24 avgust kuni —  Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga yarim yil to‘lganida The Washington Post gazetasi Ukraina armiyasi rossiyaliklar urushning ilk haftalarida Kiyevni egallab olishiga qanday to‘sqinlik qilgani va oxir-oqibat ularni poytaxt atrofidan chekinishga majbur qilgani haqida katta matn e’lon qildi. Bu material 100 dan ortiq intervyu asosida tayyorlangan. «Meduza» uning asosiy va qiziq joylarini keltirdi.

Urushdan oldin ukrain harbiylari Kiyevda ikki qavatli mudofaa chizig‘i tashkil etgan

The Washington Post nashri yozishicha, bosqin arafasida ukrain harbiylari Kiyevni himoya qilish choralarini ko‘rgan. Ukraina quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, poytaxt mudofaasiga rahbarlik qilgan general-polkovnik Oleksandr Sirskiy Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinini tasavvur qilamaganini tan oladi, ammo u ehtimoliy ssenariylardan biri sifatida shunga tayyorlangan.

Sirskiy shaharning ikkita mudofaa chizig‘ini tashkil etgan — Kiyevni o‘qlar yomg‘irida qoldirmaslik uchun shahar ichkarisida va uning atrofidagi hududlarda. Urush boshlanishiga bir hafta borligida ukrain harbiylarining qo‘mondonlik punktlari rossiyalik bostirib kelishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlarga ko‘chirilgan, aviatsiya esa Rossiya zarbalari uchun yaqqol nishon bo‘ladigan yirik bazalardan olib ketilgan. Artilleriya ham shahar tashqarisidagi mudofaa pozitsiyasiga o‘tkazilgan, bu esa, Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, ularni urushning ilk soatlaridagi zarbalar paytida yakson bo‘lishdan asragan.

Shu bilan birga, The Washington Post maqolasida aytilishicha,  Kiyev himoyachilari tank tuzilmalari yetishmovchiligidan aziyat chekkan. Sirskiy buni o‘quv markazlaridagi artilleriya qurollari, jumladan sovetlar davriga mansub «Pion» rusumli o‘ziyurar zambaraklar hisobiga kompensatsiya qilishga uringan.

Shu kabi choralar Chernihiv oblastida ham ko‘rilgan, bu hudud orqali Rossiya Kiyevga shimoli-sharqdan yurish qilgandi. Bu yerda 1-alohida tank brigadasi qo‘mondoni polkovnik Leonid Xoda bosqindan oldinroq bazalardagi o‘q-dorilar, yonilg‘i va qurol-aslahalarni olib ketgandi, shuningdek, harbiy xizmatchilarni hududlar bo‘ylab taqsimlab chiqqandi.

The Washington Post nashri qayd etishicha, G‘arb mamlakatlari ukrainlarning urushga tayyorgarlik ko‘rishi jarayonidan yetarli darajada xabardor qilinmagan, bu esa, jurnalistlar fikricha, Ukraina tajovuzga qarshi tura olishiga ishonchsizlik kuzatilishiga olib kelgan. Shu bilan birga, ukrain rasmiylari bunday shubhalar tufayli G‘arb mamlakatlari urush boshida zarur qurollar yetkazib berishda sustkashlik qilishiga sabab bo‘lishini tushunishgan.