O‘zbekiston | 18:18 / 14.04.2022
52379
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni ma’lum qilindi

O‘zbekiston korrupsiya darajasi bo‘yicha indeksda 140-o‘ringa ko‘tarildi, demokratiya indeksida esa 150-o‘ringa chiqdi; «Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik» hamda «Huquq ustuvorligi» indikatorlarida esa o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmadi.

O‘zbekiston 2021 yilda e’lon qilingan va o‘zi uchun ustuvor deb bilgan jami 19 ta xalqaro reytingdan 11 tasida o‘z pozitsiyasini yaxshiladi, bir qancha reytinglarda esa pastlagan. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Oliy Majlis Senatida bo‘lib o‘tgan Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Xususan, global innovatsiyalar indeksida O‘zbekiston 2021 yilda 7 pog‘onaga ko‘tarilib, 132 ta davlat orasida 86-o‘rinni egalladi va eng tez yuqorilagan mamlakatlar top-10 taligiga kirdi. Transparency International xalqaro tashkilotining 2021 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston o‘z o‘rnini 6 pog‘ona yaxshilab, 180 ta davlat ichida 140-o‘rinni egalladi.

«O‘zbekiston uchun ustuvor reyting hisoblanmagan, BMT Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining 2021 yilgi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston keng polosali internet narxlari bo‘yicha BMTning 2 foizlik foydalanish ko‘rsatkichini bajargan holda 4 ta yangi ishtirokchi (mamlakat) qatoridan joy olgan.

Shuningdek, «Jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksi»ning 2021 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan reytingda O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilab, 150-o‘rinni egallagan.

Jahon banki tomonidan yuritiladigan Boshqaruv sifati indikatorlarining 2 tasida mamlakatimizning o‘rni yaxshilangan bo‘lsa, 2 tasida pasaygan. Ya’ni, O‘zbekiston «Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik» hamda «Huquq ustuvorligi» indikatorlarida mamlakatimiz o‘z pozitsiyasini yaxshilay olmagan», – deya Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Shuningdek, tadbirda xalqaro reyting va indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlariga (KPI) erishishdagi mavjud muammolar ham sanab o‘tildi. Xususan, «Meros» jamg‘armasining Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekistonning o‘rni pasaygan.

«O‘zbekiston 177 ta davlat orasida 117-o‘rinni egallab, 2021 yilga nisbatan 9 pog‘onaga pasaygan va mamlakatimiz iqtisodiyoti «asosan erkin bo‘lmagan mamlakatlar» guruhida qoldi.

Indeksning «Erkin savdo» ko‘rsatkichida O‘zbekistonning o‘rni rekord darajada yaxshilangandi: 2021 yildagi 163 ta o‘rindan 67-o‘ringa ko‘tarildi va Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, investitsiya, moliyaviy erkinlik va monetar erkinlik ko‘rsatkichlarida sezilarli o‘sish qayd etildi», – deydi Tanzila Norboyeva.

O‘zbekiston indeksning ayrim ko‘rsatkichlarida samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI)ga erisha olmagan.

«Eng yomon ko‘rsatkich Oliy sud mas’ul bo‘lgan «Sud faoliyati samaradorligi» yo‘nalishi bo‘ldi. Amaldagi 50,8 balldan 13,1 ballga (-37,7) pastlagan.

Moliya vazirligi mas’ul bo‘lgan «Soliq yuki» va «Fiskal salomatlik» ko‘rsatkichlarida ham ballarimiz pasayganligi hisobiga KPI'ga erishilmadi.

Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi mas’ul bo‘lgan «Biznes erkinligi» ko‘rsatkichida mamlakatimiz o‘rni 14,4 ballga pasayib, KPI'ga erishilmadi.

Bandlik vazirligi mas’ul bo‘lgan «Mehnat bozori erkinligi» indeksida ham KPI'ga erisha olmadik. Ko‘rib turganimizdek, KPI'ga erishish bo‘yicha ishlarimiz qoniqarli darajada emas», – dedi Norboyeva.

Mavzuga oid