BMT Suriyaga gumanitar yordam yetkazib berish mandatini uzaytirdi
Bir necha kunlik maslahatlashuvlardan so‘ng BMT Xavfsizlik kengashi 2023 yil yanvarigacha Turkiya bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punkti orqali Suriyaga gumanitar yordam yetkazilishini davom ettirishga ruxsat berdi.
Turkiya bilan chegaradagi Bab al-Hava nazorat punkti orqali Suriyaga gumanitar yordam yetkazib berish mexanizmi yana olti oy, 2023 yil yanvarigacha ishlaydi. Norvegiya va Irlandiya taklif qilgan tegishli rezolyutsiya BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan 12 iyul, seshanba kuni bir necha kun davom etgan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilindi.
BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 12 tasi, jumladan, Rossiya va Xitoy ushbu hujjatni yoqlab ovoz berdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya ovoz berishda betaraf qoldi. Hujjatda 2023 yil yanvaridan keyin mandat muddatini uzaytirish uchun alohida rezolyutsiya talab qilinishi belgilangan.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, Suriyaga insonparvarlik yordami yetkazib berish haqidagi qaror bu mamlakat aholisi uchun «hayot-mamot masalasidir».
Avvalroq, 8 iyul kuni BMT Xavfsizlik kengashi Suriyaga Bab al-Hava nazorat punkti orqali insonparvarlik yordami yetkazilishini uzaytirish bo‘yicha ikki xil rezolyutsiya loyihasini qabul qilmagan edi. Ulardan birinchisi, Irlandiya va Norvegiya tomonidan taklif qilingan, nazorat-o‘tkazish punkti ishini avvaliga 2023 yil 10 yanvargacha, keyin esa «agar boshqasini nazarda tutuvchi rezolyutsiya qabul qilinmasa», avtomatik ravishda yana olti oyga uzaytirishni nazarda tutgan.
Rossiya veto huquqidan foydalangan holda ushbu rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamadi va hujjatning o‘z versiyasini taklif qildi. Unga ko‘ra, nazorat-o‘tkazish punkti ishi BMT Xavfsizlik kengashining alohida rezolyutsiyasi asosida olti oyga uzaytirilgan. Bunday rezolyutsiya loyihasini faqat Xitoy qo‘llab-quvvatladi.
Shundan so‘ng, Rossiya Federatsiyasining BMTdagi vakili birinchi o‘rinbosari Dmitriy Polyanskiy Suriyaga gumanitar yordamni transchegaraviy tarzda yetkazib berish bo‘yicha Rossiya taklif qilgan matnga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday loyihada Moskva veto huquqidan foydalanishini aytdi.
2014 yil iyul oyida BMT Xavfsizlik kengashi Suriyaga gumanitar yuklarni Iordaniya, Iroq va Turkiya bilan chegarada joylashgan to‘rtta nazorat-o‘tkazish punkti: Bab as-Salom, Bob al-Hava, al-Yarubiya va al-Ramata orqali yetkazish mandatini beruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. O‘shandan beri ushbu ruxsatnoma bir necha bor uzaytirildi.
2020 yil 10 yanvarda qabul qilingan rezolyutsiyada Xavfsizlik kengashi tovarlarni to‘rtta nazorat-o‘tkazish punktlaridan faqat ikkitasi: Bab as-Salom va Bob al-Hava orqali o‘tkazish uchun mandat berdi. Oxirgi ikki yil rezolyutsiyalarida Xavfsizlik kengashi a’zolari faqat bitta Bab al-Hava nazorat punktini Turkiya bilan chegarada qoldirdi.
2022 yil iyun oyida BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida BMTning favqulodda yordam ko‘rsatish bo‘yicha koordinatori Martin Griffits 2021 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Suriyaga oziq-ovqat, dori-darmon va vaksinalar bilan chegaradan 800 ga yaqin yuk mashinasi jo‘natganini ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024
O‘tgan yuz yilda sunami 260 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi - BMT
14:10 / 05.11.2024