13:05 / 08.08.2022
3674

Bir yilda 18 nafar haydovchi 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan

Joriy yil 8 avgust kuni Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiyasi fraksiyasi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda “Ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Foto: Kun.uz

Hujjat yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Loyiha bilan haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’yektlari va imtihon markazlariga bo‘lgan talab hamda mezonlarni belgilash, ular bu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya IIV tomonidan berish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Avtomototransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ularni imtihonlardan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish, mazkur sohada yangi tizimni joriy etish maqsadida tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 95 ming nafar haydovchi 5 tadan ko‘p, 9 ming nafari 20 tagacha, 700 nafari 50 tagacha, 18 nafari 100 tagacha qoidabuzarlik sodir etgan. 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohatlangan.

Muhokamalar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlashdi.

Top