Jahon | 08:59 / 07.05.2022
13074
3 daqiqa o‘qiladi

BMT xavfsizlik kengashi urush boshlanganidan beri Ukraina bo‘yicha birinchi bayonotni qabul qildi 

BMT xavfsizlik kengashi «Ukrainada tinchlik va xavfsizlikning ta’minlanishi bo‘yicha chuqur xavotir» bildirdi. Kengashning Ukrainadagi urush bo‘yicha rezolyutsiyani qabul qilishga bo‘lgan so‘nggi urinishi Rossiya vetosi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Foto: AA

BMT xavfsizlik kengashi 6 may, juma kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari boshlanganidan buyon ilk bor urush bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilishga muvaffaq bo‘ldi, deyiladi tashkilot saytidagi xabarda.

E’lon qilingan press-relizda «bosh kotibning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini kuchli qo‘llab-quvvatlash» haqida so‘z boradi. BMT xavfsizlik kengashi, shuningdek, «Ukrainada tinchlik va xavfsizlikni saqlash bo‘yicha chuqur tashvish bildirdi» va «BMT nizomiga muvofiq, barcha a’zo davlatlar o‘ziga xalqaro kelishmovchiliklarini tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatini olganini» eslatdi.

Bayonot matni Norvegiya va Meksika tomonidan tayyorlandi, xabarni yozish paytida uning to‘liq matni hali e’lon qilinmadi.

Tashkilot, shuningdek, «bosh kotibning Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirdi». Aprel oyida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashgan edi. Bu tashrif Guterrishning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgan Moskvaga safari ortidan amalga oshirildi. Guterrish Mariupoldagi «Azovstal» zavodi hududidan tinch aholini evakuatsiya qilishda BMT va Qizil Xoch tashkiloti vositachilik qilishi mumkinligi borasida taklif bilan chiqdi. May oyi boshida Guterrish «Azovstal»dan 500 ga yaqin odam evakuatsiya qilingani haqida xabar berdi.

Rezolyutsiyalarni qabul qilish uchun kengash 9 ta ovozga ega bo‘lishi va xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari - AQSh, Rossiya, Xitoy, Fransiya yoki Buyuk Britaniya tomonidan veto qo‘yilmasligi kerak, deya qayd etadi Reuters. Urush boshlangan kunning ertasiga xavfsizlik kengashi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilishga urindi, biroq Rossiya unga veto qo‘ydi. Xitoy, Hindiston va BAA esa o‘shanda betaraf qoldi.

Shundan so‘ng, boshqa bir organ - 193 a’zodan iborat, biroq hech biri veto huquqiga ega bo‘lmagan BMT bosh assambleyasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi «tajovuzkorligi»ni qoralovchi ikkita rezolyutsiyani qabul qildi, ularda harbiy harakatlarni to‘xtatish, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish va tinch aholiga yordam berish uchun to‘sqinliksiz kirishni ta’minlash talabi qo‘yilgan.

BMTga a’zo 193 davlatdan 141 tasi 2 mart kuni taqdim etilgan hujjatni yoqlab ovoz berdi. Besh davlat qarshi chiqdi: Rossiya, Belarus, Eritreya, Shimoliy Koreya va Suriya. Yana 35 davlat, jumladan Xitoy ham betaraf qoldi. 

Mavzuga oid