Kun.uz oldinroq Yaponiyaga ishchi yuborish sohasida korrupsion tizim tashkillashtirmoqchi bo‘lishayotgani, 2020 yilda O‘zbekistondan Yaponiyaga ishga ketish, jo‘natilish mexanizmi qanday tashkillashtirilgani haqida maqola e’lon qilgandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mazkur maqolaga rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, respublikada har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yangi ishchi kuchi kirib keladi. Mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish maqsadida dunyoning rivojlangan davlatlari vakolatli tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan doimiy muzokaralar o‘tkazilib, samarali loyihalar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, 2021 yil 1 may kuni vazirlik, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” hamda “Yapon tili va kasbiy malaka test markazi” nodavlat tijorat tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan:

Mazkur memorandumga asosan vazirlik tizimidagi “Ishga marhamat” monomarkazlari binolarida yapon tili va kasbiy malaka yo‘nalishlari bo‘yicha darslar tashkil etish uchun ta’sischisi va rahbari Dilafruz Ikromova hisoblangan “Nippon Educational Academy” va akademiya ta’sischiligida tashkil etilgan “Yapon tili va kasbiy malaka test markazi”ga auditoriya va o‘quv jihozlari bepul ajratilgan. Bugungi kunda akademiyaning barcha monomarkazlardagi o‘quv xonalari o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Akademiya tomonidan bir yilda o‘rtacha 2500 nafar fuqaroni o‘qitish imkoniyati mavjud. Bu borada fuqarolar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida joriy yilning dekabr oyidan vazirlik tizimidagi kasb-hunar o‘quv markazlarida parallel ravishda vazirlik tomonidan ishlab chiqilgan dasturga asosan yapon tili va kasblarga o‘qitish kurslari tashkil etildi va OAVda mazkur o‘quv kurslari hamda Yaponiyaga ishlash uchun ketish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar berib borilmoqda. Bugungi kunda ushbu o‘quv kurslariga 382 nafar fuqaro jalb etilgan.

Shu o‘rinda ba’zi raqamlar tahlilini keltirsak: Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi xisobidan akademiyaga joriy yil 1 dekabr holatiga 1 mlrd 265 mln 228 ming so‘m mablag‘ to‘lab berilgan. Akademiya tomonidan yo‘llanma asosida jami 1053 nafar (2021 yilda 302 nafar va 2022 yil 9 oyi davomida 751 nafar) fuqaro yapon tili hamda qishloq xo‘jaligi ishchisi va qariyalarni parvarishlovchi kasblariga o‘qitishga jalb qilingan. Shulardan 255 (2021 yilda 185 nafar va 2022 yilning 9 oyi davomida 70 nafar) nomzod yapon tili va kasbiy malaka kurslarini tamomlab, ularga Yaponiyaning “Nippon Academy” ta’lim tashkiloti sertifikati topshirilgan.