Iqtisodiyot | 15:49 / 16.07.2022
13772
7 daqiqa o‘qiladi

“Tashabbusli budjet” jarayonini amalga oshirish mexanizmlariga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi

Foto: KUN.UZ

Sun’iy ravishda ovozlar sonini ko‘paytirishning oldini olish maqsadida ovoz berish imkoniyati faqatgina SMS xizmati orqali amalga oshirilishi va portalda ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar tomonidan ovoz berilishida ham ularning telefon raqamlariga SMS-xabarnoma yuborilgan bo‘lishi shart. Shuningdek, loyihalarni saralash bosqichining davomiyligi 10 kundan 20 kunga uzaytirilmoqda. “Humans” aloqa operatori abonentlarining ovoz berish jarayonlarida ishtirok etishlari cheklanmoqda. Ishlarni sifatsiz yoki talab darajasida bajarmaslik holatlari yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri portalga murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.

“Tashabbusli budjet” jarayoni ikkinchi mavsumi boshlanishidan avval ushbu jarayonlarni tartibga solish va joylarda kuzatilgan ayrim kamchilik va anglashilmovchiliklarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022 yil 30 iyundagi KQ-377-sonli qaroriga muvofiq namunaviy nizomning tegishli bandlariga tuzatish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

“Bundan tashqari, ikkinchi mavsum boshlanishi oldidan “Ochiq budjet” axborot portalida ham bir qator texnik ishlar amalga oshirilib, loyihalarni ilgari surish hamda ovoz berish jarayonlari takomillashtirildi, jarayonning shaffof hamda haqqoniy o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida qo‘shimcha funksiyalar tatbiq etildi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Xususan, yangi mavsumdan boshlab quyidagi o‘zgarishlar amaliyotga tatbiq qilinadi.

1. Loyihalarni ilgari surishda endilikda fuqarolar o‘zlari yashab istiqomat qilib kelayotgan hudud (tuman yoki shahar)ga qo‘shimcha ravishda mahallani ham tanlashlari va loyihaning nomini kiritishda avvaldan shakllantirilgan ro‘yxat ichidan tegishli sohani tanlashlari lozim bo‘ladi. Ushbu kiritilgan o‘zgartirish avvalambor fuqarolarga qulaylik yaratish hamda loyihalarni ilgari surishda foydalanuvchilarga barcha amallarni (loyiha matnidan tashqari) «klik» orqali bajarish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, davlat organlarida murojaatlarni tahlil qilish, ijtimoiy so‘rovlar va jamoatchilik muhokamalarini o‘tkazishda hududlar jumladan, mahallalar kesimida dasturlar ishlab chiqilishiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Shu sababli ham, “Tashabbusli budjet” jarayonlarini endilikda, nafaqat tuman va shahar darajasida, balki mahallalar kesimida ijrosini ta’minlash, har bir mahallada mavjud muammolarning hal etilishiga erishish maqsadida jarayonlarda faol ishtirok etgan yoki umuman loyihalar ilgari surilmagan mahallalar ro‘yxatini shakllantirish tizimi joriy etilmoqda. Bu esa kelgusida “Tashabbusli budjet” jarayonlarida nofaol bo‘lgan mahalla institutlarini aniqlash va ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish imkoniyatini beradi.

2. Ovoz berish jarayonida fuqarolar tomonidan SMS xizmati orqali hamda portaldan ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarga shaxsiy kabinetlari orqali ovoz berish imkoniyati yaratilgan. O‘tgan davr mobaynida fuqarolar tomonidan turli xil telefon raqamlar bilan portaldan ro‘yxatdan o‘tgan holda “foydalanuvchilar” zaxirasini shakllantirib olish va keyinchalik ushbu akkauntlardan foydalanib loyihalarga ovoz bergan holda sun’iy ravishda ovozlar sonini ko‘paytirish holatlari kuzatilgan. Haqiqatda esa, ushbu akkauntlar uchun biriktirilgan telefon raqamlar tizimdan allaqachon o‘chib ketgan yoki boshqa shaxsning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi mumkin.

Shu kabi holatlarning oldini olish va jarayonning haqqoniy o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida ovoz berish imkoniyati faqatgina SMS xizmati orqali amalga oshirilishi va ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar tomonidan ovoz berilishida ham ularning telefon raqamlariga yuborilgan SMS-xabarnoma bilan amalga oshirilishi tatbiq etilmoqda. Bunda, barcha ovozlar “real-vaqt” ko‘rinishida amalga oshirilib, xaqiqatda amalda bo‘lgan (ishlab turgan) telefon raqamlar orqali ovoz berilishiga erishiladi.

3. O‘tgan davr mobaynida ayrim tuman va shaharlarda fuqarolar tomonidan ilgari surilgan loyihalarning xilmaxilligi va miqdori keskin ko‘paygani sababli ushbu loyihilarni belgilangan mezonlarga muvofiqligi yuzasidan saralab olishda turli muammolar yuzaga keldi. Jumladan, 400-500ga yaqin loyihani baholash va uni amalga oshirishning texnik imkoniyatlarini o‘rganish uchun 10 kun vaqt yetarli bo‘lmagan. Shu sababli ham, “Tashabbusli budjet” jarayonlarini o‘tkazish muddatlari qayta ko‘rib chiqilib, loyihalarni saralash bosqichining davomiyligi 20 kun etib belgilanmoqda. Natijada, ushbu jarayonlar uchta bosqichdan iborat – har bir bosqich 20 kunni tashkil etib, umumiy “Tashabbusli budjet” jarayonlari 60 kun davomida o‘tkazilishi belgilandi.

4. Hozirda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha mobil aloqa operatorlari abonentlarida “Tashabbusli budjet” jarayonlarida taklif qoldirish yoki ovoz berish imkoniyati mavjud. O‘tgan davr mobaynida “Humans” aloqa operatori abonentlari tomonidan “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berishda boshqa aloqa operator abonentlariga nisbatan ustunlikka ega bo‘lgani kuzatilgan. Ya’ni ushbu operator abonenti bir dona “simkarta” orqali o‘ziga tegishli bo‘lgan mobil telefon raqamni har kuni bepul ravishda 5 marotabagacha o‘zgartirish imkoniyatiga ega bo‘lib, o‘z-o‘zidan buning natijasida bir “simkarta” orqali bir nechta ovoz berish holatlari kuzatilgan. Shu sababli, “Tashabbusli budjet” jarayonining haqqoniy va shaffof o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, joriy yilning ikkinchi mavsumi doirasida “Humans” aloqa operatori abonentlarining ovoz berish jarayonlarida ishtirok etishlari cheklanmoqda.

5. “Tashabbusli budjet” bo‘limi orqali g‘olib deb topilgan loyihalarni amalga oshirish jarayoni bilan bevosita tanishib borish va kuzatilayotgan kamchilik yoki muammoli holatlar yuzasidan portal orqali xabar qoldirish imkoniyati yaratilmoqda. Natijada, fuqarolar ishlarning sifatsiz yoki talab darajasida ta’mirlanmaslik holatlari yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri portal orqali xabar berishlari mumkin. Bu esa, mablag‘lardan samarali foydalanish va turli xil qonunbuzilish holatlarining oldini olishda alohida mexanizm bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun, ikkinchi mavsum doirasida g‘olib deb topilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun 900 mlrd so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid