Jahon | 22:04 / 14.02.2022
52454
13 daqiqa o‘qiladi

Ukraina inqirozi: Zelenskiy Baydenni Kiyevga chaqirdi, YeXHT xodimlari Donetskni tark etmoqda

Foto: EPA

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yil boshidan buyon uchinchi marta telefon orqali amerikaliklar yetakchisi Jo Bayden bilan muloqot qildi va uni yaqin kunlarda Kiyevga kelishga taklif etdi. Ukrainalik yo‘lovchilar dushanba kuniga ko‘plab aviareyslar bekor qilingani haqida xabar berishgan - manba ma’lumotiga ko‘ra, bu sug‘urta kompaniyalari Ukraina osmonidagi parvozlarni sug‘urtalashdan voch kechgani bilan bog‘liq. Bu vaqtda YeXHTning Donbassdagi xodimlari tashkilot shtab-kvartirasini tark etmoqda, avvalroq qator davlatlar o‘z fuqarolarini zudlik bilan Ukrainadan ketishga chaqirgandi.

Ukraina prezidenti ofisi Bayden bilan  bir soat davom etgan muloqotida Zelenskiy unga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan va uni Ukrainaga kelishga taklif etgan. «Ishonchim komilki, sizning Kiyevga yaqin vaqtlar ichida tashrifingiz vaziyatni barqarorlashtirishda muhim rol o‘ynab, eskalatsiyani yumshatish uchun kuchli signal bo‘ladi», deya Zelenskiyning so‘zlarini keltirgan uning sayti.

Ammo, CNN telekompaniyasining qator manbalari Baydenning bunday tashrifi amalga oshishining ehtimoli juda kam ekanini aytgan.

Oq uyning Zelenskiy bilan muloqot haqidagi rasmiy xabarida uning tashrif bo‘yicha taklifi haqida eslab o‘tilmagan. Xabarda Bayden «AQSh Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligi tarafdori ekanini tasdiqlagan» va yana bir bor Rossiya tajovuziga qat’iy javob qaytarishga tayyorligini ma’lum qilgan. «Yetakchilar Ukraina chegaralarida Rossiya tomonidan eskalatsiya yuzaga keltirishiga javoban diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirish muhimligi bo‘yicha kelishib oldilar», deyilgan xabarda.

Shanba kuni Bayden bir soatga yaqin vaqt davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan ham gaplashgan va Ukrainaga bosqin ro‘y bergan taqdirda «AQSh ittifoqchilar va hamkorlar bilan birgalikda qat’iy va tezkor javob qaytarib, Rossiyani juda qimmat to‘lov qilishga majburlashi»dan ogohlantirgandi.

Ukraina chegaralari yaqinida 100 ming atrofida harbiy joylashtirgan Moskva harbiy hujum bo‘yicha rejalari yo‘qligini aytadi.

Ukraina Vena kelishuvi ishtirokchilarining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni so‘radi
Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba yakshanba kuni Rossiya hukumati Kiyevning Kiyev kelishuvi bo‘yicha so‘roviga javob qaytarmaganini ma’lum qildi. YeXHT doirasidagi bu hujjat Yevropada xavfsizlikni ta’minlash va harbiy ziddiyatlarning oldini olish uchun harbiy ma’lumotlar almashinuvini nazarda tutadi.

Yakshanba kuni AQSh Ukrainaga navbatdagi harbiy yordam partiyasini jo‘natdi. Bu safar harbiy samolyotlar jiplar va «Stinger» zenit-raketa majmualarini keltirgan.

Kulebaning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina yaqin 48 soat ichida «mamlakat chegaralari va vaqtincha bosib olingan Qrimda RF harbiylari harakatini muhokama qilish uchun» Rossiya va Vena kelishuvining boshqa tomonlari bilan uchrashishni rejalashtirgan. «Agar Rossiya YeXHT makonida xavfsizlik bo‘linmasligi haqidagi so‘zlariga jiddiy yondashsa, keskinlikni yumshatish va barcha ishtirokchi davlatlar xavfsizligi mustahkamligi uchun harbiy shaffoflik bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi lozim», deya yozgan Kuleba tvitterida.

So‘nggi oylarda Rossiya Ukraina uchun NATOga kirish yo‘llarini yopishni talab qilib, Shimoliy Atlantika alyansining sharqqa tomon kengayishi, ya’ni boshqa davlatlar blokka qabul qilinishi o‘z xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotganini aytib kelmoqda. Bunda Moskva «xavfsizlikning bo‘linmasligi» prinsipiga tayanadi, bu tamoyilga ko‘ra mamlakatlar boshqa davlatlar xavfsizligiga zarar yetkazish orqali o‘z xavfsizligini ta’minlashga haqli emas.

Ukraina 11 fevral kuni Vena kelishuvida ko‘zda tutilgan bo‘limga ko‘ra, xavfni kamaytirish mexanizmini qo‘llagandi.

«Rossiya Federatsiyasiga Ukraina bilan chegara hududlaridagi harbiy faoliyat yuzasidan tushuntirishlar berishni so‘rab murojaat qildik. Vena kelishuvida belgilangan tartibga ko‘ra, Rossiya harbiy faoliyat boshlangan hududlar haqida aniq ma’lumotlarni taqdim etishi, uning tugash sanasidan ogohlantirishi, shuningdek, mashg‘ulot nomi, harbiy guruhlar va askarlar sonini oshkor qilishi; jalb qilingan harbiy qurollar va texnika turlari haqida axborot berishi kerak», degan Ukraina tashqi ishlar vaziri va Rossiyaning ixtiyorida ushbu so‘rovga javob qaytarish uchun 48 soat vaqt borligini aytgandi.

Rossiya tomoni Kulebaning bayonotiga hozircha munosabat bildirmagan.

Ukraina osmonidagi xavotirlar

Ukraina hukumati yakshanba kuni kechqurun o‘tkazilgan shoshilinch yig‘ilishda xalqaro aviaqatnovlar to‘xtab qolishining oldini olish uchun 16,6 mlrd grivna (592 mln dollar) ajratishga qaror qildi. Bungacha ko‘plab ukrainalik yo‘lovchilar dushanba kungi reyslar bekor qilingani haqida xabarlar qabul qilgandi. Bu xalqaro sug‘urta kompaniyalari Ukraina osmonidagi holatlar uchun sug‘urta to‘lab berishdan bosh tortgani bilan bog‘liq.

DMYTRO SMOLYENKO/UKRINFORM VIA ZUMA WIRE

Ukraina bosh vaziri Denis Shmigalning so‘zlariga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ «yo‘lovchi aviatashuvchilar bozoridagi vaziyatni barqarorlashtiradi va ayni vaqtda xorijda bo‘lgan fuqarolarning Ukrainaga qaytishini kafolatlaydi».

Ukrainalik amaldorlar mamlakat havo kengliklarini yopish rejasi yo‘qligini ta’kidlashmoqda.

Yakshanba kuni Oliy rada deputati, Petro Poroshenkoning «Yevropa birdamligi» fraksiyasi vakili Aleksey Goncharenko Britaniyadagi yirik sug‘urta kompaniyasi 14 fevral kuni Ukraina osmonidagi samolyotlarni sug‘urtalashni to‘xtatishini e’lon qilishi haqida xabar bergandi.

Lekin xalqaro aviakompaniyalar hamon Ukraina ustida uchishda davom etmoqda va odatdagi kabi Kiyevga chipta sotmoqda.

Mamlakat havo kengligi yopilishi mumkinligi haqidagi xabarlar shanba kuni Niderlandiyaning KLM aviakompaniyasi mamlakat TIV tavsiyasi bilan Ukrainaga parvozlarni to‘xtatishi ortidan yashin tezligida tarqala boshladi. Aynan Niderlandiya 2014 yilda Donbass osmonida «Boing» urib tushirilishi oqibatida eng ko‘p fuqarosini yo‘qotgandi.

Bundan tashqari, yakshanba kuni ukrainlarning SkyUp aviakompaniyasi samolyoti samolyot egasining taqiqi tufayli Ukraina osmoniga kira olmadi. Shu tufayli, Portugaliyaning Madeyra orolidan Kiyevga uchgan reys Moldova poytaxti Kishinyovdagi aeroportga qo‘ndi. «12 fevral kuni yirik xalqaro sug‘urta kompaniyalari Ukraina aviatashuvchilarini 48 soat ichida Ukraina osmonidagi parvozlarni sug‘urtalashni to‘xtatishi haqida ogohlantirdi. Bu qaror harbiy harakatlar boshlanishi xavfi yuqoriligi bilan bog‘liq», deya xabar qilgan SkyUp aviakompaniyasi.

Ukraina infratuzilmalar vazirligi rahbari o‘rinbosari Mustafa Nayyem feysbukdagi sahifasida ayrim aviatashuvchilarda axboriy makon va hozirgi voqealardan kelib chiqqan holda sug‘urta bozoridagi tebranishlar bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelganini tasdiqladi. Shu bilan birga u hukumat aviatashuvchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi va aviabozor uchun qo‘shimcha moliyaviy kafolat taqdim etishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

YeXHT xodimlari ketmoqda
Shu kunlarda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy barchani xotirjamlikni saqlashga chaqirib, eng katta dushman vahima bo‘lishi mumkinligini aytgandi. Lekin shu vaqtgacha 30dan ortiq davlat hukumatlari, jumladan AQSh va Buyuk Britaniya bosqin xavfi tufayli o‘z fuqarolarini Ukrainani tark etishga chaqirdi.

YeXHT xodimlari Donetskdan ko‘chib ketmoqda. REUTERS

Bu tavsiyaga amal qilayotganlar qatorida YeXHTning Donbassdagi missiyasi xodimlari ham bor, ular yakshanba kuniyoq hududni tark etishga kirishdi. Tashkilot logotipi tushirilgan zirhli mashinalarning bir qanchasi tongda yuklarni ortgan holda Donetskdagi shtab-kvartirani tashlab ketgan.

Reuters agentligi manbasi xabar berishicha, AQSh Ukrainadagi barcha kuzatuvchilarini olib ketishga qaror qilgan, Buyuk Britaniya esa YeXHT safidagi xodimlarini ayirmachilar nazoratidagi hududdan G‘arbga, Kiyev nazoratidagi hududlarga ko‘chiradi.

Keyinroq YeXHTning Ukrainadagi missiyasi «YeXHTning ayrim a’zolari maxsus monitoring missiyasida xizmat qiluvchi fuqarolari keyingi bir necha kun ichida Ukrainani tark etishi» bo‘yicha qaror qilganini ma’lum qildi. «Missiya Ukrainaning o‘nta shahrida joylashgan kuzatuvchilari bilan YeXHT tomonidan tasdiqlangan mandatni bajarishda davom etadi», deyiladi xabarda.

YeXHtning maxsus missiyasi ukrainalik harbiylar va Rossiya tomonidan qo‘llanuvchi ayirmachilar o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar boshlanishi ortidan Ukraina sharqiga joylashtirilgandi.

2021 yil sentyabrida Rossiya Ukraina bilan chegaradagi «Gukovo» va «Donetsk» chegara o‘tkazish punktlarida YeXHTning kuzatuvchilar guruhi mandati 30 sentyabrdan keyin uzaytirilmasligini ma’lum qilgandi. Rossiyaning YeXHT qoshidagi doimiy vakili Aleksandr Lukashevich «RF hududida YeXHT kuzatuvchilari bo‘lishidan Rossiyaga qarshi hujumlar uchun foydalanishi»ni aytgandi.

Shu tariqa, YeXHT kuzatuvchilari shtablari ayirmachilar nazoratidagi hududda faqat Donetsk va Gorlovkada qolgandi.

«Ularda bostirib kirish uchun hamma narsa bor»
AQShning NATOdagi vakili Julian Smit yakshanba kuni yana bir bor Vashington ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tez orada ro‘y berishi mumkinligini aytdi: «Qo‘shma Shtatlarda shunday tasavvur borki, hozirda vaziyat juda xavotirli, juda xavfli va yaqin kunlar ichida nimadir bo‘lishiga ishonchimiz komil».

Ukrainaning oddiy aholisi uchun harbiy mashg‘ulotlar / GETTY IMAGES

«Biz ularda [Rossiyada] chegarada 100 mingdan ortiq askar borligini ko‘rib turibmiz, ular Belarusga o‘n minglab qo‘shin tashlagan, shuningdek behisob qurollar jo‘natishmoqda. Ularda bosqinni boshlash uchun kerak bo‘lgan barcha narsa bor va hujum tez orada ro‘y berishi mumkin. Bizda Putin bostirib kirish bo‘yicha qaror qabul qilgani bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q, ammo biz ittifoqchilarimizni ham, Amerika fuqarolarini va Ukrainani ham ogohlantirmoqchimizki, hujum bir necha kun ichida boshlanishi mumkin», deya qo‘shimcha qiladi u.

Kremlning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Yuriy Ushakov shu kunlarda «bosqin mavzusi kelishilgan holda avj oldirilayotgani va isteriya o‘z cho‘qqisiga chiqqani» haqida aytgandi.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan esa CNN uchun bergan intervyusida Vashington Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanishi sanasi bo‘yicha aniq ma’lumotga ega emasligini aytdi. Avvalroq G‘arbdagi qator nashrlar Amerika razvedkasidagi manbalariga asoslangan holda, hujum 16 fevral kuni boshlanishi kutilayotgani haqida xabar bergan, ammo  Reuters agentligining hukumatdagi manbalari bu ma’lumotni tasdiqlamagandi.

«Aniq sanani bashorat qila olmaymiz, lekin avval aytib o‘tganimizdek, biz Rossiyaning Ukrainadagi keng miqyosli harbiy amaliyotlari istalgan vaqtda boshlanishi mumkin bo‘lgan vaqt oralig‘ida turibmiz», degan Sallivan.

«Myunxen kelishuvi sharpasi»
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles G‘arb mamlakatlarining diplomatik sa’y-harakatlarini fashistlar Germaniyasi bilan munosabatlardagi tinchlantirish siyosatiga qiyosladii. «Havoda Myunxen hidi anqimoqda», degan Uolles Sunday Times gazetasiga Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiya Adolf Gitler bilan tuzgan, lekin Ikkinchi jahon urushining oldini ololmagan kelishuvga ishora qilgan holda.

AQSh va G‘arbning boshqa davlatlari Rossiya Ukraina bilan chegarada, anneksiya qilingan Qrimda va Belarusda behisob miqdorda harbiylar va harbiy texnikalar to‘plash orqali Ukrainaga bostirib kirishga tayyorlanayotganini tusmol qilmoqda. Moskva Ukrainaga bosqin rejasi yo‘qligini ma’lum qilib, rossiyalik harbiylarning mamlakat hududlari bo‘ylab harakatlanishi hech kimni bezovta qilmasligi kerakligini aytmoqda. Belarusga qo‘shin joylashtirilishini Moskva va Minsk 20 fevral kuni yakunlanadigan qo‘shma mashg‘ulotlar bilan izohlagan.

O‘tgan haftada Rossiya TIV G‘arbdagi rasmiylar va OAVning «geosiyosiy manfaatlarda, xususan, o‘zlarining tajovuzkor harakatlaridan e’tibor chalg‘itishga qaratilgan yolg‘on ma’lumotlarni kelishilgan va ommaviy ravishda tarqatish orqali Ukraina atrofida sun’iy keskinlikni avj oldirish» maqsadidagi «fitnasi» haqida ma’lum qilgandi.
 

Mavzuga oid