Tarix, til, ildiz

Markaziy Osiyoning to‘rt davlati — Turkmaniston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston qardosh turkiy davlatlar hisoblanadi. Tojikiston esa forsiy. Bu xalqlarning ildizi tabiiyki bir. Buyuk Turk xoqonligidan boshlangan mintaqa turkiylari tarixi deyarli XV-XVI asrgacha bo‘linmagan edi. XVI asrdan o‘zbek va qozoq xalqlari millat sifatida shakllana boshladi. Turkmanlarda esa bu jarayon biroz oldinroq yuz berishni boshlagandi.

Shunday bo‘lsa-da, mintaqa xalqlari Rossiya bosqiniga qadar to‘liq milliy birliklarga ajralmagandi. Hudud aholisi urug‘lariga ko‘ra farqlangan. Uch qozoq juzi aholisi o‘zlarini qozoqlar, uch o‘zbek xonligi aholisi esa o‘zlarini o‘zbeklar deb bilgan. Ammo xonliklar tarkibidagi ba’zi urug‘lar bir paytning o‘zida ham o‘zbek, ham qozoq (jaloyir, qipchoq, nayman) yoki ham o‘zbek, ham turkman (bayot, qiniq) urug‘i bo‘lgan. Ularni umumlashtiruvchi jihat turkiylik va musulmonlik edi. Markaziy Osiyo jadidlari ham milliy respublikalar emas, umumiy Turkiston davlati tuzish haqida o‘ylagan.

1920 yildan keyin boshlangan mintaqa aholisini millatlarga ajratish siyosati urug‘lar va odamlarning o‘troq yoki ko‘chmanchiligiga qarab olib borildi. O‘troq, shaharda yashovchi urug‘lar o‘zbek va tojik, ko‘chmanchi, dashtda yashovchi qabilalar esa qozoq va qirg‘iz deb qabul qilindi. O‘zbeklar ko‘chmanchi, qirg‘izlar o‘troq bo‘lishi mumkin emas deb aytildi. Natijada yangi milliy davlatlar chegaralari etnik-milliy chegaralardan boshqacharoq bo‘ldi.

Sovetlar hatto sart nomli millat shakllantirish haqida ham taklif beradi, lekin fidoyi jadidlarning harakatlari evaziga bu ish amalga oshmaydi. Shuning o‘ziyoq Markaziy Osiyoda milliy chegaralash qanchalik yuzaki olib borilganini ko‘rsatadi.

Yangi chegaralar sabab mintaqa yetakchilari orasida keskinlik paydo bo‘ldi. Bir millat o‘ziniki deb da’vo qiluvchi hudud boshqasiga berildi va shu orqali ular bir-biriga dushman qilib qo‘yildi. Ushbu siyosat o‘z mevasini SSSR tarqalgandan keyin berishni boshladi.

Siyosiy chegaralar xalqlar uzoqlashuviga ham olib keldi. Ismoil G‘aspirali tashabbusi bilan tashkil etilgan butunturkiy alifbo amalga kiritilmadi, buning o‘rniga respublikalarda kirill alifbosi joriy qilindi.

Adabiy til shakllantirishda ham jadidlar taklif etgan umumiy qoidalar qabul qilinmadi va rus tilidan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirish orqali til qoidalari shakllantirildi. Masalan, o‘zbek tilidan cingarmonizm (unlilar moslashuvi) hodisasi olib tashlandi (biroq shevalarda saqlanib qolgan). SSSR oliy hokimiyati mintaqa davlatlarini bir-biridan uzoqlashtiruvchi siyosatni davom ettirdi.