Jahon | 22:29 / 06.07.2022
8060
4 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya parlamenti uydan turib ishlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi

Agar senat ham qonunni ma’qullaydigan bo‘lsa, Niderlandiya masofadan turib ishlashni qonuniylashtirgan ilk mamlakatga aylanadi. 

Foto: Getty Images

Niderlandiya parlamenti ko‘plab korxonalar xodimlariga uydan turib ishlash huquqini beruvchi qonunni ma’qulladi. Bu butun Yevropadagi mehnat qonunchiligida o‘ziga xos inqilob yasashi mumkin.

Agar senat ham qonunni ma’qullaydigan bo‘lsa, Niderlandiya masofadan turib ishlashni qonuniylashtirgan ilk mamlakatga aylanadi.

Yuristlarning fikricha, qo‘shni mamlakatlar ham Niderlandiya ortidan borishi mumkin, bu esa butun Yevropadagi mehnat qonunchiligi tubdan o‘zgarishini bildiradi.

Masofadan turib ishlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini parlamentga D-66 partiyasi vakili Stiven Van Veyenberg va yashillar partiyasidan Senna Maatug taqdim etgandi.

Unga ko‘ra, xodimlar ish beruvchiga uydan turib ishlash to‘g‘risidagi iltimos bilan murojaat qilishi mumkin, agar ularning faoliyati bunga imkon bersa, ish beruvchilar bu iltimosni ko‘rib chiqishga majbur.

Jahondagi ayrim kompaniyalar o‘z tashabbusi bilan xodimlarga ayrim kunlari uydan turib ishlashga imkon beruvchi gibrid ish jadvaliga o‘tgan. Masalan, o‘tgan yili yozda Shveytsariyadagi UBS bankining 73 ming nafar xodimi ana shunday imkoniyatga ega bo‘lgandi. Joriy haftada uning Londondagi ofisi xodimlar soni keskin kamaygani uchun ikkita qavatni ijaraga berishini e’lon qildi.  

Aprel oyida Fransiyaning eng yirik BNP Paribas banki 132 ming nafar xodimiga 2024 yilga qadar ishning teng yarmini uyda turib bajarishga ruxsat berdi.  

Iyun oyi boshlarida Ilon Mask Tesla kompaniyasi xodimlarini ofisga qaytish yoki ishdan bo‘shashga chaqirganida Germaniyadagi IG Metall kasaba uyushmalari ittifoqi uning talabiga bo‘ysunmaydigan har bir xodimni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.  

Germaniya hukumati ham uydan turib ishlash huquqini qonun bilan mustahkamlashni rejalashtirganini ma’lum qildi. Yanvar oyida mehnat vaziri Hubertus Hayl pandemiya ish beruvchilarni moslashuvchanlikka majbur qilgani va hukumat bundan "Germaniyada mobil ishlash uchun zamonaviy qoidalar"ni ishlab chiqish uchun foydalanmoqchiligini aytgandi. O‘shanda Hayl jamoatchilikni tez orada bu boradagi yangi me’yoriy-huquqiy baza paydo bo‘lishiga ishontirgandi. 

"Butun dunyodagi qonun chiqaruvchilar Niderlandiyadagi qonunni diqqat bilan kuzatishi va o‘z mamlakatlarida ana shunday normani joriy etish imkoniyati haqida o‘ylashlariga shubham yo‘q", - dedi Vinson and Elkins kompaniyasi yuristi Martin Laff Telegraph nashriga bergan intervyusida.

Masofadan turib ishlash – ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanatni yaxshilashning yagona yo‘li emas.  

Xususan, Britaniyada yarim yillik sinov doirasida 70ta kompaniya o‘z xodimlariga to‘liq ish haqi saqlab qolingan holda haftada to‘rt kun ishlash imkoniyatini taqdim etgan.   

Avvalroq bunday tajriba bir necha yil davomida Islandiyada o‘tkazilgan va muvaffaqiyatli deb tan olingandi.

Mavzuga oid