Pashinyan KXShT yakuniy deklaratsiyasini imzolashdan bosh tortdi
Armaniston bosh vaziri KXShT deklaratsiyasini imzolamadi, chunki ittifoqchilar Ozarboyjonning «tajovuzkorligi»ga «aniq siyosiy baho» bermadi. Peskovning aytishicha, Pashinyan KXShTning bu boradagi ishini «fiasko» deb talqin qilmoqda.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti yakunlari bo‘yicha deklaratsiya, shuningdek, Armanistonga yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bosh tortdi. Ularning loyihalari «yetarlicha yakunlangani yo‘q va bu shaklda men ushbu hujjatlarni imzolashga tayyor emasman», dedi Pashinyan 23 noyabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda.
U rad etishini KXShT tomonidan Ozarboyjonning Armaniston hududiy yaxlitligiga qarshi «tajovuz»iga «aniq siyosiy baho» berilmagani bilan izohladi. «Biz bugungi kungacha Ozarboyjonning Armanistonga bo‘lgan tajovuziga KXShTning munosabati bo‘yicha bir qarorga kela olmayotganimiz achinarli. Bu bizning mamlakatimiz ichida ham, uning tashqarisida ham KXShT obro‘siga katta putur yetkazmoqda», - deydi Armaniston hukumati rahbari. U ittifoqchilarni «Ozarboyjon qo‘shinlarining Armaniston suveren hududidan zudlik bilan va so‘zsiz olib chiqib ketilishiga» diplomatik yordam ko‘rsatishga chaqirdi.
Keyinroq Rossiya Federatsiyasi prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Armaniston bosh vaziri Yerevan va Boku o‘rtasidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha KXShT faoliyatini «fiasko» deb talqin qilishga moyil ekanligini aytdi. «Bu Armaniston tomonining nuqtayi nazari, Armaniston tomoni vaziyatga shunday qarashga haqli», — deya qo‘shimcha qildi Peskov.
KXShTga a’zo Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida Tog‘li Qorabog‘dagi keskinlik bir necha bor qurolli to‘qnashuvlar bosqichiga yetib keldi.
2022 yil sentabr o‘rtalarida Yerevan Ozarboyjon qurolli kuchlari Armaniston hududiga o‘t ochganini ma’lum qildi. Nikol Pashinyan ikki tomonlama kelishuv doirasida KXShTga va bevosita Rossiyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida Armaniston-Ozarboyjon chegarasida vaziyat keskinlashgani sababli Armanistonga missiya yuborishga qaror qilindi. Yerevanda ko‘pchilik bunday reaksiyadan norozi bo‘lib, buni yetarli emas deb hisobladi.
1992 yildan beri possovet davlatlari o‘zaro qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish va bir-birini tashqi dushmanlardan himoya qilish maqsadida Kollektiv xavfsizlik shartnomasini imzolagan. Bu vaqt ichida bir qancha davlatlar – Ozarboyjon, Gruziya va O‘zbekiston kelishuvdan chiqib ketdi. Hozirda KXShTga Armaniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus kiradi. Bitim ishtirokchilari KXShT faoliyati samaradorligiga bir necha bor shubha bildirishgan.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyasini eng katta muammo va fojia deb atadi
15:50 / 04.11.2024
KXShT bosh kotibi: Dunyoda kuchayib borayotgan chaqiriq va tahdidlarga davlatlar yakka o‘zi tura olmaydi
15:00 / 19.10.2024
Tojikistonda KXShT mashg‘ulotlarining faol bosqichi bo‘lib o‘tmoqda
21:12 / 17.10.2024