O‘zbekiston | 11:51 / 17.03.2022
6913
3 daqiqa o‘qiladi

Senat yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ma’qulladi

Senatning 24-yalpi majlisida Mehnat kodeksining yangi tahriri senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Kodeks muhokamasi jarayonida 1995 yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchi mas’uliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllari faol rivojlanishini hisobga olmasligi, ish beruvchilarga, xususan, qo‘shimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan yetarli shart-sharoitlar yaratmasligi ta’kidlandi.

Kodeks mehnat huquqi ayrim institutlariga bag‘ishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlar mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish masalalaridagi yangi normalarni o‘z ichiga olgan. 

Ma’lum qilinishicha, kodeksda ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p bolali yoki nogiron bolalari bo‘lgan ota-onalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, bitiruvchilarga, harbiy xizmatdan bo‘shatilganlarga, jazodan ozod qilinganlarga, odam savdosidan jabrlanganlarga ishga joylashishda qo‘shimcha kafolatlar belgilangan.

Kodeksga yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari bo‘yicha normalar ham kiritilgan.

Bundan tashqari, kodeksda mehnat erkinligi va majburiy mehnat tushunchalari Xalqaro mehnat tashkiloti me’yorlari va tavsiyalariga mos tarzda bayon etilgan.

"Qator sohalarga (inson huquqlari, atrof-muhit muhofazasi, samarali boshqaruv va b.), shu jumladan mehnat huquqlariga oid 27 ta xalqaro konvensiyalar ijrosini ta’minlashimiz lozim. Shu jihatdan qaraganda Mehnat kodeksidagi yangiliklar nihoyatda muhim. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mazmun-mohiyatiga ko‘ra ijtimoiy yo‘naltirilgan, ko‘p jihatdan xodimlar (mehnatkashlar) manfaatlari ustuvorligiga, oddiy qilib aytganda inson qadriga asoslangan", deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Muhokama yakunida Mehnat kodeksi yangi tahriri senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid