Merkel: Menda hech qachon Putin bo‘yicha illyuziyalar bo‘lmagan
Germaniya sobiq kansleri Merkelning aytishicha, u Putin haqida «hech qachon illyuziyalarga ega bo‘lmagan». U «Shimoliy oqim-2» qurilishi bo‘yicha siyosatini to‘g‘ri deb hisobladi va Trampning Qo‘shma Shtatlardagi g‘alabasidan xavotir bildirdi.
Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2000 yilda birinchi marta prezidentlikka kelganida Ukrainaga hujum qilish rejasiga ega bo‘lmaganini aytdi. Katta ehtimol bilan, u hokimiyatda bo‘lgan vaqtida bunday fikrga kelgan va G‘arb Rossiya bilan munosabatlarda «hammasini to‘g‘ri qildimi» yoki yo‘qmi, shu haqda savol berishi kerak, dedi u 22 noyabr, juma kuni nashr etilgan Der Spiegel haftaligiga bergan intervyusida.
Merkel G‘arbning ehtimoliy javobgarligi haqida
«Men bu savolga aniq javob bera olmayman. Ochig‘ini aytsam: Putinning Ukrainaga hujumini oqlaydigan biron bir sabab yo‘q. Ammo G‘arbda birdamlik bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Biz kutilganidek kuchli bo‘lolmadik», — dedi u.
Merkelning aytishicha, u Putin haqida «hech qachon illyuziyalarga ega bo‘lmagan». «U har doim diktatorlik tendensiyalariga ega edi, men ko‘pincha uning xotirjamligidan g‘azablanardim», dedi sobiq kansler.
Merkel memuarida RFga nisbatan siyosatini himoya qilib chiqdi
«Ozodlik» (Freiheit) — Germaniya sobiq kansleri Angela Merkelning 26 noyabr kuni kitob do‘konlarida paydo bo‘ladigan memuari nomi. Die Zeit gazetasi 21 noyabr kuni ushbu kitobdan parchalarni chop etdi.
Kitobning muhim mavzularidan biri — Merkel 16 yil davomida boshqargan Germaniya hukumatining Rossiyaga nisbatan siyosati. Bugungi kunda bu kurs hatto sobiq kansler partiyasi, Xristian-demokratik ittifoqda ham tanqid qilinadi. Ayrimlar Merkelni Moskvani tinchlantirishga urinayotganlikda ayblab, agar 2008 yilda Ukraina va Gurjiston NATOga rasmiy nomzod maqomini olganida, 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishining oldini olish mumkin edi, deb taxmin qilmoqda.
O‘shanda Berlin Rossiyaning o‘z xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarini qondirdi hamda Gurjiston va Ukrainaga NATOga nomzod maqomini berish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamadi. Angela Merkel o‘z xotiralarida bugungi kunda ham bu qarorni noto‘g‘ri deb hisoblamasligini aniq ta’kidlaydi.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy va Sharqiy Yevropa davlatlarining NATOga imkon qadar tezroq qo‘shilish istagini tushungan: «Axir, sovuq urush tugaganidan keyin ular G‘arb hamjamiyatining bir qismi bo‘lishni xohlashdi». Biroq, har bir yangi kengayish bilan NATO va uning a’zolari alyans uchun oqibatlarni — «uning xavfsizligi, barqarorligi va ishlash qobiliyatini» baholashlari kerak edi. «Yangi a’zoni qabul qilish nafaqat uning, balki NATOning xavfsizligini oshirishni anglatishi kerak», deb tushuntiradi siyosatchi.
Ukraina misolida alohida holat bor edi — Qrimda Rossiya Qora dengiz flotining mavjudligi. «Bundan tashqari, o‘sha paytda Ukraina aholisi orasida faqat ozchilik mamlakatning NATOga qo‘shilishi tarafdori edi», deb eslaydi Merkel. Uning ta’kidlashicha, u NATOga nomzod maqomi «Ukraina va Gurjistonni Putinning agressiyasidan himoya qiladi, ya’ni shunday to‘xtatuvchi ta’sir ko‘rsatadiki, Putin hech narsa qilmasdan, nima bo‘layotganini shunchaki kuzatib boradi» degan fikrni «xomxayol» deb biladi.
Mavzuga oid
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
15:59 / 25.12.2024
Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon samolyoti halokati yuzasidan hamdardlik bildirdi
22:34 / 24.12.2024
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
07:50 / 24.12.2024