Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning Shimoliy Atlantika alyansiga kirishiga qarshi chiqqan NATOning birinchi a’zosi bo‘ldi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 13 may, juma kuni Istanbulda bu ikki davlatning qabul qilinishi haqida «ijobiy fikr»ga ega emasligini aytdi. Stokholm va Helsinki Turkiya vakillari bilan muzokaralar boshlanganini e’lon qildi. AQSh ham chetda qolmadi. Ayni paytda, Rossiya Finlandiyaga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatmoqda.
Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, u Gretsiyaning NATOga a’zo bo‘lgan paytdagidek «xatolar»ga yo‘l qo‘yilishini istamaydi. Turkiya va Gretsiya munosabatlari murakkab hisoblanadi va bu hatto Shimoliy Atlantika alyansiga qo‘shma a’zolikdan keyin ham o‘zgarmadi.
«Skandinaviya davlatlari terrorchilik tashkilotlari uchun mehmon uyiga o‘xshaydi», - deya Erdo‘g‘an o‘z pozitsiyasiga izoh berdi.
Turkiya uzoq vaqtdan beri Skandinaviya mamlakatlarini, xususan, ko‘plab turk muhojirlari yashaydigan Shvetsiyani ekstremistik kurd guruhlari, shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyadagi isyon tashkilotchisi deb e’lon qilgan, AQShda istiqomat qiluvchi turk yozuvchisi, islom ulamosi va voiz Fathulloh Gulen tarafdorlariga boshpana berganlikda ayblab keladi.
12 may kuni rasmiy Helsinki Finlandiya Rossiyaning Ukrainadagi agressiv urushi munosabati bilan «kechiktirmasdan» NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishi kerakligini e’lon qildi. Yakshanba kuni Shvetsiya ham xuddi shunday qaror qabul qilishi kutilmoqda.
O‘nlab yillar davomida Stokholm va Helsinki qat’iy betaraflik va hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik siyosatini olib borgani hisobga olinsa, bu Shvetsiya va Finlandiya mudofaa siyosati yo‘nalishidagi tub o‘zgarish bo‘ladi.
Yangi a’zolarning qabul qilinishi NATOga a’zo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak. Hozircha ittifoqchilarning aksariyati Shvetsiya va Finlandiyaning alyansga qo‘shilish istagini olqishlagan. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg har ikki davlat ham «quchoq ochib» kutib olinishini bir necha bor ta’kidladi.
AQSh prezidenti Jozef Bayden juma kuni Shvetsiya bosh vaziri Magdalena Andersson va Finlandiya prezidenti Sauli Niinistyo bilan suhbatlashdi. U «NATOning ochiq eshiklar siyosatini qo‘llab-quvvatlashini» ta’kidladi», — deyiladi Oq uy xabarida. Vashington hozir «Turkiya pozitsiyasini aniqlashtirish» ustida ishlamoqda.

















