«Putinning absurd spektakli» va «urush e’lon qilish». Jahon matbuoti DXR va LXRning tan olinishi haqida
Prezident Putinning Donetsk va Luganskdagi «xalq respublikalari»ni tan olishi Rossiyaga qat’iy sanksiyalar bilan tahdid solib kelayotgan G‘arbdagi davlatlar yetakchilari tomonidan keskin tanqidlarga uchradi. G‘arb matbuoti DXR va LXRni tan olish bo‘yicha qaror qanday qabul qilinganidan «hayratda», nashrlar bu qarorning oqibatlari va G‘arbning javob yurishlarini tahlil qildi.
Putinning «absurd spektakli»
Guardian Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi haqiqiy o‘tganiga shubha bildirdi - «jonli efir»da namoyish etilgan shoshilinch yig‘ilishda ishtirokchilar prezident Putinga DXR va LXRni tan olish borasida yakdil fikr bildirishdi, britan nashri esa bo‘lib o‘tgan hodisalarni «absurd spektakli» deb atadi.
Yig‘ilishda fikrlar almashinuvi deyarli bo‘lmadi, tadbirning «spontanligi» (tabiiy o‘tgani) haqidagi da’volarni ayrim ishtirokchilarning yaqindan olingan suratlari barbod qildi, bu belgilar «jonli» translatsiya aslida bir necha soat oldin s’yomka qilinganini fosh etib qo‘ydi.
Gap shundaki, videolarda ishtirokchilarning qo‘llaridagi soatlarda 12:10dan 14:10gacha bo‘lgan vaqtlarni ko‘rish mumkin edi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning chiqishi vaqtida soati 12:50ni ko‘rsatayotgandi (u ikkinchi marta sahnaga chiqqanida soati 13:40 edi). Moskva meri Sergey Sobyaninning soati esa 12:10ni ko‘rsatgan. Bu esa yig‘ilish «translatsiya»dan besh soat oldin bo‘lgani, efirga esa Vashingtonda ish kuni boshlangan vaqtda berilganini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda aslida bosh vazir Mixail Mishustindan keyin bosh prokuror Igor Krasnov chiqish qilgan, ammo efirda Krasnovning chiqishi ko‘rsatilmadi, lekin translatsiyada u sahnani tark etayotgani ko‘rinib qolgan, «translatsiya» Mishustindan keyin Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning nutqi bilan davom etgan.
Yig‘ilishda aslida qanday gaplar bo‘lgani hech qachon ochiqlanmasligi mumkin. Xavfsizlik xizmati xodimlari bu haqda qayg‘urishgan: ular zalga o‘rnatilgan kuzatuv kameralarini qora polietilen paketlar bilan yopib qo‘yishgan.
Lekin bularning barchasi rossiyaliklar prezidentiga marosim qizg‘in fikrlar almashinuvi bilan kechganini ta’kidlashiga xalal bermadi.
Bundan kelib chiqadiki, yig‘ilish LXR va DXR rahbarlarining Putinga respublikalarni tan olishni so‘rab qilgan murojaatidan oldin o‘tkazilgan va ularni tan olish haqidagi qaror bu yig‘ilishdan oldin qabul qilib bo‘lingan.
Bu translatsiyadan biroz vaqt o‘tib Putin izchil tayyorlangan va uzun nutq bilan chiqish qilishi esa barcha qarorlar real vaqt rejimida qabul qilingani haqidagi bayonotlarni yanada ishonchsiz qiladi.
«Katta ehtimol bilan, rossiyaliklar prezidentining shunchaki Ukrainaning sharqidan bir qism hududni «tishlab olish» va o‘zi amalda nazorat qilib kelgan ushbu hudud uchun mas’uliyatni rasman zimmasiga olishdan ko‘ra uzoqni ko‘zlagan rejalari bor», deya yozadi Guardian.
Putinning yakuniy so‘zlari, agar Kiyev harbiy harakatlarni to‘xtatmasa, Ukraina «qon to‘kilishi davom etishi» uchun javobgar bo‘lishi haqida gapirishi mash’um alomatdir. «Bu shunchaki urush e’lon qilishdek eshitildi», deya qayd etadi nashr.
Putinning «almoyi-jalmoyi nutqi»
G‘arbga prezident Putin nimani gapirishi ko‘p hollarda yoqmasligi mumkin, ammo uning tanqidchilari ham u yaxshi nutq so‘zlashini tan olishadi, deb yozadi Times tahlilchisi Mark Bennets.
Ammo kecha, u rus xalqiga Rossiya Ukraina sharqidagi Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni tan olishi haqida aytayotganida o‘zining notiqlik qobiliyatini yo‘qotgandek ko‘ringan.
Nashr qariyb bir soat davom etgan tushunarsiz nutqida rossiyaliklar rahbari g‘alati tarzda tarixdan saboq berish bilan band bo‘lganini qayd etadi.
Kechagi nutqi uning eng yaxshi chiqishlari, masalan, 2007 yilda Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha xalqaro konferensiyadagi (o‘shanda u Rossiya AQShning global gegemoniyasiga qarshi chiqishini ma’lum qilgandi) nutqining xiralashgan ko‘chirmasi bo‘lgan.
2018 yilda u G‘arb Rossiyaning ogohlantirishlarini inkor etayotgani, shu tufayli Rossiya o‘z arsenalini modernizatsiya qilishini aytganida Moskva elitasi uni olqishlagandi.
Endi Putin yolg‘iz, deya qayd etadi Times. Amaldorlar u bilan uchrashuvdan oldin unga kovid yuqtirib qo‘ymaslik uchun ihotalanishiga to‘g‘ri kelmoqda. Pandemiyaning katta qismini u shahar tashqarisidagi qarorgohida o‘tkazdi. Ayrim muxolifatchilar uning ruhiy sog‘lomligiga shubha qilmoqda. Nashr Kremlning tanqidchisi Dmitriy Gudkovning so‘zlarini keltiradi: «Yaxshi psixiatr kerak. Gaagagacha [xalqaro tribunal] yoki undan keyin - bunisi ochiq qolayotgan savol».
NYT: Putin Ukraina davlatchiligini soxta deb atadi. Tarix esa buning aksini aytadi
«Tarixiy nyuanslarga qayg‘urmaydigan Vladimir Putin Ukrainani Leninning kashfiyoti deb atadi, uning so‘zlariga ko‘ra, u yangi tashkil qilingan sovetlar davlati doirasida avtonomiya taqdim etib, xatolik bilan Ukrainaga davlatchilik bergan», deya yozadi New York Times.
Nashrning qayd etishicha, hatto SSSRning parchalanishini XX asrning eng asosiy geosiyosiy falokati deb atagan KGB sobiq zobiti me’yorlari bo‘yicha ham tarixning bunday buzib talqin etilishi «haddan tashqari»dir.
Zamonaviy Ukrainaning bir qismi chindan ham asrlar mobaynida Rossiya imperiyasi tarkibida bo‘lib kelgan. Ammo boshqa qismlari Avstriya-Vengriya imperiyasi, Polsha yoki Litva yurisdiksiyasida bo‘lgan.
«Putinning Ukraina tarixan Rossiyaga tegishli bo‘lgani haqidagi argumenti shunchaki xato», deya siyosiy risklarni baholash bo‘yicha konsalting kompaniyasi Eurasia Group raisi Kliff Kupchanning so‘zlarini keltirgan New York Times.
Putinni norozi qilgan Lenin tuzgan sovetlar hukumati alaloqibat qayta tug‘ilayotgan mustaqil ukrain davlatchiligini yakson etgandi.
Sovetlar boshqaruvi davrida ukrain tili maktab dasturidan chiqarib tashlangan, ukrain madaniyatiga esa faqat raqs tushgan kazaklarning karikatura obrazlarida mavjud bo‘lishga ruxsat berilgan.
«1991 yilda Ukrainaga mustaqillikni Moskva taqdim etmagan, balki demokratik referendum orqali sovetlar ittifoqidan chiqish uchun ovoz bergan ukrain xalqi o‘zi mustaqillikka erishgan», deya eslatadi New York Times.
Endilikda, 190 000 rus askari Ukrainani o‘roq shaklida o‘rab turgan mahalda, Putinning Ukrainaning suveren davlat sifatida mavjudligi tarixiy xato mahsuli ekani haqidagi bayonoti qachondir Moskvadagi hokimiyat nazoratida bo‘lgan boshqa hududlarda ham sergaklik uyg‘otishi tabiiy.
«Urush bo‘lmasligiga umid kamaymoqda»
Daily Telegraph nashri yozishicha, prezident Putinning millatga murojaati vaqtidagi ohangi va Ukrainani xavfsizlik uchun tahdid sifatida ko‘rsatishi - urushdan saqlanish mumkinligiga deyarli umid qoldirmadi. Dushanba kuni u Donbassga «tinchlik saqlanishi»ni ta’minlash uchun rossiyalik harbiylarni jo‘natdi.
Daily Telegraph G‘arb maxsus xizmatlari vakillaridan iqtiboslar keltirib, Rossiya harbiy bo‘linmalari barcha yo‘nalishlarda hujumga o‘tishga shay turgani haqida yozdi.
«Biz ko‘rayotgan barcha alomatlar bir necha yo‘nalish bo‘ylab, bir necha nishonga qaratilgan keng ko‘lamli bosqin amalga oshirilishidan darak bermoqda», degan manba.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson DXR va LXR tan olinishini xalqaro huquq, Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetining qo‘pol tarzda buzilishi deb atadi, prezident Bayden esa DXR va LXR bilan savdo qilish, ushbu hududga investitsiya kiritishni taqiqlovchi alohida sanksiyalar joriy etdi. Seshanba kuni AQSh Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar haqida e’lon qilishi kutilmoqda.
Ammo hozircha bu paketga Jo Bayden tomonidan Rossiyaning Ukrainaga bosqini ro‘y bergan taqdirda qo‘llashni va’da qilgan «halokatli» sanksiyalari kirish-kirmasligi noma’lum.
Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryuttening ma’lum qilishicha, YeI ayirmachilar hududlarini tan olganlarga qarshi qaratiladigan «cheklangan» sanksiyalar paketini kelishib olgan.
- Ma’lumot uchun, Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarni Rossiya ortidan faqat Kuba, Nikaragua va Venesuela davlatlari tan oldi, shuningdek, Yamandagi husiychilar, Kavkazdagi tan olinmagan respublikalar (Janubiy Osetiya va Abxaziya) hamda Suriya bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan.
Ayrim siyosatchilar eng kuchli sanksiyalarni Rossiya harbiylari chegaradan o‘tgunicha zaxirada ushlab turish kerakligini aytishmoqda.
Kremlning «potemkincha siyosati»
CNN’ning Jo Bayden ma’muriyatidagi manbasi Kremlning harakatlarini «potemkincha siyosat» deb atagan. «Bu potemkincha siyosat (Potemkin Politics - BBC). Prezident Putin o‘zi yuzaga keltirgan ziddiyatni keskinlashtirish bilan mashg‘ul», deydi nashr suhbatdoshi.
Jurnalistlar bilan suhbatda AQSh prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali amaldori Ukraina sharqiga rossiyalik «tinchlikparvar» kuchlar kirishi Rossiya bosqini yuz bergan taqdirda qo‘llanishi ko‘zda tutilgan sanksiyalar paketi joriy etilishiga olib kelmasligini taxmin qilgan va «rossiyaliklar 2014 yildan beri shu yerda» ekanini qayd etgan.
«Shu tufayli biz ular yaqin soatlar va kunlarda nima qilishini juda diqqat bilan kuzatib boramiz va shundan kelib chiqib reaksiya qilamiz», degan amaldor. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Aftidan, Rossiya endi bu mintaqada ochiqchasiga harakat boshladi va Amerikaning munosabati shunga yarasha bo‘ladi».
Mavzuga oid
22:15 / 12.11.2024
OAV: Putin Trampning inauguratsiyasigacha Kurskni qaytarishni buyurdi
13:11 / 12.11.2024
Siyosatshunos Gallyamov: Tramp Putin uchun tuzoq qo‘ymoqda
09:58 / 12.11.2024
Putin Kursk oblastini Tramp inauguratsiyasigacha qaytarmoqchi
22:35 / 11.11.2024