Jahon | 13:48 / 02.03.2022
32662
11 daqiqa o‘qiladi

Rus oligarxiyasiga sanksiyalar: ro‘yxatda kimlar bor?

Rossiyaning Ukrainadagi agressiyasi rus oligarxlari va amaldorlarini Yevropa, Britaniya va AQSh sanksiyalari ostida qoldirdi. Bosqinning ilk kunidayoq ular 39 milliard dollar pullarini yo‘qotdi. Xo‘sh, sanksiyaga uchraganlar kimlar?

Foto: KUN.UZ

Prezidentdan boshlab...

Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniya RF prezidenti Vladimir Putinning hisobraqamlaridagi mablag‘ muzlatilishini ma’lum qilgan. Bunga javoban rasmiy Moskva davlat rahbarining xorijda birorta ham aktivi yo‘qligini bildirdi.

Sergey Lavrov

18 yildan beri Rossiya tashqi ishlar vaziri lavozimini egallab turgan Sergey Lavrov “Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetiga, shuningdek, Ukrainadagi barqarorlik va xavfsizlikka putur yetkazuvchi harakatlar” uchun javobgar deb qaralmoqda. Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va AQSh uning aktivlarini muzlatgan.

Aleksandr Bortnikov

Bortnikov Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori lavozimiga 2008 yilda tayinlangan. U sovetlar paytida KGBda ishlagan. Armiya generali harbiy unvoniga ega Bortnikovning Yevropa Ittifoqi va AQShga sayohat qilishi taqiqlangan, aktivlari muzlatilgan.

Bu Bortnikovning G‘arb sanksiyalari bilan birinchi to‘qnashuvi emas. 2020 yil oktyabr oyida Bortnikov va Rossiya hukumatining yana besh nafar yuqori martabali amaldorining aktivlari rossiyalik muxolifatchi, hozirda hibsda saqlanayotgan Aleksey Navalniyning zaharlanishi munosabati bilan muzlatilgan edi.

Denis Bortnikov

FSB rahbarining o‘g‘li Denis ham sanksiyalar ostida qolgan. Kichik Bortnikov – Rossiyadagi aktivlari bo‘yicha ikkinchi yirik bank bo‘lgan davlat VTB banki prezidenti o‘rinbosari. Shuningdek, u bank boshqaruvi raisi hisoblanadi.

Sergey Kiriyenko

Sergey Kiriyenko – prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari va Putinning eng yaqin maslahatchilaridan biri.

AQSh Moliya vazirligiga ko‘ra, Rossiya ichki siyosatini shakllantirishda Kiriyenko katta o‘rin tutadi. U ham sanksiyalar ostida.

Sergey Shoygu

Rossiyaning qariyb 10 yillik mudofaa vaziri. Shoyguga Yevropa Ittifoqi va AQShda sayohat qilish taqiqlangan va uning aktivlari muzlatilgan.

Valeriy Gerasimov

Rossiya qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni ham ayni damda Buyuk Britaniya va AQShga kirishi taqiqlangan va aktivlari muzlatilganlar ro‘yxatida. U 2014 yildayoq Yevropa Ittifoqining “qora ro‘yxati”ga kiritilgan.

Umuman, Rossiya Xavfsizlik kengashining barcha a’zolariga Yevropa Ittifoqi va AQShga kirish va bu mamlakatlarda hisobraqam ochish taqiqlangan, bor hisobraqamlar muzlatilgan.

Rossiya parlamenti

Yevropa Ittifoqi Rossiya Dumasining 351 nafar deputatiga sanksiya qo‘lladi, ular YeI hududiga kirishi taqiqlangan va aktivlari muzlatilgan. Buyuk Britaniya esa faqat Donetsk va Lugansk mustaqilligini tan olishga ovoz bergan Duma va Federatsiya Kengashi a’zolarini sanksiya qilgan. Avvalroq AQSh Duma raisi Vyacheslav Volodinga nisbatan sanksiyalar kiritgan edi.

Ro‘yxatga tushgan rus oligarxlari

Kirill Shamalov

Shamalov – Rossiyaning eng yosh milliarderi. Avvalroq Putinning qizi Katarina bilan turmush qurgan. Unga Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlangan va u yerdagi aktivlari muzlatilgan.

Pyotr Fradkov

“Promsvyazbank” rahbari. Rossiya tashqi razvedkasi sobiq rahbarining o‘g‘li. Uning Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilgan va sayohat qilish taqiqlangan.

Denis Bortnikov

Rossiyaning ikkinchi yirik kreditori VTB vitse-prezidenti. FSB direktorining o‘g‘li. U ham  Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va AQSh qora ro‘yxatiga kiritilgan.

Vladimir Kiriyenko

Prezident ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenkoning o‘g‘li. Rossiyadagi eng yirik ijtimoiy tarmoq va internet kompaniyasi VK bosh direktori. VK guruhi Vkontakte, shuningdek, tezkor xabar almashish va elektron pochta dasturlarini boshqaradi.

Denis Bortnikov singari, Kiriyenkoga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar uning oilasini ham o‘ziga tegishli kompaniya orqali xalqaro bozorlarga chiqishdan mahrum qiladi.

Gennadiy Timchenko

Energetika, transport va qurilish sohalarida manfaatlarga ega Volga Group xususiy sarmoya shirkatini nazorat qiluvchi Rossiyaning oltinchi eng boy oligarxi. Buyuk Britaniya sanksiyalari ostida.

Britaniya hukumatining da’vo qilishicha, Timchenko 2014 yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin Ukrainadagi beqarorlikni qo‘llab-quvvatlagan Rossiya bankining asosiy aksiyadori bo‘lgan.

Yevgeniy Prigojin

Yevropa Ittifoqi restorator Yevgeniy Prigojinni “Vagner guruhi” yollanma askarlarining Ukrainaga jo‘natilishiga aloqador deb hisoblamoqda. Uning onasi va rafiqasi ham Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlanadi va aktivlari muzlatiladi.

Sergey Ivanov

Rossiyalik yuqori martabali amaldor va siyosatchi, muqaddam mudofaa vaziri bo‘lgan, KGBda ham ishlagan. O‘g‘li Sergey Ivanov olmos qazib oluvchi “Alrosa” davlat shirkati rahbari va “Gazprombank” boshqaruvi a’zosi hisoblanadi. Ism-familiyasi bir xil ota-o‘g‘illarning ikkalasi ham AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

Patrushev, Sechin, Slyusar, Georgiyeva

Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, uning o‘g‘li Andrey, “Gazprom neft”ning sobiq rahbari, oligarx Igor Sechin va uning o‘g‘li “Rosneft” direktori o‘rinbosari Ivan ham sanksiyalar ostida.

Davlat banklarining top-menejyerlari Aleksandr Vedyaxin (Sberbank), Andrey Puchkov va Yuriy Solovyov (VTB) AQSh sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

United Aircraft Corp direktori Yuriy Slyusar va davlat mudofaa konglomerati – Novikombank boshqaruvi raisi Yelena Georgiyevaga Buyuk Britaniyaga kirish taqiqlandi.

Pyotr Fradkov

Petr Fradkov – “Promsvyazbank” boshqaruvi raisi. Rossiyaning sobiq bosh vaziri va Rossiya tashqi razvedka xizmati (SVR) sobiq direktori Mixail Fradkovning o‘g‘li.

Boris Rotenberg

Boris Rotenberg, uning jiyanlari Igor va Gennadiy Timchenko Britaniya sanksiyalariga duchor bo‘lgan. Uchala milliarderning ham Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilishi, Buyuk Britaniyaga kirishi va jismoniy va yuridik shaxslari bilan biznes yuritishi taqiqlanishi belgilangan.

Bu Rotenbergga birinchi marta sanksiya qo‘llanilishi emas. U 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan keyin AQSh sanksiyalari va aktivlari muzlatilgan 16 nafar rossiyalik amaldordan biri bo‘lgan va AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Putinning yaqin doiralari a’zosi sifatida belgilangan.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Boris Rotenberg akasi Arkadiy bilan birga yirik korporativ qurilish kompaniyasi bo‘lgan SGM guruhining ham egasidir va u 1,2 milliard dollar boylikka ega. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aka-uka Rotenberglar Rossiyada Putin hukmronligi davrida katta boylik to‘plagan va Sochi Olimpiadasi uchun 7 milliard dollarga yaqin shartnomalar olgan.

Ayni paytda Arkadiyning o‘g‘li Igor ham sanksiyalar ro‘yxatiga tushgan.

Yevropa ittifoqining yangi sanksiyalari

28 fevral kuni Yevropa ittifoqi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. U Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, rossiyalik tadbirkorlar, kompaniyalar rahbarlari va teleboshlovchilarga nisbatan cheklovlarni o‘z ichiga oladi.

Alisher Usmonov

USM holding asoschisi, kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rus milliarderi Alisher Usmonov ham “qora ro‘yxat”dan joy oldi. Yevropa Ittifoqi Usmonov moliyaviy oqimlarni saqlash ishonib topshirilgan rossiyalik ishbilarmon-mansabdor shaxslar orasida Putinning “eng sevimli oligarxi” deb ta’riflagan. Bu “mavqe”ni kim egallashi Putinning xohish-istaklariga bog‘liq. Usmonov biznes muammolarini hal qilishda Putindan yordam olib kelishda gumonlanadi.

Usmonov temir rudasi va po‘lat ishlab chiqarish, ommaviy axborot vositalari va internet kompaniyalarida ulushlarga. Eng katta holdingi – po‘lat giganti “Metalloinvest”.

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder oxirgi yillarda O‘zbekistonda qator loyihalarga homiylik qilmoqda. Shuningdek, unga tegishli kompaniyalar so‘nggi vaqtlarda “Kapitalbank” va “Ohangaronsement” aksiyadoriga aylandi.

Yevropa Ittifoqining 28 fevraldagi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik amaldor va tadbirkorlarining to‘liq ro‘yxati:

  • prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov;
  • bosh vazir o‘rinbosari Dmitriy Chernishenko;
  • qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Irek Fayzullin;
  • transport vaziri Vitaliy Savelev;
  • Federatsiya kengashi birinchi vitse-spikeri Andrey Turchak;
  • yozuvchi Zaxar Prilepin;

tadbirkorlar:

  • po‘lat ishlab chiqaruvchi “Severstal” ta’sischisi Aleksey Mordashov;
  • moliyaviy sohadagi “Alfa-Grupp” egalaridan bir Mixail Fridman;
  • USM Holdings va boshqa kompaniyalar asoschisi Alisher Usmonov;
  • “Alfa bank” prezidenti Petr Aven;
  • musiqachi Sergey Roldugin;
  • Sheremetevo  aeroporti direktorlar kengashi raisi Aleksandr Ponomarenko (bir necha soat oldin iste’fo berdi);
  • Volga Group investitsion guruhi ta’sischisi Gennadiy Timchenko;

kompaniya rahbarlari:

  • “Rosneft” rahbari Igor Sechin;
  • “Transneft” rahbari Nikolay Tokarev;
  • “Promsvyazbank” rahbari Petr Fradkov;

OAV va yetakchi davlat kanallari xodimlari:

  • Tigran Keosayan;
  • Anton Krasovskiy;
  • Arkadiy Mamontov;
  • Olga Skabeyeva;
  • Modest Kolerov;
  • Roman Babayan;

harbiylar:

  • Qora dengiz floti shtab boshlig‘i Sergey Pinchuk;
  • Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari Aleksey Avdeyev;
  • Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni o‘rinbosari, Rossiya Qahramoni Rustam Murodov;
  • Janubiy harbiy okruk 8-gvardiya umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni Andrey Sichevoy.

28 fevraldagi ro‘yxatga tushganlarga nisbatan aynan qanday taqiqlar qo‘yilgani hozircha to‘la aniq emas. Bu sanksiyalar e’lon qilinishidan bir kun oldin Yevropa Ittifoqi Kremlga yaqin oligarxlarning aktivlari aniqlanishi va muzlatilishi, ularga “oltin pasportlar” sotilishi taqiqlanishini ma’lum qilgandi.

1 mart kuni AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh o‘z ittifoqchilari bilan maxsus guruh tuzishi, bu guruh “Rossiya oligarxlarining jinoyatlarini tergov qilish” bilan shug‘ullanishini e’lon qilgandi.

Mavzuga oid