Jahon | 17:11 / 28.02.2022
26208
6 daqiqa o‘qiladi

Ukrainalik oila: «Uch kundirki yo‘ldamiz, vatanimizni ikkinchi bor tark etyapmiz»

​​​​​​​Aleksey va Olesya Zarojyevskiylar oilasi O‘zbekistonga bir necha marta mehmon bo‘lib kelishgandi. Qrim Rossiya tomonidan egallab olingan 2014 yilda ular shu yerda edilar va bo‘lgan voqealarni shu yerda turib kuzatishgan. Ular bilan bugungi vaziyat haqida suhbatlashdik.

Foto: Janek Skarzynski / AFP / Scanpix / LETA

– Aleksey, Olesya, avvalo mana shu kunlarga sabab bo‘lgan holatlar bo‘yicha o‘z fikringizni bildirsangiz.

– Asl vatanimiz, ona shahrimiz Donetsk. O‘zimiz ukrainlarmiz, lekin azal-azaldan ruscha gaplashib kelganmiz. Maktabda darslar tabiiyki, davlat tilida olib borilgan, biz ikki tilni birday o‘zlashtirganmiz va har ikki til biz uchun ona tiliday edi. Oramizda hech qachon ziddiyat bo‘lmagan, ruslar orasida juda ko‘p do‘stlarimiz, qarindoshlarimiz bor. Umuman, bu ikki millat o‘rtasidagi ziddiyat sun’iy yaratildi, nazarimda.

Yana bir jihatni aytmoqchiman – o‘sha paytda Donetskda biz juda yaxshi yashaganmiz. Aniq bilaman, o‘rtacha hisobda Rossiyaning ko‘p shaharlariga nisbatan turmushimiz yaxshi edi.

O‘zbekistonga ilk bor borganimda Ukrainada, xususan Donetskdan ekanligimni aytganimda vatandoshlaringizning ko‘pchiligi «Sizlarda doim urush bo‘larkan, milliy adovat juda kuchli ekan, nega unaqa?» deb so‘rashgandi va bundan juda hayron qolgandim. Axborot kuchini o‘shanda his qilgandim.

– Vatanimizni ikkinchi marta tark etyapmiz, dedingiz. Bu nimani anglatadi?

– 2014 yilda Yanukovich ag‘darildi, Maydon voqealari boshlandi, Qrim anneksiya qilindi. Ko‘p o‘tmay Donetsk va Luganskda ayirmachilar bosh ko‘tarishdi. Keng ko‘lamli harbiy harakatlar boshlanib ketdi. O‘shanda shahar vayron qilinganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, juda ko‘pchilik halok bo‘ldi, yaralandi. Oilamiz tinchligi uchun o‘z yurtimizni tashlab ketishga majbur bo‘ldik. Juda ko‘p joylarda bo‘ldik, Germaniyada ham ma’lum muddat yashadik. Oradan 4 yil o‘tib, Germaniya Donetskda urush rasman tugadi, harbiy harakatlar yo‘q, deb hisoblab, bizning qochqinlik maqomimizni bekor qildi. Shundan keyin dastlab Zaporojyeda, keyin Xarkov shahridan qo‘nim topdik. Taqdirni qarangki, bu yerni ham tark etishga majbur bo‘lyapmiz. Chunki Xarkov ham xavf ostida.

– Urush sizning nigohingizda qanday boshlandi?

– Urush haqidagi gap so‘zlar bir necha haftadan beri davom etib kelayotgan, lekin bunga ko‘pchilik ishonmayotgan, ishongisi kelmayotgandi. 24 fevral tonggi soat 5 da ilk bor yaqinimizda portlash ovozi yangradi. Xarkovning Moskva rayonida yashaymiz. Oldingi urushdagi tajribamiz ish berdi va darhol bolalarni olib, zinalar tagiga yashirindik. Chunki portlashlar paytida uyda, derazalar yonida qolish juda xavfli. Portlash to‘lqinidan oynalar parchalanib, og‘ir jarohat yetkazadi.

O‘sha paytda kimdir itini sayr qildirib yurar, kimdir umuman nima bo‘layotganini tushunmasdi. Xarkov bilan Rossiyaning eng yaqin chegaralariga 35-40 km masofali joylar bor, bu yerga tankda ham kirish shart emas. Keyinchalik bilishimizcha, nafaqat Xarkov, balki Dnepr, Xerson, Odessa va hatto Kiyev ham ayni shu paytda raketa zarbalariga uchragan. Dastlab harbiy obektlar nishonga olingan bo‘lsa, keyinchalik tinch aholi turar joylari ham vayron qilindi.

– Ayni paytda qaysi tomonga yo‘l olyapsizlar?

– Biz ketishimiz bilan shahrimiz zarbaga uchraganini eshitdik. Bu safar Ukrainani butunlay tark etishga majbur bo‘lyapmiz. Hozir Yevropa, aniqrog‘i Polsha sari harakatlanyapmiz. Deyarli uch kundirki yo‘ldamiz. Yigirma birinchi asrda, bir kunda dunyoning narigi chetiga yetish mumkin bo‘lgan bir paytda biz uch kundan beri xavfsiz hududga bora olmaymiz. Yo‘llar tirband, chegara oldida juda ko‘p odam to‘plangan, xavfsiz yo‘nalishni topguncha vaqt ketadi, kimga ro‘para kelayotganingni bilmaysan. Buning ustiga kichik o‘g‘limiz 5 yoshda, tez harakatlana olmaydi, transport katta muammo. Ikki bolamiz taqdiri o‘ylantiradi... Qachongacha davom etadi bu?! Urushning oti o‘chsin!

Yo‘llarda juda ko‘p rus tanklarini uchratdik, chunki shunchaki ularning yonilg‘isi tugagan yoki tashlab ketilgan. Rossiya askarlari hududni yaxshi bilishmaydi, aksariyati urush ekanligini bildirmay aldab olib kelingan, jiddiy qarshilikka uchrashgan. Shu bois quruqlikdagi harbiy harakatlar kutilgan natijani bermagani uchun raketa zarbalariga zo‘r berilmoqda. Bunisi juda dahshatli.

O‘zbekistonni yaxshi eslaymiz. O‘zbek xalqiga tilagimiz, tinchlikning qadriga yetinglar. Biz boshdan kechirayotgan kunlar sizning boshingizga tushmasin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Tahririyatdan: BMT ma’lumotlariga ko‘ra dastlabki uch kun ichidayoq Ukrainani tark etgan qochoqlar soni 400 ming kishiga yaqinlashgan. Umuman, bir necha million inson vatanini tark etishga majbur bo‘lmoqda.

Mavzuga oid