“Tinchlantirish uchun aytilgan bo‘lishi mumkin” - To‘qayev nega maslahat uchrashuviga Xitoy va Rossiyani taklif qildi?
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuviga Rossiya yoki Xitoyni ham jalb etish taklifini bergan edi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda mazkur ikki tomonning maslahat uchrashuvlariga doimiy jalb etilishi haqida gap ketmayapti. Bu fikr Pekin va Moskvani xotirjam qilish uchun ham aytilgan bo‘lishi mumkin.
Kun.uz muxbiri so‘nggi vaqtlarda faollashayotgan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiyaga intilish jarayonlari, bu boradagi muammo va yechimlar, uning siyosiy oqibatlari mavzusida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.
— Albatta, Markaziy Osiyodagi kelishuv bu yerga ko‘z tikkan katta geosiyosiy o‘yinchilarga yoqmasligi tabiiy. Bu tomondan qanday xavf yoki chaqiriqlarni kutish mumkin?
— Bugungi kunda Rossiya possovet hududidagi agressor davlatga aylandi. U global geosiyosiy sharoitda yashab qolish uchun o‘zining qutbini shakllantirishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu Markaziy Osiyo davlatlari suvereniteti uchun jiddiy xavf. YeOII va KXShT kabi loyihalar ham mintaqani o‘z geostrategik nazoratida ushlab turishdir.
Masalan, Qozog‘istonga bo‘layotgan bosimlar kuchayib bormoqda. Lekin, o‘tgan davrda mintaqada Rossiyaning eng yaqin ittifoqchisi Qozog‘iston edi. Bugun ham ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar juda yuqori. Lekin bu sheriklik Rossiyaning bosimidan kafolatlamayapti ham, himoyalamayapti ham. Rossiyaning pirovard maqsadi – integratsiyaga rozi bo‘lmagan davlatlarga harbiy, siyosiy va iqtisodiy bosimlardan iborat gibrid bosim modellari ishlatilyapti.
Bulardan xulosa qilish mumkinki, yaqin yillarda eng muhim masala – mintaqa davlatlarining hududiy yaxlitligini saqlab qolish masalasi.
Xitoyning eng muhim manfaati – Markaziy Osiyo davlatlari Uyg‘uristondagi separatistik harakatlarni qo‘llab-quvvatlamasligidir. Bu borada Xitoyning pozitsiyasini yoqlashdir. ShHTni tuzishdan asosiy maqsad ham aslida shu bo‘lgan. Bugun boshqa masalalar ham qo‘shilib, katta loyihaga aylanib ketdi.
AQSh va Yevropa Ittifoqining mintaqadagi pozitsiyasi bir xil emas. Vashingtonning birinchi manfaati Markaziy Osiyo davlatlari geosiyosiy mustaqil bo‘lishi hamda Xitoy hamda Rossiyaning mintaqadagi ta’siri imkon qadar kamayishi hisoblanadi.
— Qozog‘iston prezidenti so‘nggi vaqtlarda Rossiyaga nisbatan bir necha marotaba keskin deb hisoblangan chiqishlar qildi, bunga ruslar javob ham qaytardi. Lekin uning Issiqko‘lda maslahat uchrashuvlariga Xitoy va Rossiya yetakchilarini ham chaqirishni taklif qilgani kutilmagan ish bo‘ldi. To‘qayev nima uchun bunday yo‘l tutdi, sizningcha?
— Men Qosim-Jo‘mart To‘qayevning nutqini to‘liq ko‘rib chiqdim. U mintaqadan tashqari bo‘lgan ba’zi bir masalalarni muhokama qilishda manfaatdor, ishtirokchi taraf Rossiya yoki Xitoy bo‘lsa, ularni mehmon sifatida chaqirishni taklif qildi. Faqat ular taalluqli bo‘lgan masalalar yuzasidangina. Doimiy ravishda a’zolik yoki kuzatuvchilikka chaqirmayapti.
Bundan tashqari, bu fikrlar Rossiya va Xitoyni tinchlantirish uchun ham aytilgan bo‘lishi mumkin. “Bizning bu maslahatlashuv uchrashuvlarimiz sizlarga qarshi qaratilmagan, balki ichki muammolarimizni hal qilish va barqarorlikni ta’minlash uchun”, deyilmoqda.
— Yana bir qancha fikrlar bor. Tahlilchilar Markaziy Osiyo davlatlaridagi turli iqtisodiy potensial hamda tashqi iqtisodiy faoliyatdagi vektorlarning har xilligi tufayli bu ittifoq YeOIIga raqobatbardosh bo‘la olmaydi, degan fikrlarni ham aytishmoqda. Bunga qanday qaraysiz?
— Hozir 5 ta davlat alohida iqtisodiy ittifoq tuzishi haqida gap-so‘z yo‘q, faqat geosiyosiy kelishuv ketyapti. Lekin davlatlarning iqtisodiy potensiali har xilligi to‘laqonli integratsiya jarayonlari boshlanganda ma’lum bir ziddiyatli muammolarni yaratishi mumkin. Resurslarning turli xilligi ham oshkora yoki yashirincha ishonchsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shuning uchun mintaqa davlatlari bir-birini iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab borishi kerak. Integratsiyaga yo‘l olyapmiz, bunday ziddiyat va muammolarni birgalikda yechishga mahkummiz, boshqacha yo‘limiz yo‘q.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido
Mavzuga oid
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:42 / 14.11.2024
Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar tufayli yalpi ichki mahsulotining 6 foizini yo‘qotishi xavfi bor
20:54 / 11.11.2024