Yetishtirilgan hosilni tez terib olish va yuqori navga topshirish fermer uchun muhim. Chunki daromadi shundan. Ilg‘or terimchilar esa avvalo paxta yaxshi ochilgan maydonga borishadi. Sababi ma’lum, qancha ko‘p tersa, shuncha ko‘p pul topadi. Shu tufayli paxta terimi mavsumida fermerlar o‘rtasida raqobat paydo bo‘ldi. Hatto ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish evaziga terimchilarni jalb qilishga qaratilgan e’lonlar joylashtirilyapti. Bu yaxshi, albatta: mehnat qadrlanmoqda.
Paxta terim mavsumi – qishloq ayoli uchun yilda bir keladigan imkoniyat. Yaxshi terimchi mo‘maygina daromad qilib olishi mumkin. O‘rtacha hisoblab ko‘rilsa, kuniga 100 kg terilgan paxta uchun 150 ming so‘m haq to‘lanadi. Agar oilada bir nechta terimchi bo‘lsa, daromad miqdori ham shunga qarab oshib boradi. Ayni kunlarda paxta dalalarida ish qizg‘in. Ilg‘or terimchilar hatto 200 kilogrammgacha paxta termoqda.


Navoiy viloyati respublikadagi eng kam paxta yetishtiriladigan hududlardan biri. Viloyatning asosan 5 ta hududi – Xatirchi, Navbahor, Qiziltepa, Karmana va Konimex tumanlarida paxta ekiladi.
Karmana tumanidagi “Anvar Axtamov” fermer xo‘jaligi joriy yilda 46 gektar ekin maydoniga chigit qadagan. Birinchi terimdayoq gektariga 43 sentnerdan paxta topshirilmoqda. Ayni kunda xo‘jalik paxta dalasida 200 nafarga yaqin terimchi paxta teryapti. Ularning barchasi mahalliy aholi.
Kun.uz muxbiri paxta dalasida bo‘lib, ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Terimchi Saodat Turdiyevaning ta’kidlashicha, paxta puli terimchilarning xohishiga qarab kunlik yoki besh kunda bir berilmoqda:
“O‘zim Navoiy shahridagi 6-sonli yotoqxonada smena asosida ishlayman. Bo‘sh kunlarim oilaviy daromadimizga qo‘shimcha qilish uchun paxta terimiga chiqaman. Agar paxta yaxshi bo‘lsa, kuniga 200 kg teraman. 20-30 kunda bu tonnalarga aylanadi. Har 5 kunda pulimizni olib turibmiz. Fermerlar hamma sharoitlarni qilib qo‘ygan: issiq ovqat, choy, ichimlik suvi. Topgan pulimizni farzandlarimizni o‘qitishga, yangi qurayotgan hovlimizga ishlatamiz”.


















