U Kun.uz'ga qanday qilib Yevropaga ishga borgani, u yerdagi muhit, mentalitet va ingliz tili bilan bog‘liq psixologik blokni yenggani haqida so‘zlab berdi.

Sherzod Mirzaahmedov – Toshkentda tug‘ilgan, 35 yoshda. Oliy ta’limda iqtisodiyot bo‘yicha o‘qiganman, lekin iqtisodiyotga aloqam yo‘q, deydi u.

Yevropaga yo‘l: avval siz portfolio uchun ishlaysiz, keyin portfolio sizga ishlaydi

Kareramni ikkiga bo‘lsam bo‘ladi. O‘zbekistonda frilanser sifatida ko‘proq rusiyzabon mijozlar bilan ishlaganman, hozir esa to‘liq inglizcha gapiradigan, yevropalik, amerikalik mijozlar bilan ishlayman.

O‘sha paytda portfoliolarni joylab boradigan platformalar bo‘lardi-yu, unchalik ko‘p emas edi. Faqatgina dizaynga ixtisoslashgan “Revision” degan platforma bo‘lar edi, hozir yopilib ketgan. Ishlarimni tashlab turardim, platforma orqali ham mijozlar chiqardi, ham izohlar qismida ishlaringizga feedback (izoh) berishardi. Aynan mijoz topadigan free-lance.ru sayti bor edi, qilgan ishlarimni joylab boraverganman.

Eng muhimi – faqat amalga oshirilgan loyihalar emas, balki o‘zingiz qandaydir loyihani o‘ylab, dizayn qilib, joylasangiz ham bo‘ladi. Chunki boshida buyurtmalar ko‘p bo‘lmaydi, o‘zingiz Facebook yoki Google saytini olasizmi, redizayn qilib tashlab qo‘ysangiz bo‘ladi. Boshida siz portfolio uchun ishlaysiz, keyin portfolio siz uchun ishlaydi. Portfolio ko‘payganidan keyin, odamlar izoh yozadi, “vaqtida sifatli qildi” kabi izohlar yozilganidan keyin, ko‘p mijozlar chiqadigan bo‘lgan. Bizda nimasi yaxshi, O‘zbekistondagi dizaynerlar ruslardagi kabi qimmat xizmat ko‘rsatmasdi, shu sababli buyurtmalar ko‘p edi.

Sherzod Mirzaahmedov

Rossiya va Ukraina 2013 yilda bir-biriga teskari bo‘lgach, Rossiyaga sanksiyalar kiritildi va rubl kursi tushib ketdi. Mijozlar rublda avvalgidek to‘layveramiz deb aytdi, ammo men uchun bu 2–2,5 barobar kamroq pulga aylandi va ko‘p mijozlarni yo‘qotdim. Shundan keyin Toshkentdagi kompaniyaga ishga kirib, parallel ravishda qilgan ishlarimni ingliz tiliga tarjima qilib, Dribbble va Behance'ga joylab bordim. Faqat matnni emas, yo‘nalishni ham Yevropa bozoriga moslashtirib, o‘zgartirib joylab bordim. Sekin-asta Yevropa bozoriga o‘tdim.

2007 yildan 2018 yillar oralig‘ida Toshkentda “Amayasoft”da ishladim, Keyin “Style Mix”da, undan so‘ng “Sapphire”ga o‘tdim. “DA Brander”kompaniyasida ham ishlaganman, 1 oycha Click'da ham ishlaganman. Bunga parallel ravishda frilanser bo‘lib ham ishlaganman.