menyudagi reaksiyani bosib turish kerak bo‘ladi.

Shuningdek, interaktiv emojilar kabi reaksiyalar endi sinxronlanadi, natijada qabul qiluvchilar animatsiyalarni real vaqt rejimida ko‘radi.

Reaksiyalar faqat hissiyotlarni ifodalashdan tashqari savollarga ham javob berishi inobatga olinib, endi ular o‘qilganlik belgisiga ham ega bo‘ladi.

O‘zbekistonda eng ko‘p foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqlar

Senat ma’lumotlariga ko‘ra, “Facebook”da 4,7 mln, “Instagram”da 3,7 mln, “Linkedln”da 288 ming, “Telegram”da 18 mln, “Odnoklassniki”da 16,7 mln, “Twitter”da 51,6 ming va “V-kontakte”da 2,6 mln o‘zbekistonlik foydalanuvchilar mavjud bo‘lib, ularning ko‘pchiligini yoshlar tashkil qilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, oxirgi yillarda shiddat bilan ommaviylashib borayotgan TikTok tarmog‘ida qancha foydalanuvchi borligi ochiqlanmagan.

Shimoliy Koreyaning tovushdan 16 barobar tez uchgan ballistik raketasi

Shimoliy Koreya rekord masofani bosib o‘tgan ballistik raketa uchirdi.  30 daqiqa mobaynida Yer yuzasi bo‘ylab 800 kilometr masofaga uchgan va dengizga qulashdan avval 2000 kilometr yuqoriga chiqqan raketa Yaponiya iqtisodiy zonalari chegaralaridan tashqariga tushgan.

Janubiy Koreyaning Yonhap agentligiga ko‘ra, uchish vaqtida raketaning maksimal tezligi 16 Max’ni tashkil etgan, bu tovush tezligidan 16 marta yuqori. Manba so‘zlariga ko‘ra, raketa KXDR 2017 yilda sinovdan o‘tkazgan «Xvason-12»ga o‘xshash bo‘lgan.

Shimoliy Koreya 2017 yil oxiridan buyon qit’alararo harakatlanuvchi ballistik raketalar va yadroviy sinovlar moratoriysiga amal qilgan holda bu kabi sinovlarni o‘tkazmayotgandi.

Mavzuga oid