21:46 / 06.02.2022
43983

Marokashda quduqqa tushib ketgan bolani qutqarish uchun barcha oyoqqa turdi. Ammo besh kun chuqurda qolgan bola vafot etdi

Marokashlik Rayan ismli 5 yashar bola 1 fevral kuni 32 metr chuqurlikdagi quduqqa tushib ketgani ortidan keng ko‘lamli qutqaruv operatsiyasi boshlandi. Quduq tor bo‘lgani sababli qutqaruvchilar bolaning yonigacha borish uchun parallel tunnel qazishdi. Ungacha esa Rayanga suv, ovqat va kislorod niqobi yetkazib berildi. Biroq qutqaruvchilar yetib borganida u jon taslim qildi. Quduqqa qulayotgan vaqtida olgan jarohatlari hamda yer ostida uzoq vaqt qolib ketgani bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Marokash shimolida joylashgan Igran qishlog‘ida Rayan ismli bola 1 fevral kuni 32 metr chuqurlikdagi quduqqa qulab tushadi. Taxminlarga ko‘ra, bola o‘ynab yurgan vaqtida chuqurga tushib ketgan. Rayanning otasi mahalliy ommaviy axborot vositalariga o‘g‘lini bir necha soat davomida qidirgani, so‘ngra uning yer ostiga tushib ketganini bilib qolgani haqida aytgan.

Qutqaruvchilar dastlab bolani qanday qutqarish mumkinligi haqida bosh qotirishdi. Chunki chuqurlik tor bo‘lib, u yerdan katta yoshdagi odamning pastga tushishi imkonsiz edi.

Sodir bo‘lgan voqea Marokash qiroli Muhammad VI’ni ham befarq qoldirmadi. U mutasaddi idoralarga bolani qutqarish uchun barcha choralarni ishga solish haqida topshiriq berib, voqealar rivojini shaxsan o‘zi uzluksiz kuzatib bordi.

1 fevral kuni kechki paytda boshlangan qutqaruv ishlari kun-u tun davom etdi. Dastlabki bosqichda og‘ir texnikalar yordamidan foydalanilgan bo‘lsa, bolaning yonigacha yetib borish uchun qutqaruvchilar 3 metr uzunlikdagi parallel tunnel qazishdi. Operatsiyaning oxirgi qismini qo‘l kuchi bilan bajarishga to‘g‘ri keldi.

Rayan tushib ketgan quduq. Foto: Reuters

Mazkur hududdagi tuproqning tarkibi qutqaruv operatsiyasi qiyinlashishiga sabab bo‘ldi. Qum va tosh qatlamlarning bir-biri bilan o‘rin almashaverishi bir necha bor tuproq o‘pirilishi xavfini yuzaga keltiradi. Qolaversa, qo‘l kuchi yordamida qazilgan tunnel yo‘lidagi ko‘plab toshlar chiqqani qutqaruv ishlari cho‘zilishiga sabab bo‘ladi.

 Foto: Reuters

“Biz deyarli ko‘zlangan marraga yetdik. Uch kun davomida tanaffussiz ishladik. Albatta, charchoq o‘z kuchini ko‘rsatyapti, lekin jamoadagi barcha boshlagan ishini oxirigacha yetkazish uchun oyoqda turibdi”, degandi 4 fevral kuni qutqaruv operatsiyasi rahbarlaridan biri Abdusalom Makudiy.

Qutqaruv operatsiyasi ishtirokchilari. Foto: AFP

Rayan tushib ketgan quduq diametri 45 santimetr bo‘lib, u toza havosiz bo‘g‘ilib qolmasligi uchun chuqurlikka kislorod niqobi, shuningdek, suv, ovqat va kamera tushirildi. Kamera orqali bolaning ahvoli muntazam kuzatib borildi. Jarayon OAVda to‘liq yoritib borildi. Ushbu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biriga aylanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, bola quduqqa qulayotib, boshidan jiddiy jarohat oladi. Bu chuqurlikka tushirilgan kamera orqali ham yaqqol ko‘rinadi. Shuningdek, ayrim manbalarda uning umurtqasi ham shikastlangani haqida so‘z boradi. Kuzatuv kamerasidagi qaydlar hodisaning dastlabki kunlarida u hushida bo‘lgani, biroq keyinchalik uning holatini aniqlash imkoni bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Videotasvirlarda uning yonboshlab yotganinigina ko‘rish mumkin edi. Shu bois bolaning tirik qolgani, arqon yordamida unga tushirilgan suv va ovqatni iste’mol qilolgani aniq emas.

Foto: Getty Images

Qutqaruv operatsiyasi kun-u tun davom etdi

“Men bola bilan gaplashishga muvaffaq bo‘ldim. Men undan meni eshityapsanmi deb so‘radim, u esa javob qaytardi. Bir daqiqa davomida uni kuzatib turdim va kisloroddan foydalanganini ko‘rdim”, deb aytgan jurnalistlarga ko‘ngillilardan biri Imad Fahmiy.

Voqea joyida tez yordam mashinalari hamda vertolyot navbatchilikda turdi. Ular Rayan qutqarilishi bilan uni shifoxonaga zudlik bilan yetkazishlari kerak edi.

Igran qishlog‘i aholisi tez yordam mashinasini Rayan Oramning jasadi bilan kutib oldi. Foto: AFP

5 fevral kuni kechqurun bir guruh qutqaruvchilar qo‘lida bola bilan tunneldan chiqib kelishdi. Biroq uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmadi. Ma’lum bo‘lishicha, shifokorlar bolani tunneldayoq tekshiruvdan o‘tkazishgan. Yer ostida uzoq vaqt davomida qolib ketgani, shuningdek, boshidan olgan jarohati uning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Bolaning ota-onasi qutqaruv operatsiyasi o‘tkazilayotgan joyda. Foto: AP

Qirol Muhammad VI shaxsan o‘zi bolaning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.

“Qirol Muhammad VI hazrati oliylari marhum Rayanning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilib, ta’ziya izhor qildi”, deyiladi qirollik kotibiyatining rasmiy xabarida.

Tvitterda #SaveRayan heshtegi trendga chiqdi. “Manchester Siti”ning jazoirlik futbolchisi Riyoz Mahrez ham Rayanni qo‘llab-quvvatladi. Ijtimoiy tarmoqlarda qutqaruv jarayoniga bag‘ishlangan ko‘plab memlar tarqaldi.

Mavzuga oid
Top