O‘zbekiston | 08:08 / 12.08.2022
10841
3 daqiqa o‘qiladi

Maktabdan tashqari ta’limni rivojlantirish dasturi e’lon qilindi

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

2022-2026 yillarda xalq ta’limida maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha dastur tasdiqlanadi.

Quyidagilar dastur asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • to‘garaklarga malakali mutaxassislarni jalb etish va to‘garak rahbarlari malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari va “Bolalar kutubxonalari” kutubxonachilari malakasini muntazam ravishda oshirish;
  • “Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlari va to‘garak rahbarlari ish haqini bosqichma-bosqich oshirish;
  • xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda mashg‘ulotlar jarayoniga jahon amaliyotida keng qo‘llaniladigan zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish, o‘quv reja va dasturlarni takomillashtirish;
  • zamonaviy to‘garaklar, xususan STEAM–ta’lim bo‘yicha to‘garak rahbarlari uchun o‘quv-metodik qo‘llanmalar va ko‘rgazmali vositalarni yaratish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari kutubxonalarini o‘quvchilar dunyoqarashini oshirishga, ijodiy fikrlashga o‘rgatadigan qo‘shimcha adabiyotlar bilan ta’minlash;
  • milliy va jahon adabiyotlarini qardosh tillarga tarjima qilish va markazlashgan holda nashr etish;
  • “Bolalar kutubxonalari” va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun jahon va milliy adabiyot durdonalariga kiruvchi asarlar audiokitob shakllarini yaratish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari va “Barkamol avlod” bolalar maktablarida zamonaviy to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
  • mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan xalqaro ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘lgan to‘garak a’zolarini rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
  • “Barkamol avlod” bolalar maktablari hamda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda zamonaviy to‘garaklarni zarur jihozlar bilan ta’minlash;
  • umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalariga “Elektron kutubxona” tizimini joriy qilish, kutubxonalarda Wi-Fi zonalarini tashkil etish.

Xalq ta’limi vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 sentabrga qadar xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda zamonaviy, xususan STeAM–ta’lim bo‘yicha to‘garaklar o‘quv-metodik ta’minotini yaratadi hamda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish ishlarini tashkil etadi.

Har yili umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, “Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari” tomonidan 5 ta muhim tashabbus, kitobxonlik va boshqa ijodiy ko‘rik-tanlovlar, festivallarini o‘tkazish bo‘yicha kalendar reja ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Mavzuga oid