Jahon | 16:37 / 07.09.2022
29166
4 daqiqa o‘qiladi

Putin Rossiya urush natijasida “hech narsa yo‘qotmasligi”ni aytdi

Rossiya Ukrainadagi urush tufayli «hech narsani yo‘qotmadi» va «hech narsani yo‘qotmaydi», dedi Putin. Raqamlar esa buning teskarisini ko‘rsatyapti: minglab rus askarlari o‘lyapti, Rossiya xalqi kambag‘allashyapti, malakali mutaxassislar mamlakatni tark etyapti.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Ukrainadagi urush tufayli «hech narsani yo‘qotmadi» va «hech narsa yo‘qotmaydi», deydi Putin. Raqamlar aksincha holatni ko‘rsatyapti.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush natijasida Rossiya «hech narsani yo‘qotmadi» va «hech narsani yo‘qotmaydi» deya bildirdi. Bu haqda Rossiya davlati rahbari 7 sentabr, chorshanba kuni Vladivostokdagi Sharqiy iqtisodiy forum (ShIF) yalpi majlisida jurnalistlardan birining savoliga javob berar ekan aytib o‘tdi. «Asosiy yutuq - suverenitetimizni mustahkamlash», dedi Putin. Shu bilan birga, uning fikricha, «dunyoda ham, mamlakat ichida ham ma’lum bir qutblanish faqat foyda keltiradi».

Ayni paytda, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 6 sentabr kuni e’lon qilgan hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlangandan beri Rossiya kuchlari 50 mingdan ortiq harbiyni yo‘qotgan.

Pentagon 8 avgust kuni ma’lum qilishicha, urush boshlanganidan beri 70-80 ming rossiyalik harbiy halok bo‘lgan yoki yaralangan. Tegishli bahoni AQSh mudofaa vazirining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Kolin Kal bildirdi. Uning so‘zlaridan CNN iqtibos keltirgan. Iyul oyi o‘rtalarida Britaniya Mudofaa shtabi boshlig‘i Toni Radakin 50 ming o‘lgan yoki yaralangan rossiyalik harbiylar haqida gapirgan edi.

Rossiya so‘nggi marotaba 25 mart kuni yo‘qotishlar haqida rasmiy ma’lumotlarni e’lon qilgandi: 1351 kishi halok bo‘lgan, 3825 kishi yaralangan. 

5 sentabr kuni Bloomberg agentligi AQSh va Yevropa ittifoqining Kreml urush boshlashiga javoban joriy qilgan sanksiyalari fonida Rossiyadagi iqtisodiy vaziyatni sharhlar ekan, Rossiya iqtisodiyoti uchta ssenariydan ikkitasi amalga oshirilgan taqdirda urushdan oldingi darajalarga «faqat o‘n yillik oxirida yoki undan keyin» qaytishini ta’kidladi. Shu bilan birga, agentlik 30 avgust kuni Rossiya yuqori mansabdor shaxslarining yopiq uchrashuviga tayyorlangan ichki hisobotga tayangan. 

«Inersion» ssenariy iqtisod kelasi yil pastga tushishini va 2021 yilga nisbatan 8,3 foizga pasayishini nazarda tutadi. «Stress» ssenariysiga ko‘ra, YaIMning maksimal pasayishi 2024 yilda kutilmoqda - o‘tgan yil darajasidan 11,9 foizga past.

Barcha ssenariylar sanksiyalar bosimi ortib borayotganini inobatga oladi, ularga ko‘proq mamlakatlar qo‘shilishi mumkin. Hukumat hisobotida aytilishicha, Yevropaning Rossiya neft va gazidan keskin chekinishi Kremlning o‘z bozorini ta’minlash qobiliyatiga putur yetkazishi mumkin.

Bundan tashqari, hisobot mualliflariga ko‘ra, 2025 yilga borib 200 ming nafargacha IT-mutaxassis Rossiyani tark etishi mumkin, bu esa «aql oqimi» kuchayib borayotganidan dalolat beradi, deb yozadi Bloomberg. 

Rossiya Markaziy banki (MB) 12 avgust kuni «geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tufayli 2022 yilda yangi o‘rnatilgan aloqalar bir qismi uzilishi mumkin»ligini ta’kidladi. Shu bilan birga, oqibat oraliq va investitsiya importi uchun ayniqsa kuchli bo‘lishi, bundan tashqari, texnik va sarmoyaviy hamkorlik dasturlari murakkablashishi ta’kidlandi. «Rossiya iqtisodiyotining darajasi ham, potensial o‘sish sur’atlari ham pasayadi», deb ta’kidladi moliya instituti ekspertlari. 

Jahon iqtisodiy inqirozi va geosiyosiy vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda, Rossiya iqtisodiyoti 2025 yildan keyingina bir foizlik o‘sishga qaytishi mumkin, deb ta’kidladi Rossiya Markaziy banki. 

Mavzuga oid