Qirg‘izistondagi Maslahatlashuv uchrashuvida imzolangan kelishuv Markaziy Osiyo mintaqasida yangi geosiyosiy vaziyat shakllanganini urg‘ulovchi hujjatdir. Lekin mintaqada o‘z ta’sirini saqlab qolishni istayotgan xalqaro o‘yinchilarni ham unutmaslik lozim. Bundan tashqari, insonlar, g‘oyalar, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishiga yo‘l ochadigan haqiqiy integratsiyaga yetish uchun judayam ko‘p ish qilinishi kerak, deydi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Kun.uz muxbiri so‘nggi vaqtlarda faollashayotgan Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi integratsiyaga intilish jarayonlari, bu boradagi muammo va yechimlar, uning siyosiy oqibatlari mavzusida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan suhbatlashdi.

— Sizningcha, mintaqadagi bu faollashuvga nimalar turtki bo‘lmoqda: urush va uning oqibatlarimi yoki boshqa sabablar bormi?

— Hali mintaqada to‘laqonli integratsiya haqida gapirish imkonsiz. Lekin 2016 yildan keyin munosabatlar iliqlashdi. Rossiya–Ukraina urushi bu yerda eng katta sabab. Urush fonida rus siyosatchilari tomonidan ittifoqqa nisbatan ijobiy qarash yoki qo‘shnilari bilan munosabatlarning chigallashuvi kuzatilmoqda. Shu sababli Markaziy Osiyo mintaqasining geosiyosiy tafakkurida katta fundamental o‘zgarish bo‘lyapti. Unga qadar mintaqa davlatlari o‘rtasida ishonchsizlik va raqobat ruhiyati juda kuchli edi. Bugun hamkorlik qilishga mahkummiz va majburmiz degan fikr shakllandi.

Markaziy Osiyo davlatlarida yangi tafakkur shakllanishining birinchi sababi hokimiyatlar almashinuvi deyishimiz mumkin, xususan O‘zbekistondagi hokimiyat almashinuvi.

— Xabaringiz bor, 21 iyul kuni Issiqko‘lda navbatdagi Maslahatlashuv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Integratsiyani xohlayotgan yoki unga intilayotganlar uchun uchrashuv formati juda sodda emasmi? Masalan, uni muhimroq sammit yoki boshqacha shaklda o‘tkazish mumkinmidi?

— Bugungi kunda kun tartibida turgan masala – o‘zaro ishonch muhitini shakllantirish, deb o‘ylayman. Chunki integratsiya uchun avvalo uni anglash va integratsiyaga imkon beradigan siyosiy va geosiyosiy muhit kerak. Bugun tashqi tahdidlar shakllanib bo‘ldi.

Integratsiya uchun alohida tashkilot tuzilmayotgani vaqt masalasi bo‘lsa kerak. Ayni vaqtda tashqi dunyoda mintaqada integratsiya bo‘lishidan manfaatdor bo‘lmagan, uni o‘z otalig‘ida ushlashni xohlaydiganlar bor. Shuning uchun mintaqa davlatlari ehtiyotkorlikda, lekin izchillik bilan integratsiyaga yo‘l ochadigan qadamlar tashlayapti.