O‘zbekistonda bemor tanasi 16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik murakkab texnologik operatsiya o‘tkazildi
O‘zbekistonda bemor tanasi 16 darajagacha sovitilib, murakkab texnologik operatsiya o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O‘rta chirchiqlik To‘xtasin Dehqonov 66 yoshda. U uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, ya’ni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sababli xastalik og‘ir asoratlarni keltirib chiqargan.
Shu yil yanvarda MSKT tekshiruvidan so‘ng uning yurak–qon tomir tizimida jiddiy muammo borligi, aorta qon tomirining yuqori qismi esa katta hajmda shishgani ma’lum bo‘lgan. Avvaliga bemor viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolanib yurgan, ammo o‘zgarish bo‘lmagan. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtdagi shifoxonalardan biriga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan.
Shundan so‘ng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni zudlik bilan tekshiruvdan o‘tkazdi.
Tomografiya tekshiruvida aortaning ko‘tariluvchi qismi yorilib, qavatlarga bo‘linib, aortaning tushuvchi ko‘krak qismining o‘rtasigacha tromb hosil bo‘lgani aniqlandi. Bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qo‘l va o‘mrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravog‘i va pastga tushuvchi qismigacha o‘tganligi kuzatildi.
Tashxis xulosalaridan so‘ng vaziyat jiddiy ekani ma’lum bo‘lib, bemor darhol operatsiya stoliga yotqizildi. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, otaxon og‘ir darddan butkul xalos bo‘ldi. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.
— Operatsiyaning og‘ir o‘tishini avvaldan bilardik, — deydi Rustam Yarbekov. — Sababi ham aortaning ko‘tariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravog‘i hamda miya tomirlarini sun’iy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovitilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga to‘xtatib qo‘yildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan ta’minlab turildi.
Bu kabi operatsiyalarni o‘tkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda so‘nggi avlod sun’iy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani ko‘rsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.
“Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda o‘tkazilgan. Quvonarlisi, kardioxirurgiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun yurtimizda ham ana shunday noyob operatsiyalarni bajarish imkoni yaratildi. Bu esa mamlakatimizda kardiojarrohlik sohasi yuqori darajaga ko‘tarilganini ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
15:43 / 12.09.2024
Hindistonda soxta «shifokor» YouTube’dagi videolarga qarab o‘smirni operatsiya qildi. Bola vafot etdi
13:30 / 22.08.2024
Eronda shifokorlar erkakning oshqozonidan 452 ta metall buyumni chiqarib oldi
09:21 / 09.12.2023
Jahon banki O‘zbekistonda rivojlanish siyosatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha operatsiyani ma’qulladi
08:51 / 25.05.2023